Srechko Katanets e’tiboridan qolganlar! Termadan chaqiruv olmagan futbolchilardan iborat ramziy jamoa! (Foto)

  • 4 sentabr, 2023, 15:47
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, sentyabr oyidagi FIFA kunlarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi AQSh va Meksika bilan okean ortida o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi. Ushbu bahslarda ishtirok etish Katanets quyidagi futbolchilarni termaga chaqirdi. Xo‘sh, bu ro‘yxatdan kimlar tushib qoldi? Biz sloveniyalik mutaxassisdan chaqiruv olmagan futbolchilardan iborat ramziy jamoani tuzdik va 4-3-3 sxemasiga joylashtirdik.

Tecno

Darvozabon: Sanjar Quvvatov (“Paxtakor”).

Joriy mavsumda penaltilarni “olib” chiqish bo‘yicha eng zo‘rlaridan biri bo‘lib turgan posbon “Paxtakor”ning asosiy darvozaboniga aylanib ulgurdi. Sanjarning o‘yinida biroz pasayish bo‘lgani bor gap, ammo Quvvatov hozir ham yaxshi darajani ushlab turishni uddalmoqda. Aynan u ramziy jamoamiz darvozasini qo‘riqlaydi.
Himoyachilar:

Ibrohim Yo‘ldoshev (“Navbahor”).

“Navbahor” safidagi o‘yinlari bilan chinakam kashfiyotga aylangan yigit hali terma jamoadan chaqiruv olganicha yo‘q, biroq shu tempda o‘sib borsa, bu tez orada sodir bo‘lishi aniq. Ramziy jamoamizning chap qanotidan o‘rin egallagan universal himoyachi Superligada 16 o‘yinda ishtirok etib, o‘z hisobiga 1 gol va 1 assist yozdirib qo‘ydi. Kurashlardan qochmasada, maydonda juda kam qo‘pollik ishlatadigan futbolchi juda yaxshi mavsumni o‘tkazmoqda.

G‘olib G‘aybullaev (“Nasaf”).

“Nasaf” jamoasi himoyachilari ayni damda O‘zbekiston futbolidagi eng kuchli ijrochilar sanaladi. Zamonaviy futboldagi “fishka”larni yaxshi o‘zlashtirgan, tezkor va taktik ko‘rsatmalarni a’lo darajada bajarishi bilan murabbiylar e’tiboriga tushgan G‘olib G‘aybullaev bu safar ham termadan chaqiruv olgani yo‘q.

Sardor Rahmonov (OKMK).

Rahmonov masalasi ancha chigal. Agressiv, ikkinchi qavatda juda faol bo‘lgan himoyachi OKMKning asosiy ijrochilaridan biri sanaladi. Jismonan baquvvat va yakkakurashlarda faol bo‘lishiga qaramay, Rahmonov terma jamoa shortlistida ko‘rinish bermadi. Ochig‘i, bu pozitsiyadagi raqobatni hisobga olsak, Sardor yaqin orada terma libosida ko‘rinish berishi mushkul masaladek ko‘rinmoqda.

Shoxruh Gadoev (OKMK).

Yana bir OKMK futbolchisi Shoxruh Gadoev ham bizning ro‘yxatdan joy egalladi. Uning pik sport formada bo‘lgan yillari ortda qolganiga qaramay, Gadoev hozir ham a’lo darajada o‘yin ko‘rsatishni uddalamoqda. Qahramonimiz istalgan vaziyatda asosiy jamoadagi bo‘shliqni to‘ldirishga tayyor holatda.

Yarim himoyachilar:

Oybek Bozorov (“Nasaf”).

Himoya chizig‘idagi yigitlar termadan chaqiruv olganlar bilan raqobat qila olmasligi mumkin, ammo Oybek Bozorov o‘z pozitsiyasidagi istalgan futbolchiga alternativ variant berishga qodir sport formada. Ayniqsa, so‘nggi o‘yinlarda Bozorov ko‘zga tashlanayotgan edi. Katanets avvalroq uni ko‘zdan kechirgani uchun ham bu safar boshqa ijrochiga imkoniyat berishga qaror qilgan ko‘rinadi.

Abror Ismoilov (“Navbahor”).

Farg‘onadan Namanganga ko‘chib o‘tgach, Abror vinger va qanot yarim himoyachisi obrazida o‘zini ko‘rsata oldi. Superligada 15 o‘yinda 920 daqiqa to‘p tepgan futbolchi yarim himoya chizig‘i uchun yaxshi qo‘shimcha kuchga aylanishi mumkin.

(O‘zbekiston milliy terma jamoasiga chaqiruv olgan futbolchi Jasurbek Yaxshiboev oilaviy sabablarga ko‘ra yig‘inda ishtirok etolmasligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda UFA matbuot xizmati xabar berdi.

Uning o‘rniga jamoaga “Navbahor” futbolchisi Abror Ismoilov jalb etildi.)

Shahboz Umarov (“Ordabasi”).

Qozog‘iston chempionatida “yondirayotgan” Shahboz Umarovni termadan chetda qolishiga muxlislar sekin-asta o‘rganib qolmoqda. “Ordabasi” safida 17 o‘yinda 2 gol urgan hujumkor yarim himoyachi terma jamoa safida BAAdagi yig‘inda ishtirok etgani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagani aniq. Katta ehtimol, yarim himoyadagi kuchli ijrochilarning ko‘pligi Shahbozni termadan chaqiruv olish imkoniyatlarini kamaytirib yubormoqda.

Hujumchilar:

Doniyor Abdumannopov (“Navbahor”).

OChL saralash o‘yinida zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, guruh bosqichiga yo‘llanma bergan golni urgan vinger ham ro‘yxatdan o‘rin egallagani yo‘q. Doniyor so‘nggi ikki mavsumdan beri muxlis va mutaxassislar tomonidan e’tirof etib kelinayotgan xabaringiz bor. Mehnatkash, pressingda faol va yaxshi start tezlikka ega futbolchi keyingi yig‘inlar chog‘ida Katanetsdan chaqiruv olishining ehtimoli yuqori.

Xurshid G‘iyosov (OKMK).

Yana bir "konchi" Srechko Katanets e’tibordan chetda qolishda davom etmoqda. Joriy mavsumda Superligadagi eng sermahsul o‘zbek futbolchisi (9+4) sloveniyalik mutaxassis tomonidan hali termadan chaqiruv olgani yo‘q. Tan olish lozim, Xurshid hozirgi terma jamoaga ortiqchalik qilmagan bo‘lar edi. Hatto, chaqiruv olgan ayrim zaxirada qolib ketayotgan futbolchilardan ko‘proq naf berishi ham mumkin. Aynan u ramziy jamoamizning chap qanot hujum chizig‘idan o‘rin egalladi.

Zabihillo O‘rinboev ("Metallurg").

Hozirda o‘zining eng sermahsul mavsumini (6+1) o‘tkazayotgan "Metallurg" forvardi ramziy jamoamizning markaziy hujumidan o‘rin egalladi. Hozir "aldamchi to‘qqizlik" vazifasini bajarayotgan Zabihillo terma jamoa uchun nomzod vakillardan biriga aylangan e’tiborga molik.

DinaZAVR

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
ХОЛМУРОДОВ АМИР
04/09/2023 18:08
Сергеев хам формаси яхши холатда
&
Liverpool-Afzal
04/09/2023 17:44
Бозоров зор уйнавотику
Абдухаликов Мухаммад
04/09/2023 16:10
Ойбек Бозоров ни олиш керак