
Shomurodov Rimga qaytgunicha “Roma” unga syurpriz tayyorlab qo‘yadi!
Evropa etakchi ligalarida FIFA kunlari munosabati bilan navbatdagi tanaffus e’lon qilindi. O‘z mamlakatlari terma jamoalariga taklif etilgan charm to‘p ustalari xalqaro yig‘in va uchrashuvlarda ishtirok etishi kerak.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets 2026 yilgi jahon chempionati Osiyo saralash musobaqasi uchinchi bosqichidagi navbatdagi ikki uchrashuvga “Roma” hujumchisi Eldor Shomurodovni ham chaqirgan.
Ta’kidlash joizki, hozir “Roma” notinch. Xalqaro tanaffus oldidan rimliklar bosh murabbiy Ivan Yurichni ishdan oldi. Eldor Shomurodov terma jamoadan klubga qaytganida unga qaysi mutaxassis ustozlik qilishini bilmaydi.
“Roma” mutasaddilari jamoaga tezroq bosh murabbiy tayinlash maqsadida bir necha mutaxassislar bilan muzokara olib bormoqda. Manbalarga ko‘ra, hozircha ikki mutaxassis – Erik ten Xag va Klaudio Raneri bosh murabbiylik asosiy da’vogarga aylandi.
Sports.uz portali Evropa manbalarining “Roma”ga bosh murabbiy tayinlash jarayoni haqidagi ma’lumotlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.
CORRIERE DELLO SPORT:
“Roma” rahbariyati yaqinda “Manchester Yunayted”ni tark etgan niderlandiyalik mutaxassis Erik ten Xag nomzodiga jiddiy qiziqib qoldi.
Erik ten Xag manchesterliklar jamoasini 2022 yilning aperlida qabul qilib olgandi va joriy yilning 28 oktyabriga bosh murabbiylik qildi. Uning qo‘l ostida jamoa 2023 yili Liga kubogi va 2024 yili Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
O‘tgan yozda Erik ten Xag klub bilan hamkorligini 2026 yilning yozigacha uzaytirgan bo‘lsa-da, mavsum starti muvaffaqiyatsiz chiqqani uchun lavozimidan ozod etildi.
Endi bu mutaxassis “Roma”ni boshqarishi mumkin bo‘lgan nomzodlar ro‘yxatidan joy oldi.
O‘tgan mavsum oxirida murabbiylik faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan Klaudio Raneri “Roma”ni boshqarish uchun jiddiy o‘zgarish qilishi mumkin.
Chunki 73 yoshli tajribali mutaxassisning “Roma”ga bo‘lgan mehri bo‘lakcha va bu klubga xo‘jayinlik qilayotgan Fridkinlar oilasiga uni yana bosh murabbiylikka qaytarish imkonini beradi.
Klaudio Raneriga “Roma” begona emas. Italiyalik mutaxassis 2009 va 2011 yillar davomida poytaxt jamoasini boshqagan. 2019 yilning mart-iyun oylarida ham “Roma”da qisqa muddatli faoliyat yuritgan.
LUKA MUGNAYOLI, futbol jurnalisti:
“Roma”ning yangi bosh murabbiyi Klaudio Raneri bo‘lishi mumkin. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, klubga egalik qiluvchi Fridkinlar oilasi Roberto Manchini, Frenk Lempard va Vinchentso Montelladan keyin kutilmaganda e’tiborini 73 yoshli Raneriga qaratdi.
Raneri Fridkinlar oilasi bilan uchrashib, hamkorlikni muhokama qilish uchun Londonga otlandi.
Ilario Di Jovambattista, jurnalist:
“Roma” xo‘jayinlari – Fridkinlar oilasi tajribali mutaxassis Klaudio Raneri bilan kelishuvga erishishga yaqin. Shu munosabat bilan jamoaning so‘nggi mashg‘ulotlari keyinroqqa qoldirildi.
Agar tomonlar bir to‘xtamga kelsa, Klaudio Raneri shu hafta ichi mashg‘ulotlarni boshlab yuborishi kutilmoqda.
Rim klubi va rimlik murabbiy o‘rtasidagi kelishuv joriy mavsum oxirigacha tuzilishi rejalashtirgan. Yozda bosh murabbiy masalasi uzil-kesil hal qilinadi.
Klaudio Raneri o‘tgan mavsum “Kalyari”ning A Seriyadagi joyini saqlab qolishga katta hissa qo‘shgan edi. O‘shanda u bosh murabbiylik faoliyatini yakunlagan bo‘lsa-da, “Faqatgina “Roma”ga hech qachon yo‘q deya olmayman”, deb ta’kidlagan edi.
Ta’kidlash joizki, Ivan Yurich “Roma”ni qabul qilib olganidan keyin Eldor Shomurodovga etarlicha imkon bermadi. Undan oldingi bosh murabbiy Daniele de Rossi esa, legionerimizning mehnatkashligini yuqori baholab, uni Rimda olib qolgan edi.
“Roma”ga bosh murabbiy bo‘lishi kutilayotgan Klaudio Raneri Eldor Shomurodovni yaxshi biladi. 29 yoshli hujumchimiz o‘tgan mavsum uning qo‘l ostida o‘ynab, “Kalyari”ni yuqori divizionda qolishiga katta yordam bergan edi.
Fikrlar