
Shomurodovning Frantsiyadagi o‘yini va goliga “Roma”dan qanday munosabat bo‘ldi?
O‘zbekistonlik sport ishqibozlari bu galgi Olimpiya o‘yinlarini alohida qiziqish va e’tibor bilan kuzatib bormoqda.
Chunki to‘tyillikning eng nufuzli musobaqasida ilk bor o‘zbek futbolchilari ham ishtirok etmoqda. Timur Kapadze bosh murabbiylik qilayotgan iste’dodli yoshlarimizdan tarkib topgan terma jamoa Eldor Shomurodov, Oston O‘runov va Husniddin Aliqulov kabi tajribali charm to‘p ustalari yordamida Olimpiadaga puxta tayyorgarlik ko‘rganini namoyish qildi.
Guruhdagi birinchi turda hamyurtlarimizga raqiblik qilgan Ispaniya terma jamoasi garchi 2:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, o‘yinda ancha qiynaldi. Evropaliklar terma jamoamizning chaqqon va abjir o‘yinchilarni ko‘pincha qoidani buzish, libosdan tortib qolish va qo‘polliklar evaziga to‘xtata oldi.
Bu galgi Olimpiadada jahon futbolida taniqli bo‘lgan Nikolas Otamendi, Xulian Alvares, Aleksandr Lyakazett, Ashraf Hakimi, Nabi Keyta, Muhammad Elneni, Erik Garsiya, Fermin Lopes, Junior Firpo va Eldor Shomurodov kabi o‘yinchilarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
29 yoshli Eldor Shomurodov oldida O‘zbekiston yoshlariga yordam berish, terma jamoadagi etakchilik mas’uliyatini o‘z zimmasiga olishdan tashqari shaxsiy jabhadagi muhim vazifasi ham bor. “Kalyari”dagi ijara muddati tugab yana “Roma” ixtiyoriga qaytgan hujumchi Olimpiya o‘yinlari bahona o‘ziga o‘yin amaliyoti beradigan yangi jamoa e’tiborini jalb etishi kerak.
Italiyaning mashhur manbalaridan biri corrieredellosport.it sayti aynan mana shu masalaga oid ma’lumot chiqardi.
- Parijda Olimpiya o‘yinlarining nufuzli medallari uchun futbol turniri start oldi. Birinchi o‘yinda Eldor Shomurodov boshchiligidagi O‘zbekiston futbolchilari Ispaniya terma jamoasidan alamli mag‘lubiyatga uchradi.
Aslida g‘alaba shiddatli o‘ynagan O‘zbekistonniki bo‘lishi kerak edi, biroq bellashuvda katta qiyinchilikka duch kelgan Ispaniyaga nasib qildi.
“Roma” futbolchisi Eldor Shomurodov Marko Pubil goliga penaltini sovuqqonlik va xotirjamlik bilan amalga oshirish orqali javob qaytardi.
Biroq Serxio Gomesning goli Ispaniya g‘alabasini ta’minladi.
Eldor Shomurodovning goli Daniele De Rossi bosh murabbiyligidagi “Roma” uchun transfer nuqtai nazaridan juda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki rimliklar joriy yozgi transferlar oynasi yopilguniga qadar o‘zbek forvadiga yangi xaridor topishga umid qilmoqda.
Parijdagi Olimpiya o‘yinlari esa, futbolchilar o‘z salohiyati va malakasini namoyish etadigan muhim musobaqa hisoblanadi, - deb yozmoqda corrieredellosport.it sayti.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov O‘zbekiston Superligasi va Rossiya Premer-ligasidagi muvaffaqiyatli faoliyatidan keyin 2020 yilning oktyabr oyida Italiyaning eng qadimiy klubi “Jenoa”ga transfer qilingandi.
Bir mavsumdan keyin o‘zbek futbolchisini “Roma” o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Eldor keyinchalik “Spetsiya” va “Kalyari” klublarida ijarada o‘ynadi. Shomurodovning Rim superklubi bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yoziga davom etadi.
O‘zbekistonning Olimpiadadagi o‘yiniga turli mamlakatlardan qanday munosabat bo‘ldi?
“Parij-2024”: Shomurodov, Fayzullaev va Olimpiadaning eng mashhur yulduzlari!
Fikrlar