Supergol urgan legionerimiz nimadan afsuslandi?

  • 15 mart, 2021, 07:35
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Belarus chempionatining yangi mavsumi start oldi va jamoalar birinchi tur uchrashuvlarini o‘tkazdi. Biz uchun ahamiyatlisi, chempionlik uchun kurashadigan jamoalardan ikkitasini safida o‘zbek futboli tarbiyalanuvchilari to‘p tepmoqda.

Tecno

Chempionlik unvonini himoya qilayotgan Soligorskning “Shaxtyor” jamoasi safiga qo‘shilgan Shahzod Ubaydullaev “Minsk” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan ilk bahsning 80-daqiqasida maydonga tushib, debyutini nishonladi. Soligorskliklar qiyin o‘tgan bahsda 1:0 hisobida zafar quchdi.

Oltin medal yo‘lida soligorskliklar bilan raqobatlashadigan BATE ilk uchrashuvda “Slutsk” ustidan yirik hisobda zafar quchdi. Borisovliklarning g‘alabasini “Energetik-BGU”ning sobiq etakchisi Shahboz Umarov ta’minladi. Hujumkor futbolchimiz beshinchi daqiqada raqib jarima maydonchasiga yorib kirib, aniq zarba bilan hisobni ochdi va gollar shousini boshlab berdi. Keyinroq, Shahboz ikkinchi golni ura olmaganidan afsusdaligini ham bildirdi.

551787_original_2_1

BATEning 3:0  hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi, deb topilgan o‘zbekistonlik legioner o‘yindan keyin intervyu berdi:

- Nima ham derdim, yaxshi o‘ynadik. Lekin o‘z ustimda va jamoaviy o‘yinni kuchaytirish uchun ko‘proq ter to‘kishimiz kerak.

- Golingni qanday ta’riflagan bo‘larding?

- Pavel Karasevdan ajoyib pasni qabul qilib oldim. Men bundan foydalanishim shart edi. Yana bir yuz foizli vaziyatni boy berdim, aslida ikkita gol urishim kerak edi.

- Seni uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi, deb topishdi...

- Bu juda yoqimli. Uchrashuvda qatnashgan jamoalar emblemasi aks ettirilgan futbol to‘pi shaklidagi esdalik sovg‘asini oldim. Unga BATE tarkibidagi eng yaxshi futbolchiga, deb yozilgan ekan.

- Bugungi gollardan qaysinisini eng chiroyli, deb hisoblaysan?

- Hammamiz chiroyli gol urdik. Nemanya Milich Nikolay Signevichning ajoyib pasidan foydalanib gol urgan bo‘lsa, Maksim Savish Pavel Nixaychikning jarima nuftasidan uzatgan to‘pni chiroyli tarzda darvozaga joyladi.

- O‘yin oxiridagi vaziyalardan birida oyog‘ingga yaxshigina zarba berishdi...

- Ha, sal og‘riqli zarba tegdi. Lekin hammasi joyida...

- Yaqinda tug‘ilgan kuning bo‘lgandi. Jamoadagilar tabrikladimi?

- Ajoyib tarzda tabriklashdi.

photo_2021-01-24_20-34-00

Shahboz Umarov Belarus chempionatidagi faoliyatini o‘tgan yili “Energetik-BGU”da boshlagan va bu jamoa safida chempionatning barcha – 30 ta bahsida qatnashgan yagona futbolchi bo‘lgandi. Hamyurtimiz bu uchrashuvlarda to‘rtta gol urib, uchta golli pas oshirgan. Ayniqsa, uning uzoq masofadan jarima zarbasini aniq yo‘llab, BATE darvozasiga urgan goli Evropa kanallarida ancha aylandi. Shu goldan so‘ng borisovliklar o‘zbek futbolchisini o‘z safiga qo‘shib olgandi. Biroq, kelishuvga ko‘ra, Shahboz mavsumni “Energetik-BGU” tarkibida yakunlab, yangi mavsum oldidan BATEga qo‘shildi.

Belarus chempionati oliy ligasining ikkinchi tur uchrashuvilari 19-20 mart kunlari o‘tkaziladi. 20 mart kuni “Shaxtyor” safar uchrashuvida “Energetik-BGU” mehmoni bo‘ladi. Shu kuni turning markaziy uchrashuvida BATE futbolchilari “Dinamo-Brest” maydonida o‘yin o‘tkazadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!