
Superliga ishtiyoqida "yonayotgan" "rejissyor"lar yoxud pro ligadagi murabbiylar haqida nimalarni bilamiz?
Pro liganing joriy yilgi mavsumi ham kutilganidek qaynoq muhitda, shiddatli bahslar bilan boshlandi. Bunda bosh murabbiylarning ham roli katta bo‘lishi shubhasiz. Bugungi maqola orqali u erda ishlab, Superligani ko‘zlayotgan “rejissyorlar” (bosh murabbiy) haqida so‘z yuritamiz.
Viktor Kumikov – “Andijon” bosh murabbiyi
Pro ligada ishlayotgan bosh murabbiylar orasida kam sonli xorijlik mutaxassis. Bilasiz, o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmidan rossiyalik ushbu murabbiy “Andijon”ga qaytib, ish boshladi. Biroq uning jamoasi omadsizlik tufayli Superligani tark etdi. Shunday bo‘lsa ham jamoa rahbariyati Kumikovga ishonch bildirishni lozim topdi. Murabbiyning o‘zi ham jamoani bunday holatda tashlab keta olmasligini va “Andijon”ni kuchlilar orasiga qaytarishga va’da berdi. Shu bois hamkorlik yana davom ettirilmoqda. Lekin ko‘rib turibmizki, pro liga ham oddiy liga emas. Bu erda ham saviya o‘syapti. Demak, dastlabki to‘rtta o‘yindan xulosa qiladigan bo‘lsak, Viktor Balyutovich va uning jamoasi jiddiy kurashishiga to‘g‘ri keladi.
Dilyaver Vaniev – “Mash’al” bosh murabbiyi
“Andijon” kabi “Mash’al” ham o‘tgan mavsumda Superligada omadsiz ishtirok etib Superligani tark etdi. Vaholanki, muborakliklarda ligada qolish uchun yaxshi imkoniyat bor edi. Pley-offda “Olimpik”ka yutqazib qo‘ygan holda muxlislarining xafsalasini pir qildi. Shundan keyin rahbariyat bosh murabbiy Aleksandr Xomyakovni iste’foga chiqardi. O‘rniga Dilyaver Vaniev tayinlandi. Ko‘p yillardan beri “Mash’al”da ishlab kelayotgan Vaniev bu lavozimga birinchi bor tayinlanishi emas. Ilgari ham ishlagan va buning mas’uliyatini yaxshi biladi. Hozirda “Mash’al”ning pro ligadagi natijalari chakki emas.
Hakim Fuzaylov – “Buxoro” bosh murabbiyi
Tojikistonlik murabbiyni yaxshi bilasiz. O‘tgan yili ham pro ligada ishladi. Faqat Samarqandning “Dinamo”siga ustozlik qilib, bu jamoani Superligaga olib chiqdi. Lekin elitada Hakim Qayumovichga ishlash nasib qilmadi. “Dinamo” boshqa murabbiyni olib keldi. Bu yoqda “Buxoro” Fuzaylov bilan Superligaga chiqmoqchi bo‘ldi va murabbiyni ishga taklif qildi. Xo‘sh, bu safar tojikistonlik mutaxassis boshqaruvidagi klubni Superligaga olib chiqa olarmikin?
Anvar Berdiev – “Turon” bosh murabbiyi
O‘tgan yili Superligada debyut mavsumini o‘tkazgan “Turon” yana ortga qaytganini yaxshi bilasiz. Yosh jamoa bo‘lsa-da, katta ishlarni amalga oshiryapti. Klub rahbariyati muvaffaqiyatsizlikka qaramasdan tushkunlikka tushib qolmadi. Bu yil yana Superligaga qaytish vazifasini qo‘ydi. Endi bu ishni Anvar Berdiev boshchiligida amalga oshirishmoqchi. O‘tgan yili “Istiqlol”, “Buxoro” kabi jamoalarda ishlagan murabbiy bu gal mustaqil ravishda jiddiy ishga kirishdi.
Ruslan Ahmedov – “Xorazm” bosh murabbiyi
Oxirgi marta elitada 2010 yili ishtirok etgan “Xorazm” shundan buyon kuchlilar orasida ko‘rinish bermay qo‘ydi. Pro ligada bu klubning o‘z o‘rni bor. “Xorazm” klubi direktori Maqsud Karimov jamoa uchun jiddiy qayg‘urayotgan insonlardan biri. Eshitishimizcha, u hatto cho‘ntagidan klubning ravnaqi uchun pul sarflayapti. Ammo “Xorazm”ni qachon Superligada ko‘ramiz? Bunisi hozircha mavhum. Jamoa shunga yarasha shakllanishi kerak. Bu yil bosh murabbiylikka Ruslan Ahmedov taklif qilindi. Oldingi mavsumda “Xorazm”ni Aleksandr Ejov boshqargandi. Ahmedov ilgari “So‘g‘diyona” murabbiylar shtabida ishlaganini yaxshi eslaymiz. Dastlabki taassurotlarimiz shundayki, “Xorazm” ayniqsa favoritlarga jiddiy muammo tug‘diradi.
Bahodir Shoymardonov – “G‘ijduvon” bosh murabbiyi
Pro ligada Buxoro viloyatidan ikkita klub qatnashyapti. Bosh jamoadan tashqari “G‘ijduvon” ham bor. Ushbu klubni Bahodir Shoymardonov boshqaryapti. U Qashqadaryoning G‘uzoridan. Ilgari “Mash’al” klubi akademiyasida faoliyat olib borgan. Bu yil “G‘ijduvon”ga ustozlik qilyapti. Garchi jamoasi yutqazayotgan bo‘lsa-da, o‘yini yomon taassurot qoldirmayapti.
Bekzod Qodirqulov – “Yangier” bosh murabbiyi
Bu yil “Yangier” ham tarkibini ancha-muncha kuchaytirib oldi. Ayniqsa, Superligada to‘p surgan va uning havosini olgan bir qator futbolchilar “Yangier” jamoasi bilan shartnoma imzoladilar. Jamoa esa bosh murabbiy Bekzod Qodirqulovga ishonib topshirilgan. Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Azamat Abduraimov ham “Yangier”ga bosh murabbiylik qilgandi. Ammo uning jamoadagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmagan. Keyinchalik rahbariyat Qodirqulov nomzodini ma’qul ko‘rdi.
Timur Turdiev – “Aral Samali” bosh murabbiyi
Nukusning “Aral Samali” klubi ham pro liga ishtirokchilari orasidan joy olgan. Ushbu jamoaga Timur Turdiev ustozlik qilyapti. Muxlislar uni yaxshi eslashsa kerak. Futbolchilik faoliyati davomida Superliganing qator klublari sharafini himoya qilgan. Hozir murabbiy sifatida ishga kirishgan va pro litsenziyasini qo‘lga kiritish arafasida. U “Aral Samali”ni qay darajada boshqara oladi? Albatta, bu oson bo‘lmagan ish. Barchasini vaqt ko‘rsatadi.
Asror Aliqulov – “Sho‘rtan” bosh murabbiyi
Anchadan beri “Sho‘rtan”ga sodiqligini ko‘rsatib kelayotgan Aliqulov bu yil ham jamoa bilan birga qoldi. Klub juda ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rdi, pulsiz qoldi. Shunday paytlarda ham Asror Chorievich vatanparvarlik hislatini ko‘rsatdi. Yaxshi takliflar bo‘lganida ham “Sho‘rtan”ni tashlab ketmadi. U o‘z uslubiga mos tarzda jamoa qurdi. Qimmat o‘yinchilari yo‘q. Asosan yoshlar va pro ligada to‘p surib kelayotgan futbolchilardan iborat klubni tashkil qildi. Albatta, kun kelib Aliqulov qilayotgan mehnatlarining samarasini ko‘radi.
Asqar Umarov – “Zomin” bosh murabbiyi
Jizzaxning “Zomin” jamoasi ham anchadan beri pro liga vakili hisoblanadi. Asqar Umarov esa adashmasak, bir necha yildan buyon klub tizimida ishlab kelyapti. Joriy mavsumda “Zomin” rahbariyati bosh murabbiy lavozimini unga ishonib topshirishgan. Mahalliy murabbiy hozircha yomon taassurot qoldirmayapti. Har xolda “Andijon”, “Buxoro” kabi etakchilardan ochko tortib oldi. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar