«So‘g‘diyona» yangi murabbiy boshchiligida yangicha qiyofaga kiradimi? Yoxud muxlislarning Ulug‘bek Baqoevdan umidi katta

  • 25 aprel, 2019, 22:50
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, Jizzaxning «So‘g‘diyona» jamoasida bosh murabbiy o‘zgardi. Birin-ketin yuz bergan mag‘lubiyatlardan so‘ng Sergey Lushan iste’foga chiqarilgandi. Uning o‘rniga esa buxorolik mutaxassis Ulug‘bek Baqoev olib kelindi. Bungacha «Buxoro» jamoasini boshqargan va qishdan buyon ishsiz yurgan murabbiy o‘tgan vaqt davomida o‘z ustida ishlash uchun murabbiylarning o‘quv-kurslarida tahsil olib kelayotgandi. «So‘g‘diyona» jamoasidan tushgan taklif esa Baqoevning o‘zini ko‘rsatishi uchun yana bir imkoniyat desak mubolag‘a qilmaymiz. Uning yangi jamoasidagi debyuti esa muvaffaqiyatli chiqdi va 5-turda «Metallurg» mag‘lub etildi. Oldinda esa Jizzaxda «Paxtakor»ga qarshi o‘yin kutib turibdi. Ulug‘bek Baqoev esa yangi jamoasida ish boshlaganidan so‘ng dastlabki fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

«Futbolchilarimizning mehnati tufayli «Metallurg»ni yutdik»

- Ketma-ket mag‘lubiyatlardan so‘ng futbolchilar tushkun kayfiyatga tushib qolishgandi. Shu bois ularni ruhiy o‘radan olib chiqish oson kechmasligini bilardim. Avvalo ularda o‘z kuchlariga bo‘lgan ishonchni his qilishlari kerakligiga ishontirish darkor edi. «Metallurg» jamoasi ustidan qozonilgan g‘alaba to‘laligicha ularning mehnati evaziga qo‘lga kiritildi. Qolaversa, bu yutuq futbolchilarimizning o‘z kuchlariga bo‘lgan ishonchini yanada oshirib yubordi. Ijobiy natija uchun ulardan minnatdorman. Bugun maydonda bo‘lganlar ham, zaxira o‘rindig‘idagilarning ham erishilgan muvaffaqiyatga qo‘shgan hissalari o‘ziga yarasha bo‘ldi, desam mubolag‘a qilmayman.

«Jamoa sifatida birlashishimiz kerak»

- Albatta, menga «So‘g‘diyona» jamoasidan jiddiy taklif kelib tushdi va menga ishonch bildirishdi. Buning uchun ulardan minnatdorman. Lekin bu savolingizga darhol javob berishim amrimahol. Chunki buning tarixi ancha uzun. Keling, yaxshisi bu mavzuni chetlab o‘ta qolaylik. Buni gapirishni istamasdim. Shunchaki, biz hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib ishlashimiz kerak. Futbolda bir yoki ikki kishiga hech narsa bog‘liq emas. Futbol – bu jamoaviy o‘yin hisoblanadi. Shuning uchun biz jamoa sifatida birlashishimiz kerak.

«Asosiysi, o‘yinchilar o‘rtasida do‘stona munosabat yuzaga kelgan»

- Bunday mahalda hammasi ixtiyoringizdagi jamoa safida to‘p surayotgan futbolchilarning ijrochilik mahoratiga bog‘liq bo‘ladi. Chunki murabbiyning ko‘rsatmalarini va taktikalarini maydonda aynan futbolchilar amalga oshirishadi. Yuqorida aytib o‘tganimdek, mag‘lubiyatlar seriyasidan so‘ng o‘yinchilarimizda o‘z kuchlariga bo‘lgan ishonchni qaytarish ustida ko‘p ishlashimizga to‘g‘ri keldi. Shogirdlarimdan mamnunman, ular hammasini to‘g‘ri bajarishga kirishdilar. Qolaversa, jamoadagi ichki muhit natijalarga katta ta’sir o‘tkazishini zinhor unutmaslik kerak. Agar klubdagi muhit xuddi oiladagi kabi bo‘lsa, ishlar ijobiy tomonga yuz tuta boshlaydi. O‘yinchilar o‘rtasidagi munosabat do‘stona bo‘lsa, o‘z-o‘zidan jamoadagi mikroiqlim hammani birdek qoniqtirishga tushadi. Shukrki, bizda hammasi ijobiy ko‘rinishda. Futbolchilarimiz bir yoqadan bosh chiqarib ishlagan taqdirdagina natijalar ko‘ngildagidek bo‘lishiga ishonch hosil qildilar. Asosiysi, ularning orasida do‘stona munosabat yuzaga kelgan. Bu esa muvaffaqiyatning asosiy omili hisoblanadi.

«O‘yinimizdagi minuslarni plyusga aylantirishga harakat qilyapmiz»

- Albatta, har qanday ijrochining o‘ziga yarasha kuchli va shuning aksi o‘laroq kuchsiz tomonlari bo‘ladi. Murabbiydan esa shogirdlaridagi kuchsiz jihatlarini bartaraf etish talab qilinadi. Shunday ekan, bunday paytda eng asosiy mas’uliyat bosh murabbiy zimmasiga tushadi. Biz iloji boricha o‘zimizdagi minuslarni plyusga aylantirish ustida ishlayapmiz. O‘z navbatida murabbiylar shtabida mehnat qilayotgan yordamchilarimning ko‘magini alohida e’tirof qilib o‘tishim kerak bo‘ladi.

«Jamoaga kelganimda yigitlar tushkun kayfiyatda edi»

- Men kelgan paytda jamoadagi vaziyat juda og‘ir edi. Ketma-ket uchta mag‘lubiyatdan so‘ng barchaning kayfiyati yomon bo‘lib, bu hol o‘z navbatida ichki muhitga ta’sir o‘tkaza boshlagandi. Tan olish kerak, ketma-ket uch uchrashuvdagi mag‘lubiyatni xazm qilish oson emas. Bunday paytda futbolchilarning ruhiy holati butkul izdan chiqib ketgan bo‘ladi. Ularda o‘z kuchlariga bo‘lgan ishonch yuzasidan shubha-gumonlar yuzaga keladi. Men kelganda yigitlarning ahvoli aynan shunday edi. Lekin jamoa albatta ijobiy tomonga o‘zgarishi kerak edi va bu jarayonni bajarishga harakat qilyapmiz. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, Superligadagi hech bir uchrashuv klublar uchun oson o‘tmaydi. Shu bois hech kim bir ochkoni ham shunchaki berib qo‘ygisi kelmaydi. Intriga esa kuchayib boryapti. Bunday paytda oldindan biror nima deyish qiyin. Shunisi aniqki, barcha jamoalar faqat oxirigacha kurashishadi. Shu bois kim qaysi o‘rindan joy olishini faqatgina mavsum oxiriga kelib bilib olishimiz mumkin.

«Paxtakor» hurmatga loyiq jamoa»

- Bizni oldinda qanday o‘yin va qanday raqib kutib turganini juda yaxshi tushunib turibmiz. «Paxtakor» jamoasi haqida sizga ortiqcha gapirish shart emas deb o‘ylayman. Chunki ularning qanday kuchga ega ekanligini hamma yaxshi biladi. O‘zbekistondagi eng kuchli klub. Biz «Paxtakor»ga doim hurmat bilan qaraymiz. Ularning Osiyo Chempionlar ligasidagi o‘yinlarida albatta muxlislik qilamiz. Ammo ichki chempionatga kelganda, «Paxtakor» raqibimizga aylanadi. Ushbu uchrashuv jamoamiz uchun qiyin o‘tishi aniq. Biz bu o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Mag‘lubiyatlardan keyin «Metallurg» ustidan qo‘lga kiritgan g‘alabamiz albatta futbolchilarimizning ruhini ko‘targani aniq. Biz esa imkon qadar bundan foydalanishga harakat qilamiz. Nima bo‘lishini esa albatta vaqt ko‘rsatadi. Shu o‘rinda muxlislardan ham bizni bir tan-u, bir jon bo‘lib qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rab qolardim. Qolaversa, birdaniga natijaga erishish ham imkonsiz. Hammasi bosqichma-bosqich bajariladi. Muhimi, ishqibozlar har qanday vaziyatda ham jamoamizni qo‘llab turishsin. Biz esa har bir o‘yinda ularni xursand qilish uchun oxirigacha kurashamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
darwesh
26/04/2019 23:39
Бакоев хали натижа курсатадиган мураббий булиш учун анча бор.