"Superligada qolish imkoniyatimiz saqlanib turibdi, yigitlarga ortiqcha e’tiroz yo‘q" - Jamshid Saidov

  • 10 sentabr, 2023, 10:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Ayni paytda Superliga ishtirokchilari chempionatning navbatdagi turiga tayyorgarlik ko‘rishyapti. Jumladan, Navoiyning “Qizilqum” klubi ham mashg‘ulotlarini davom ettiryapti.

Tecno

Bu klubga to‘xtalayotganimiz bejiz emas. Boisi, turnir jadvalida ushbu jamoa 18 o‘yindan so‘ng 11 ochko bilan oxirgi o‘rinni band etib turibdi. Shuning uchun har bir uchrashuv “Qizilqum” uchun finalga teng. Yutqazishga aslo haqqilari yo‘q. Durang ham ularni qoniqtirmaydi. Ligada qolish uchun faqat va faqat g‘alabalar zarur.

Xo‘sh, navoiyliklar chempionatimizdagi tanaffusdan qanday foydalanishyapti? Bu borada bosh murabbiy Jamshid Saidov shunday dedi:

“Xudoga shukr, tayyorgarligimiz yaxshi ketyapti. Mashg‘ulotlarimizni 9 sentyabrdan Toshkentda davom ettiryapmiz. Bu erda ikkita o‘rtoqlik uchrashuvimiz bor. Barcha tayyorgarligimiz “Surxon” bilan o‘yinga qaratilgan. Hammasi joyida. Biz qiyin vaziyatdamiz va bundan chiqishimiz kerak. Shuning uchun harakat qilyapmiz. Barchasi oldinda, bor kuchimizni sarflaymiz”.

saidov6_1

Ta’kidlaganimizdek, jamoa musobaqa jadvalida so‘nggi pog‘onada. Bu albatta “Qizilqum” a’zolariga yoqmasligi shubhasiz. Saidovdan bu holat futbolchilarga qanchalik ta’sir ko‘rsatayotgani xususida so‘radik.

“Ha, turnir jadvalidagi holat tufayli bizda biroz ruhiy bosim bor. Ammo jamoamizda hali Superligada qolish imkoniyati saqlanib turibdi. Buni futbolchilarimiz ham yaxshi tushunib turishibdi. Har qanday vaziyatda ham bor kuchimizni beramiz, harakat qilamiz. Jamoada ichki muhit yaxshi”.

Yana bir gap: Superliga klublari orasida eng oz gol urgan jamoa “Qizilqum” bo‘lib turibdi. 18 ta o‘yinda raqiblar darvozasiga bor-yo‘g‘i 9 ta gol urishdi, xolos. Jamoaning oxirgi o‘rindaligiga ham kam gol urayotgani asosiy sabablardan biri.

“E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, oxirgi uchrashuvlarimizda asosan penaltidan gol uryapmiz. Qaerdadir omad ham etishmayapti. Rosti, o‘yinchilarimizga katta e’tiroz yo‘q. Ular mehnat qilishyapti. Taktik va jismoniy tarafdan yaxshi, yomon emas. Nimadir bo‘lib o‘yindan gol ura olmayapmiz-da! Holbuki, imkoniyatlarga ega bo‘lyapmiz. O‘zingiz kuzatib turibsiz, omad etishmayapti. Mashg‘ulotlarda imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha ishlayapmiz”, - deydi Jamshid Saidov.

saidov3_3

Ikkinchi davrada tarkib kuchaytirildi, legionerlar olib kelindi. Endi jamoa o‘yinida o‘zgarish ko‘zga tashlanyapti. Jamoa “Surxon”ga qarshi bor kuchini sarflashi tabiiy.

“Legionerlar adabtatsiyadan o‘tishdi. Ular harakat qilishyapti, bu futbolchilarga nisbatan ham ortiqcha e’tirozlarimiz yo‘q. Oldimizda “Surxon”ga qarshi uchrashuv bor. Bor e’tiborimiz shu o‘yinga qaratilgan. Boya aytganimdek, jamoa oxirgi o‘rindaligi sababli biroz ruhiy bosim bor. Umid qilamanki, biz chiroyli o‘yin ko‘rsatib, yaxshi natija qayd etishga harakat qilamiz”, - deya fikr bildirdi, bosh murabbiy.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Дувлан
21/09/2023 15:59
Жамшид суперлигада қолишилага мангина ёрдам беришим мумкин.алоқага чиқийла.