
SPORTS.uz talqini bo‘yicha Evropa top-5 chempionatlarida tur ramziy terma jamoasi
Kuchli beshlik chempionatlari bizni kichik muddatga tark etdi. Aslida, ushbu to‘xtalish rasmiy maqomdagi FIFA kunlari natijasida bo‘lmasa-da, bahor oxiri va yoz ichida o‘tkazilmagan terma jamoa yig‘inlari o‘rniga kompensatsiya bo‘lishi ko‘zda tutildi. Bir xillikdan qochish maqsadida bu kabi to‘xtalishlarning bo‘lib turishi ham biz futbol muxlislarining foydasiga. Oldinda bizni qiziqarli Millatlar Ligasi bellashuvlari va milliy terma jamoamiz ishtirokidagi o‘rtoqlik uchrashuvlari kutib turibdi.
Ushbu ramziy terma jamoada imkoni boricha uikend qahramonlarini jamlashga harakat qildik. Ba’zi jamoalar juda kuchli o‘ynagan bo‘lsa-da, ulardan bittadan futbolchilarni oldik, xolos. Ularni jamoalari muvaffaqiyatiga bizning hurmatimiz ramzi sifatida qabul qilasiz. Boshladik!
Bosh murabbiy: Karlo Anchelotti (“Everton”)
Liverpulliklarning ushbu muvaffaqiyatini faqat omadli taqvimga yo‘yish noto‘g‘ri bo‘lardi. Ular dastlabki turdayoq, “Tottenxem”ga qarshi turning markaziy bellashuvida maydonga tushdi. “Irischilar” doimo o‘zlarining o‘rtamiyona transferlari bilan barchaning e’tiborini tortib kelgan. Har gal, mana endi “Everton” kuchaysa kerak, deya umid qilganimizcha qolaverardik. O‘tgan mavsum o‘rtasida klub egalari Karlo Anchelottini jamoaga olib kelib, o‘z maqsadlari naqadar jiddiy ekanini ko‘rsatib qo‘yishdi. Tajribali mutaxassis 1 yil ham o‘tmay, “Everton”ni mutlaq boshqa darajaga olib chiqdi. Hali grandlar bilan kechadigan bahslar oldinda. Biroq “Karlo ota”gacha Mersisayd klubi APLning o‘rtamiyona jamoalarini ham enga olmasdi.
Darvozabon: Tibo Kurtua
“Real”ning Valensiyaga safari har qanday holatda ham xavfsiz kechishi kerakdek edi. Ushbu mavsum shaharning elitadagi ikkala jamoasi ham u qadar yaxshi holatda emas. Ammo “Qirollik klubi”da ham bir qadar muammolar ko‘zga tashlanib boryapti. 2:0 hisobidagi g‘alaba ko‘ringanidek osonlik bilan qo‘lga kiritilmadi. Uchrashuv statistikasiga nazar tashlar ekanmiz, “Levante” hech bir jabhada madridliklardan ortda qolmaganiga guvoh bo‘lamiz (albatta, gollar bundan mustasno).
Shu kuni Belgiya terma jamoasi a’zosi etarlicha ter to‘kishga majbur bo‘ldi. Aks holda, Vinisius va Benzemaning gollari “Real” g‘alabasiga kifoya qilmagan bo‘lardi. Aniq zarbalar soni bo‘yicha maydon egalari “blankos”dan oldinda. Tiboning mahorati jamoasiga La Liga peshqadamligini taqdim etganini shu orqali ham bilib olishimiz mumkin.
Chap qanot himoyachisi: Aaron Kresuell
“Bolg‘achilar” o‘yini o‘xshab qolsa hech kimga kun bermaydi. “Lester” hujumchilarining kuyib-pishishini ko‘rib, rahmingiz keladi. Ammo shu kuni londonliklar himoyasi juda ishonchli harakat qildi. Chap qanot vakili esa nafaqat himoyada, balki hujumda ham etarlicha foyda keltirdi. Uning ikkita uzatmasi sheriklarining 2 ta goli bilan yakunlandi.
Unga raqobatchi sifatida Ben Chiluell va Teo Ernandes variantlari mavjud edi. Ammo bosh murabbiysiz o‘ynagan “Vest Xem” erishgan g‘alaba salmoqliroqdek, nazarimda.
Markaziy himoyachi: Raul Albiol
Unai Emeri hali o‘z uslubini “Vilyarreal”ga singdirib ulgurmagani dastlabki turlardagi o‘yinlardan ko‘rinib qoldi. Hujumda mazmun ko‘rinmayapti. Albiolning tajribasi “Atletiko”ga qarshi o‘yinda jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Ammo bu klub muxlislarini qoniqtirmasligi aniq. Mavsum boshida imzolangan shartnomalar bizga boshqacha klubni taqdim etishi kerakdek edi. Mavsum debyutanti “Ueska”ga boy berilgan tayyor g‘alaba, “Barsa”dan bir taymda o‘tkazib yuborilgan 4 ta gol va “Atletiko”ga qarshi bellashuvda himoyadan chiqa olmaslik. Madridliklarning naq 4 ta zarbasini himoyachi bloklashga erishdi. Aks holda, ispan matbuotida allaqachon Emerining iste’fosi haqidagi gaplar aylanib qolgan bo‘lardi.
Markaziy himoyachi: Jyul Kunde
“Barselona”ga qarshi uchrashuvda ehtiyotkorlik ikkala jamoaning ham birinchi raqamli fikri bo‘lib turdi. Ammo baribir tashabbus maydon egalarida bo‘ldi. Kuman “Barselona”da nimadir qilishga qodirligi ma’lum bo‘lib ulgurdi. Andalusiyaliklarga qarshi uchrashuvda uning jamoasi u qadar yomon harakat qilmadi. Shunchaki, Lopetegi qo‘l ostidagi “Sevilya” anchagina kuchayishga erishdi.
Kunde burchak zarbalari paytida tez-tez hujumda ko‘zga tashlandi. Messini zararsizlantirish va tezkor Fatini o‘tkazib yubormaslik ham ko‘p jihatdan frantsuz himoyachisi mehnatlari ortidan uddalandi.
O‘ng qanot himoyachisi: Ektor Belerin
“Arsenal” birmuncha qiyin bo‘lsa-da, g‘alabalarni qo‘lga kiritmoqda. “Liverpul”ga qarshi bahsdagi mag‘lubiyatni inobatga olmasa, barchasi risoladagidek. “Sheffild”ning ushbu mavsumda “ketmoni uchmayotgan” bo‘lsa ham, aslida yaxshigina muammo tug‘dirishga qodir bo‘lgan klub.
Ispaniyalik loteral qanot himoyachisining sa’y-harakatlari bilan 2 ta gol urib olindi. Ha 2-golda unga yozilgan assist biroz osonroq qo‘lga kiritildi. Chunki, ancha orqaroqda undan to‘pni qabul qilib olgan Nikolya Pepe birmuncha masofani dribling bilan bosib o‘tdi. Ammo ikkala gol ham uning qanotdan boshlagan hujumlari oqibatida kiritildi. O‘tkazib yuborilgan golda ham Ektor joy olgan qanotning aybi biroz kamroqdek.
Markaziy yarim himoyachi: Jorjino
Ikkita penaltini qoyillatib amalga oshirgan italiyalik xavbekni ramziy terma jamoamizga kiritishni lozim topdik. Sababi, “Chelsi”ning chiroyli g‘alabasidan kimdir vakil sifatida eslanmasligi adolatdan bo‘lmasdi. Sarrining erkatoyi Lempard qo‘l ostida ham o‘z o‘rnini egallay boshlamoqda. Kovachich navbat kutishga majbur bo‘lyapti.
Hujumkor yarim himoyachi: Son Xyon Min
Koreyalik futbolchi APL tarixiga eng yirik harflar bilan yoziluvchi osiyolikka aylanib boryapti. U ko‘rsatayotgan mo‘’jizalar orqali aksariyat futbol muxlislari Park Ji Sun va Shinji Kagavaning ajoyib o‘yinlarini yoddan chiqara boshladi. O‘xshashlikni qarang, yana bir durdona o‘yinini Son aynan “qizil iblislar”ga qarshi o‘tkazdi. De Xea oyoqlari orasidan o‘tkazib yuborgan gol tufayli o‘sha tunda uxlay olganmikan?!
Hujumkor yarim himoyachi: Xames Rodriges
Shu tempda davom etib, mavsumni super tarzda o‘tkazsayu, keyin yana birorta grand klub taklifiga ilinib ketib qolsa, nima bo‘ladi, degan savol paydo bo‘lmoqda. U uyini topib oldi. “Portu”, “Monako”, “Everton” va Kolumbiya terma jamoasi - bir-biriga o‘xshash jamoalar, shunday emasmi?! Ularda Xames kabi ijodkorlar qadrlanadi va o‘zi xohlagan o‘yinini namoyish etishiga imkoniyat yaratib beriladi. Boshqacharoq qilib aytganda, Rodriges “Real”da Zidan aytgan rasmni chizishi lozim edi. “Everton”da unga erkinlik taqdim etildi va u istaganicha ijod qilishi mumkin: 2 ta gol, 1 ta assist.
Chap qanot hujumchisi: Neymar
PSJ “Anje”ni ko‘rdim demadi. Neymar va Mbappesi bor jamoaga Frantsiyadan munosib raqib chiqishi qiyin masala ekani yana bir bor isbotlandi. Bo‘lgan taqdirda ham, u “Anje” emas.
Shu kuni braziliyalik vinger 2 ta gol urishdan tashqari, Guyening super zarbasiga pas ham amalga oshirdi. U o‘zi aytganidek, ancha ulg‘ayibdi: mas’uliyat va aql bilan harakat qilmoqda.
O‘ng qanot hujumchisi: Olli Uotkins
Ha, u asosan, markaziy hujumda harakat qiladi. Ammo yosh hujumchini qanot vakili sifatida o‘ynay olishiga ishonamiz. Uning tezkor harakatlari ham buni ko‘rsatib turibdi.
“Liverpul” darvozasiga so‘nggi bor Dimitar Berbatov 2010 yilda xet-trik qayd etgan ekan. 4-5 yil avval mersisaydliklar darvozasiga kimningdir 3 ta to‘p kiritishi hayratlanarli holat emasdi, ammo bugun… Bugun Klopp shu qadar katta darajadagi jamoa tuzdiki, biz liverpulliklardan bu kabi mag‘lubiyatlarni mutlaq kutmay qo‘ydik.
Uotkins amaldagi chempionlar darvozasiga klassik xet-trik joyladi. Ya’ni, bu gollarning biri o‘ng oyoq, biri chap oyoq, yana biri bosh bilan kiritildi.
Markaziy hujumchi: Robert Levandovski
Albatta, uzoq mavsum oldidan jamoalarning potentsiali haqida nimadir deyishimiz qiyin masala. Ammo endi myunxenliklar himoyasidagi muammolar yanada yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ha, hujumga gap yo‘q. Bu zirhlangan “nemis mashinasi”ning hujum bo‘limi naqadar yaxshi ishlamasin, raqiblar ham qarab turmasligini inobatga olishi zarur. Aks holda, Levandovskining har o‘yinda poker qayd etishiga hech kim kafolat bera olmaydi va EChLda “Gerta”dan ancha yuqori saviyali jamoalar o‘ynaydi.
Yuqorida aytib o‘tganimdek, bir qator kuchli futbolchilar, jumladan, Jek Grilish, Dominik Kalvert-Lyuin, Killian Mbappe va Xarri Keyn kabilar ramziy terma jamoamizdan joy olmadi. Keyingi turlarda ularni ham ushbu tarkibda ko‘rishga umid qilib qolamiz.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar