
Shuhrat Maqsudov "Bunyodkor"ning yirik hisobdagi mag‘lubiyat sababini nima bilan izohladi?
“Bunyodkor” klubi o‘z maydonida “Olimpik” klubiga kutilmaganda 1:5 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Bellashuvdan keyin “Bunyodkor” bosh murabbiyi Shuhrat Maqsudov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Avvalo, muxlislarimizdan uzr so‘raymiz. O‘zim ham tushunmay qoldim. Yigitlarimizni o‘yini umuman chiqmadi. “Neftchi” bilan o‘yinning ertasidanoq ushbu bahsga tayyorgarlikni boshlagandik. “Olimpik” bilan oson o‘yin bo‘lmasligini har kuni mashg‘ulotda ta’kidlab kelgandik. Bilmayman, hech bir futbolchimizni o‘yini qovushmadi. “Olimpik” jamoasini haqqoniy g‘alaba bilan tabriklayman. Aytishadi-ku, jamoa yutsa hamma yutadi, yutqazsa bitta murabbiy yutqazadi. Lekin butun jamoa yutqazdi.
- Jamoaning natijalari iste’foingizga sabab bo‘ladigan darajada emas. Ammo muxlislar nima uchun birinchi mag‘lubiyatdan keyinoq iste’foingizni so‘rashyapti, deb o‘ylaysiz?
- Men bu haqda umuman o‘ylayotganim yo‘q va buning qizig‘i ham yo‘q. O‘zingiz aytib turibsiz, 10 ta yutsak yaxshimiz, 1 ta yutqazsak yomon. Kimni ishdan olish – bu muxlislarning ishi emas. To‘g‘ri, hayqirish, baqirish muxlislarga xos. Ularni tushunaman, ishqibozlarga g‘alaba kerak. “Bunyodkor”ning haqiqiy muxlislaridan jamoamiz va o‘zimni nomimdan uzr so‘rayman. Keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz, hayot davom etadi.
Fikrlar