
Shomurodov ro‘yxatda!
Evropaning aksariyat mamlakatlarida futbol bo‘yicha yozgi transfer oynasi yopildi. O‘zlari ko‘zlagan futbolchilarni qo‘lga kiritib ulgurmagan yoki tarkibdagi keraksiz o‘yinchilardan qutila olmagan klublar endi qishki transferlar davrini kutishiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining e’tibori “Roma” transferlariga qaratildi. Joze Mourino boshchiligidagi murabbiylar shtabining Eldor Shomurodov bo‘yicha fikri bir necha bor o‘zgardi.
Portugaliyalik mutaxassis o‘zbek hujumchisiga shonch bildirmasligini aytganidan keyin Italiyaning o‘zidan besh-oltita, Turkiyadan uchta, Rossiya, Frantsiya, Angliya, Germaniya va Saudiya Arabistonidan kamida bittadan klublar Eldor Shomurodovga qiziqayotgani haqida xabarlar tarqatildi. Bir necha klub hujumchi transferi bo‘yicha “Roma”ga murojaat qilish ham ulgurdi.
Biroq, Shomurodov “Roma”da qoldi. To‘g‘ri hali Joze Mourino mavsumning dastlabki to‘rt uchrashuvidan birortasida hamyurtimizga ishonch bildirgani yo‘q. Lekin portugaliyalik mutaxassis “Montsa” qarshi o‘yindan keyin bergan intervyasida transfer bozori bosimidan qutilgan Shomurodov jamoaga yordam qo‘lini cho‘zishi mumkinligini ta’kidladi.
Mavsum faqat A Seriya o‘yinlaridan iborat emas. Rimliklar oldida mamlakat kubogi va Evropa ligasi kabi nufuzli turnirlar ham bor. Aksariyat murabbiylar chempionatdan tashqari musobaqalarda zaxira o‘yinchilaridan ko‘proq foydalanadi. Bu ularga imkoniyat hamda boshqa jamoalarning e’tiborini tortish uchun reklama vazifasini ham o‘taydi.
Tez orada UEFA tasnifidagi xalqaro turnir Evropa Ligasining guruh bahslari boshlanadi. O‘tgan mavsum Konferentsiyalar ligasida zafar quchgan “Roma” bu gal ham xalqaro maydondagi muvaffaqiyatini takrorlashga bel bog‘lagan. Bu gal vaziyat murakkabroq. Chunki Evropa ligasida “Arsenal”, “Manchester Yunayted”, “Betis”, “Real Sosedad”, “Latsio”, “Renn”, “Monako” kabi jiddiy raqobatchilar bor.
“Roma” rahbariyati Evropa ligasida qatnashadigan futbolchilar ro‘yxatiga Eldor Shomurodov va yozgi transferlar oynasining so‘nggi kunida “Fulxem”ga transferi barbod bo‘lgan niderlandiyalik Jastin Klyuvertni ham kiritdi. Umuman olganda, xalqaro turnirda poytaxt “bo‘rilari” sharafini olti hujumchi himoya qiladi. O‘tgan yilgi tarkib vakillaridan Temmi Abraxam, Eldor Shomurodov va Stefan El-Shaaravi bor. Ular safiga Paulo Dibala, Jastin Klyuyvert va Andrea Belotti qo‘shildi.
“Roma” Evropa ligasining “S” guruhidan joy olgan. Pley-offga chiqish uchun rimliklar Bolgariyaning “Ludogorets”, Ispaniyaning “Betis” va Finlyandiyaning XIK jamoasi bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi.
Joze Mourino shogirdlari xalqaro maydondagi yurishini 8 sentyabr kuni boshlaydi. “Bo‘rilar” birinchi turni Bolgariyada “Ludogorets” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
“Roma” futbolchilari Evropa ligasi doirasida “Olimpiko”dagi dastlabki uchrashuvga 15 sentyabrga belgilangan ikkinchi turda XIK vakillariga qarshi o‘yinda mezbonlik qiladi.
UEFA qoidasiga ko‘ra, guruhda birinchi o‘rinni egallagan jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri nimchorak finalga yo‘llanma oladi. Ikkinchi pog‘ona sohiblari esa Chempionlar ligasi guruh bosqichida uchinchi o‘rinni egallagan jamoalarga qarshi nimchorak final yo‘llanmasi uchun raqobatlashadi.
Evropa ligasi guruhlarida uchinchi o‘rinda qayd etilgan klublar Konferentsiyalar ligasi guruhlarida ikkinchi o‘rinni band qilgan jamoalar bilan Konferentsiyalar ligasi pley—offiga chiqish uchun o‘zaro raqobatlashadi.
So‘nggi imkoniyat: Shomurodovga uch da’vogar va Eldor qaysi klubga nasib qiladi?
Mourino Abraxamdan qattiq norozi, endi Shomurodovga imkon beradimi?
Jamoasiga ilk g‘alabani keltirgan futbolchimiz eng zo‘rlar qatoridan joy oldi!
Evropa klublari nazariga tushgan legionerimiz yana gol urib, jamoasini birinchi o‘ringa ko‘tardi!
Shomurodov Rossiyaga qaytadimi?
“Roma”: Shomurodov superto‘purar yo‘lini to‘sib turibdi!
Fikrlar