Shomurodov Raneridan muhim xabar kutyapti!

  • 12 mart, 17:01
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Klaudio Raneri boshqaruviga o‘tgan “Roma” mavsumni muvaffaqiyatli yakunlash uchun Evropa ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritishi lozim. 73 yoshli murabbiy jamoa o‘yinida jiddiy o‘zgarishlar yasay oldi.

2025 yilda “bo‘rilar” hali engilgani yo‘q. Mag‘lubiyatsiz seriya 12 ta uchrashuvga etdi. Raneri avvalgi bosh murabbiylar ishonch bildirmagan bir necha o‘yinchilar, xususan, Eldor Shomurodov, Zeki Chelik, Matias Sule, Mats Xummels, Leandro Paredesga imkon berdi va ular asosiy tarkibda o‘ynashga loyiqligini isbotlab, jamoada muhim figuralarga aylandi.

Xususan, Eldor Shomurodov 2021 yili “Roma” kelganidan buyon bu jamoadagi eng yorqin davrini boshdan o‘tkazmoqda. Endi Klaudio Raneri oldida har bir uchrashuvdan avval hujum markaziga qaysi o‘yinchini qo‘yish tanlovi qilish imkoni paydo bo‘ldi.

Italiya futbolini yoritib kelayotgan manbalar Evropa ligasi doirasida “Atletik” bilan Bilbaoda bo‘ladigan bahs oldidan murabbiylar shtabi markaziy hujumchi pozitsiyasida qaysi futbolchidan foydalanish manfaatli ekanini muhokama qilyapti.

“Roma” faoliyatini tahlil qilib kelayotgan yana bir nufuzli manba – ilromanista.eu ekspertlari ham bu masalani birinchi planga olib chiqdi.

- Agar yozda “Roma” muxlislariga kimdir mavsumning eng muhim uchrashuvi oldidan boshlang‘ich tarkibda Eldor Shomurodov yoki Artyom Dovbik o‘ynashi jiddiy muhokama qilinadi, deganida ular bunday hayratga tushgan, ayrimlari istehzo bilan kulgan bo‘lar edi.

Qizig‘i, ana shu o‘yin boshlanishiga juda oz fursat qolgan bo‘lsa ham, Klaudio Raneri aynan mana shu masalada bosh qotirishiga to‘g‘ri kelmoqda. Tabiiyki, bunga etarlicha asoslar bor.

“Roma”ning ikki markaziy hujumchisi o‘rtasidagi raqobat har qachongidan ham kuchli va jiddiy tus oldi. Birinchi navbatda, ko‘p narsa Eldorning juda zo‘r sport formasida ekaniga bog‘liq bo‘lib qoldi. O‘zbek futbolchisi shu mavsumning o‘zida ikki marta “Roma”dan ketishga yaqin kelgandi. Yozgi transferlar vaqtida hujjatlardagi kichik xato uning “Atlanta Yunayted”ga transferini barbod qildi, qishda esa, “Venetsiya” Eldorni qo‘lga kiritishga yaqin edi.

Shomurodovning ishga professional tarzda yondashishi, hech qachon hech kimga e’tiroz bildirmasligi, kichik imkoniyatdan ham maksimal foydalanishga urinishi uning jamoada qolishiga olib keldi.

Eldor umumiy hisobda 26 ta o‘yinda jami 878 daqiqa o‘ynab, beshta gol va uchta assist muallifi bo‘ldi. Samarali harakatlaridan uchta goli va ikkita assisti 2025 yilga to‘g‘ri keldi. Transfermarkt statistikasiga ko‘ra, Shomurodov har bir gol uchun 176 daqiqa sarflamoqda.

Artyom Dovbik joriy mavsum 36 ta o‘yinda qatnashdi va yashil maydonda 2549 daqiqa harakat qildi. Ukrainalik hujumchi hisobida 14 ta gol va to‘rtta assist bor. Artyom har bir gol uchun Shomurodovdan ozgina ko‘proq vaqt, ya’ni 182 daqiqa ishlatgan.

Garchi umumiy samaradorlik bo‘yicha Dovbik ustundek ko‘rinsa-da, maydonda jamoa o‘yiniga ijobiy ta’sir o‘tkazishda Eldor ancha foydali ekani ko‘zga tashlanmoqda. Shomurodovning keng maydon bo‘ylab tinmay harakat qilishi raqibga katta qiyinchilik tug‘diradi va jamoasining imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.

Har ikki markaziy hujumchi o‘rtasida boshlang‘ich tarkibga kirish uchun raqobat ketayotgan bo‘lsa-da, ular maydondan tashqarida do‘st ekanini ta’kidlash lozim. Dovbik o‘zi Eldor unga jamoaga moslashishi uchun katta yordam berganini ko‘p marotaba e’tirof etgan.

Shunga qaramay, hujum chizig‘ida joy bitta. Tez orada Raneri yakuni qarorni qabul qiladi. “Roma” Bilbaodagi o‘yinda Rimdagi uchrashuv natijasini saqlab qolishni ko‘zlab o‘ynashi katta xato bo‘lardi. Murabbiylar “Atletik”ni qanday engish yo‘lini topishi kerak.

Agar Raneri Eldorni ilk daqiqalardan o‘ynatishga qaror qilsa, bu jamoaga Ernesto Valverde shogirdlariga qarshi keskin qarshi hujumlarni uyushtirish imkoniyatini yaratadi. Chunki “Atletik” umumiy hisobda ortda qolyapti va javob o‘yinida ijobiy natijaga erishish uchun oldinga tashlanishga majbur, bu mezbonlar bellashuv davomida baribir bo‘sh hududlarni qoldirishga majbur bo‘lishiga olib keladi.

Raneri boshlang‘ich tarkibga Dovbikni kiritsa, ukrainalik o‘yinchi raqib markaziy himoyachilariga bosim uyushtirishi ta’minlanadi. “Atletik” bosh murabbiyi Ernesto Valerda o‘tgan bellashuvda Shomurodovga qarshi turolmagan Yeray va Vivian o‘rniga bu gal himoya markazida Aytor Paredes va Una Nunesni o‘ynatishni rejalashtirgan.

Nima bo‘lgan taqdirda ham boshlang‘ich tarkibda ikki markaziy hujumchi uchun joy bitta va Eldor uni Artyomda toptib olishi mumkin, - deb yozmoqda ilromanista.eu eksperti Simone Valdarke.

“Atletik” hamda “Roma” o‘rtasidagi Evropa ligasi nimchorak final javob uchrashuvi 13 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:45 da boshlanadi.

Shomurodov aybini yuvishga tayyor!

Gvardiola Husanovdan nimalar kutyapti?

Shomurodov g‘azabda bir zarba bilan darvoza to‘rini teshmoqchi bo‘ldi!

Abbosni Evropada kutishyaptimi? Mashhur agent Husanov va Fayzullaevning farqini aytdi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Мурат
12/03/2025 22:28
Элдор Домбикнинг урнигиа тушкани макул уйиндан хуласа чикарипуйинни озгартира алади