Superliga birinchi davra: “Paxtakor” – “Navbahor” uchrashuvidagi mojaro, markazlashgan chempionat, “Lokomotiv”dagi pasayish va boshqalar

  • 10 sentabr, 2020, 23:01
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston chempionatida birinchi davra yakunlandi. Ikkinchi davrani “Paxtakor” ishtirokidagi uchrashuvlar boshladi. “Sherlar” Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish uchun 10 sentyabr kuni Qatarga yo‘l oldi. Shu bois Shota Arveladze shogirdlari ayrim bahslarni ertaroq o‘tkazdi. Qolganlar uchun esa ikkinchi davra 10 sentyabrdan boshlandi.

Tecno

Xo‘sh, ortda qolgan 13 ta tur uchrashuvlari bizga nimalarni taqdim etdi, qaysi o‘yinlar, voqealar yodimizda qoldi? Hozir shular haqida.

Superliga pandemiya sabab katta to‘xtalishlar evaziga o‘tkazilib kelinmoqda. Shuning uchun avvalgi mavsumlardagi kabi chuqur tahlil qilish yoki mulohaza bildirish biroz qiyinroq.

Superliganing ilk o‘yini mojaro bilan boshlandi. “Paxtakor” – “Navbahor” bellashuvida hakamlik mavzusi trendga aylandi. Uchrashuv va uning atrofidagi bahs­munozaralar ancha vaqtgacha tinmadi.

5751582805730

Turnir ikki marta restart oldi. Koronavirusning dastlabki xavfi sabab mart oyida chempionat to‘xtatilgandi, keyinroq esa iyulda yana majburiy tanaffusga chiqildi. Ilk marotaba mamlakat chempionati uchrashuvlarining bir qismi markazlashgan holda poytaxt va Toshkent viloyati stadionlarida neytral maydonlarda o‘tkazildi.

Mirjalol Qosimov, nihoyat, o‘zi istagan jamoani qurmoqda. O‘tgan yili mag‘lubiyatlar va omadsiz o‘yinlar tufayli bosim ostida qolgan murabbiy bu mavsum rekordlar o‘rnatmoqda. Olmaliqliklar o‘z tarixlarida ilk bor bir davra o‘yinlarini mag‘lubiyatsiz o‘tkazishdi. Shuningdek, AGMKning mag‘lubiyatsiz seriyasi 13 o‘yinga etdi va bu borada mutlaq rekord qo‘yildi. Xatto “Paxtakor” ham imkoniyatni boy bergan bir pallada Qosimov jamoasi ikkinchi davragacha chempionatda engilmas jamoa bo‘lib turadi.

“Paxtakor” chempionatning 4­turida “So‘g‘diyona”dan engildi. Jizzaxdagi bellashuv taqdirini birgina gol hal qilgandi. E’tiborlisi, Ulug‘bek Baqoev shogirdlari birinchi davrada amaldagi chempion va vitse­chempionni taslim etdi. Ikkita o‘yinda durang qayd etgan “Paxtakor” qolgan uchrashuvlarda raqiblarini ayab o‘tirmayapti. “Sherlar” birinchi davrada eng ko‘p gol urgan jamoa – 45 ta. Bu borada ularning eng yaqin ta’qibchilari bo‘lmish “Qo‘qon­1912” va “Nasaf” hisobida 23 tadan gol mavjud.

Sanjar Tursunov (AGMK) va Sherzodbek Karimov (“Surxon”) eng chiroyli gol muallifiga aylandi. Tursunov 60 metr masofadan darvozani ishg‘ol qildi. Karimov esa to‘pni burchakdan zarba bilan bevosita to‘rga kiritdi. Shedevr! Qay biri ustunroq ekanligini ajratish qiyin bo‘lgan gollar.

28.08.2020 Sogdiana 2-0 Surkhon (33)

“Andijon” bankrotlik jari yoqasidan qaytdi (shekilli)! “Burgutlar”ning muammolari yig‘ilib, oxirgi turga kelganda jamoaga pand berib qo‘yishiga bir bahya qoldi. “Andijon” moliyaviy inqiroz sabab, 13­turda ishtirok eta olmasligini bildirgandi. PFL “Paxtakor”ga qarshi o‘yinni bekor qildi. Vodiyliklarga texnik mag‘lubiyat yozilayotgan bir pallada jamoa o‘yinda qatnashadigan bo‘ldi. (Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘FA rahbariyatining viloyat hokimi bilan muloqoti hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan.) Keyinroq klub matbuot xizmati “Andijon” mahalliy tadbirkor qo‘liga o‘tganini ma’lum qildi. Yangi rahbar OAVga bergan intervyusida maqsadlari ulkan ekanligini aytgan. Muxlislari bor jamoaning shunday tugatilishi adolatdan bo‘lmasdi. Orada andijonlik ikkinchi legioner bosh murabbiy bilan xayrlashdi. Viktor Kumikovdan so‘ng jamoani yaqin o‘tmishning iste’dodli to‘purari Baxtiyor Hamidullaev boshqaradigan bo‘ldi.

Superliganing ikki klubida Rossiyaga ikkita yirik transfer amalga oshirildi. “Lokomotiv” vakili Oston O‘runovning avval Qozonning “Ufa”siga, keyinroq Moskvaning “Spartak”klubiga ko‘chib o‘tgani katta voqelik sifatida qarshi olindi. “Bunyodkor” iqtidori Jasur Jaloliddinov esa Moskvaning “Lokomotiv” klubi safiga borib qo‘shildi.

Odatda, davralar oralig‘idagi tanaffusda klublar safida juda ko‘plab ko‘chib o‘tishlar kuzatilardi. Bu gal oldi­berdilarning ancha kamayganligini ko‘rishimiz mumkin. Faqatgina “Qizilqum” 10 futbolchini o‘z safiga qo‘shib oldi. Qolganlar ko‘p o‘zgarishlarga qo‘l urmadi.

“Lokomotiv” o‘yinida birdagina keskin pasayish kuzatilmoqda. Mamlakatning yaqin yillar ichidagi ketma­ket chempioni “temiryo‘lchilar”ning ko‘rsatkichlari yomonlashdi. Iste’foga chiqarilgan Andrey Fyodorov o‘rnida Dilshod Nuraliev qisqa muddat vazifa bajaruvchi bo‘lib turdi. Keyin Nuraliev yana “Lokomotiv” yoshlari bilan ishlashga qaytarildi. Jamoaga yaxshi tanish bo‘lgan Andrey Miklyaev bosh murabbiy etib tayinlandi. Unga Timur Kapadze yordamlashishi aytildi.

LOK v SUR (46)

“Surxon”da murabbiylar qo‘nimsizligi davom etdi. Dastlabki turlarda Shavkat Abduxo‘jaev bosh murabbiy sifatida matbuot anjumanlarida qatnashdi. Keyinroq Bahrom Haydarov termizliklar boshqaruvini qo‘lga oldi. Oradan vaqt o‘tib, Ravshan Haydarov "Surxon" bosh murabbiyiga aylandi. Aftidan, jamoa endi murabbiyga yolchigan ko‘rinadi. Lekin avgustdagi bir qator uchrashuvlarda termizliklar o‘z darvozasiga gol urishi, harakatlari sustligi e’tiborni tortdi.

Umuman olganda, murabbiylar qo‘nimsizligi futbolimiz rivojiga bolta uruvchi holat desak, adashmasak kerak. Aynan shu sababga ko‘ra, “Qizilqum” va “Buxoro” o‘z muxlislarini xursand qila olmagandek.

Birinchi davra ortda qoldi. Umid qilamizki, ikkinchi davrada o‘yinlar to‘xtalishlarsiz davom ettiriladi va biz murosasiz, qiziqarli, hujumkor o‘yinlardan bahramand bo‘lamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!