
“Spartak”da O‘runovning o‘rni bormi?
O‘zbekistonlik yarim himoyachi Oston O‘runov yozgi transferlar mavsumida “Spartak” pul sarflab, transfer qilgan yagona futbolchi bo‘lib qolmoqda. Garchi moskvaliklar qator nomzodlarni kuzatayotgan bo‘lsa-da, jamoani kuchaytirishga qodir transfer egalarini topa olganicha yo‘q. Ostondan boshqa yangi kelganlarning barchasi erkin agent sifatida jamoa safiga qo‘shilgan o‘yinchilardir.
Oston O‘runov Rossiya premer-ligasi doirasida asosiy tarkibdagi debyutini 10-turda mamlakat chempioni “Zenit”ga qarshi o‘tkazilgan markaziy uchrashuvda nishonladi. Maydon markazida faol harakat qilgan hamyurtimizning o‘yini ikki xil taassurot qoldirdi. O‘z navbatida, “Spartak” va “Zenit” o‘yini bo‘yicha fikr bildirayotganlarning bahosi ham bir-biridan keskin farq qilmoqda.
Eng avvalo, Oston O‘runov uchun ham, uning muxlislari uchun ham “Spartak” bosh murabbiyi Domeniko Tedeskoning fikri muhim hisoblanadi. Chunki Ostonni o‘yinga tushirish masalasini aynan shu mutaxassis hal qiladi.
- Jamoamizda etakchi o‘yinlar ko‘p. “Zenit”ga qarshi sardorimiz Georgiy Jikiya va Samyuel Jiga yaxshi o‘ynadi. Pavel Maslov himoyada raqibning uzun paslarini to‘sib qo‘ydi. Tayanch zonada Aleks Kral va Oston O‘runov yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Oston uchun bu asosiy tarkibdagi debyut uchrashuvi bo‘ldi va men uning o‘yinidan mamnunman. Hujumlarda Ponse, Bakaev va Larsson faollik ko‘rsatdi.
O‘runov to‘pni o‘zida ko‘p ushlab qolyapti va natijada uni yo‘qotib qo‘ymoqda, degan fikrlarga qo‘shilaman. Lekin bu nafaqat Ostonga, balki boshqalarga ham tegishli. To‘pni yo‘qotmaslik uchun oddiyroq o‘ynash kerak. Oston shijoatli futbolchi va u hujumga o‘tishga qo‘rqmaydi. Shuningdek, uning texnikasi kuchli va har qanday raqibni birga bir vaziyatda aldab o‘ta oladi, pressingdan chiqishga usta. Hozir hamma gap o‘yin balansida. Men Oston va boshqa yosh o‘yinchilarimiz ham o‘yin tempiga moslashib olishiga ishonaman, - dedi Domeniko Tedesko uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarning savollariga javob berar ekan.
“Sport Ekspers” bosh muharriri o‘rinbosari Maksim Allanazarov “Spartak” tarkibni kuchaytirishi kerak, degan fikrni ilgari surmoqda.
- Bugun “Spartak” chempionga qarshi o‘yinga bunday yuqori darajadagi uchrashuvlarga hali tayyor bo‘lmagan Oston O‘runovni ilk daqiqalardan chiqarishiga to‘g‘ri keldi. Agar Tedeskoning qo‘l ostida mahoratli ijrochilar ko‘proq bo‘lganida, o‘yin boshqaruvini o‘zgartirish va g‘alaba uchun imkon bo‘lardi, - deb yozadi Allanazarov.
Gazeta.ru sayti jurnalisti Aleksandr Sedov ham O‘runovning katta o‘yinlarga etarli darajada tayyor emasligini ta’kidladi.
- “Spartak”ning endi oyoqqa turayotgan jamoa sifatida xato va kamchiliklarini to‘g‘ri tushunsa bo‘ladi. Xususan, O‘runov hali jamoa o‘yin uslubiga kirishib keta olgani yo‘q va “Spartak”da undan nima kutishayotganini to‘lig‘icha tushunib etmagani sezilib turibdi, - deydi Sedov.
“Spartak”ning sobiq prezidenti Andrey Chervichenko amaldagi bosh direktori Shamil Gazizovni tanqid qilish barobarida O‘runovning “bog‘iga ham tosh otib” o‘tdi.
- “Spartak” yaxshi boshlab, keyin “o‘tirib” qoldi. “Zenit” ham juda ko‘p xatoga yo‘l qo‘ydi. Malkom umuman o‘yindan chetda yurdi va “Spartak” bir futbolchiga ko‘p o‘ynagandek ko‘rindi. Shamil Gazizov “Spartak”ga kelganidan keyin biron nima qilganini bilmayman. O‘runovni olib keldi. U maydondan ko‘ra, butiklarda o‘zini yaxshi ko‘rsatyapti. Gazizov “Ufa”ni kuchsizlantirib ketdi va jamoa eng past pog‘onalarga tushib qoldi. Gazizov orqali “Spartak” bilan hamkorlik qilgan jamoalar ahvoliga bir qarang, - deydi Chervichenko.
Shuningdek, turli saytlar bloggerlari ham Oston O‘runov o‘yinini tahlil qilganda, hamyurtimizning to‘pni o‘zida ko‘p ushlab qolishi va ayrim hollarda oldirib qo‘yishi, pas berishdagi xatolari va raqib to‘pni egallab olganida himoyaga qaytmasligiga e’tiroz bildirmoqda.
Yana bir ahamiyatli jihat shundaki, Ostonga bildirilayotgan asosiy e’tirozlar jurnalistlar, bloggerlar va futbol atrofidagi odamlar tomonidan ilgari surilmoqda. Futbol ichidagi mutaxassislar, sobiq futbolchilar va murabbiylar, bir so‘z bilan aytganda o‘z ishining ustasi bo‘lgan professionallar O‘runovning o‘yinida ko‘p ijobiy jihatlarni ko‘rmoqda.
- “Spartak” – “Zenit” uchrashuvi yaxshi bo‘ldi. Menimcha, durang adolatli natija. O‘runovni o‘yini haqida nima deyish mumkin? To‘g‘ri, u xatolarga yo‘l qo‘ydi, lekin bu uning asosiy tarkibdagi debyut uchrashuvi edi. Debyuti juda muhim uchrashuvga to‘g‘ri keldi. Umuman olganda esa, yaxshi o‘ynadi, - dedi “Spartak”ning sobiq futbolchisi Aleksandr Samedov.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, har bir futbolchi o‘z faoliyati davomida turli munosabatlarga duch keladi. Maqtov va tanqid doimo yonma-yon. Asosiysi, “Spartak” rahbariyati va murabbiylari Oston O‘runovni iste’dodli yosh o‘yinchi sifatida qadrlamoqda va uning yaqin kelajakda jamoaning etakchi futbolchisiga aylanishiga umid bildirmoqda. Oston O‘runov esa, e’tiborga ham, e’tirozga ham faqatgina o‘z o‘yini bilan javob berishi kerak...
Fikrlar
Факат бироз вакт керак.1 .2та уйин билан хулоса чикарилмеди