Shomurodovni "Roma"da olib qolgan murabbiy nega ishdan olindi?

  • 18 sentabr, 2024, 18:21
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Italiyalik murabbiy Daniele de Rossi rasman “Roma” bosh murabbiyligidan iste’foga chiqarildi. Bu haqda klubning rasmiy sayti e’lon qildi.

Tecno

- “Roma” Daniele de Rossini birinchi jamoaning bosh murabbiyi lavozimidan ozod etganini ma’lum qiladi.

Klub qarori jamoaning manfaatlari yo‘lida, mavsum endigina boshlagan pallada yana maqsadga erishish yo‘liga tezroq qaytish maqsadida qabul qilindi.

Danielega olib borgan ishlari, bir necha oy katta ishtiyoq va sadoqat bilan xizmat qilgani uchun minnatdorlik bildiramiz,deyiladi klub bayonotida.

Ta’kidlash joizki, “Roma”ga egalik qiluvchi Fridkinlar oilasining asl maqsadi jamoani A Seriya grandlari qatoriga qaytarish, sovrinlar uchun kurashadigan darajaga etkazish, Evropa Chempionlar ligasi muntazam ishtirok etishi ta’minlash hisoblanadi.

Klub xo‘jayinlari bu loyihani amalga oshirishga uch yil avval jiddiy kirishgan va futbol olamida ko‘plab yutuqlarga erishgan Joze Mourinoni bosh murabbiy sifatida olib kelgan edi. Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodovning Rim klubiga ko‘chib o‘tishida mashhur murabbiyning hissasi katta bo‘lgan. 

Biroq portugaliyalik mutaxassis o‘ziga berilgan muddatda vazifani uddalay olmadi.

Buning oqibatida “Roma” 2024 yilning boshida hali Mourinoning shartnomasi tugashiga bir necha oy qolgan pallada uni iste’foga chiqarib, uning o‘rniga futbolchilik davrida rimlik muxlislar yoqimtoyi bo‘lgan va hozir murabbiylik faoliyatini olib borayotgan Daniele De Rossini bosh murabbiy qilib tayinladi.

Mourinodan qolgan jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarish qila olgan 41 yoshli mutaxassisga katta umid bog‘landi. Unga jamoani yangi mavsumga puxta tayyorlash uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. “Roma” transfer bozorida puxta ishladi. Murabbiylar shtabini qoniqtirmagan barcha futbolchilar jamoadan ketdi.

Daniele De Rossi faqatgina Eldor Shomurodov borasida fikrini o‘zgartirib, legionerimizni Rimda olib qoldi. Bunga Eldor “Empoli”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda 13 daqiqa ichida yuqori salohiyatini ko‘rsata olgani va “Roma”ning mavsumdagi birinchi goliga mualliflik qilgani asos bo‘ldi.

“Roma” A Seriya bahslarini muvaffaqiyatli boshlay olmadi. Jamoa o‘z maydonida “Empoli”ga yutqazdi, “Kalyari”, “Yuventus” va “Jenoa” bilan bo‘lgan safar uchrashuvlarida raqiblar qarshiligini sindira olmasdan, durang bilan kifoyalandi.

Jamoa oldiga jiddiy talablarni qo‘ygan klub rahbariyati Daniele De Rossining mavsum boshidagi to‘rtala uchrashuvda ochko yo‘qotgani, jamoaning nursiz o‘yini va hali biror marotaba g‘alaba qozona olmaganini kechirmadi.

Ta’kidlash joizki, sports.uz portali tahririyati “Roma” jamoasi boshqaruvida o‘zgarish bo‘lishi kutilayotgani haqida ma’lumot tarqatgan edi.

“Roma” bosh murabbiyligiga qaysi mutaxassislar olib kelinishi mumkinligi haqida quyidagi maqoladan ma’lumot olishingiz mumkin.

Ana xolos: “Roma”ni Shomurodovni yaxshi ko‘radigan murabbiy boshqarishi mumkin!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
faxriddin bozorov
18/09/2024 13:48
Шомуродов учун ким мураббий бўлиши муҳим эмас. ўзи яхши ўйнаса, "Рома"да қолади. Биз ҳам унинг яхши ўйнаб, ўзбек шаънини юқорига кўтаришини истаймиз. Аммо унинг ҳам ёши ўтиб боряпти...