Shomurodov hali ishonchni oqlamadi! Lekin...

  • 2 fevral, 2022, 09:41
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Joze Mourino “Roma” tarkibini sezilarli darajada o‘zgartirib tashladi. Portugaliyalik mutaxassis o‘ziga ma’qul kelmagan o‘yinchilarni birma-bir jamoadan uzoqlashtirmoqda. Bu ikkala transfer oynasida ham kuzatilgan holat.

Tecno

Avval, yanvarda yuz bergan o‘zgariishlar haqida to‘xtalamiz. Bu transfer bozori rimliklar uchun ancha omadli bo‘ldi. Ular bosh murabbiy istagan o‘yinchilardan ikkitasini olishni uddaladi va har ikki yarim himoyachi jamoaga foyda keltira boshladi. Qolaversa, klub asosiy tarkibga kiraolmayotgan bir necha futbolchilardan qutilib, maoshlar fondini ancha engillashtirdi.

Xabaringiz bor, “Roma” mutasaddilari Mourino talabi bilan “Arsenal”dan Eynsli Meytlend-Nayls va “Portu”dan Serjiu Oliveyrani mavsum oxirigacha ijaraga oldi. Angliyalik futbolchi mavsum oxirida jamoasiga qaytariladi. “Bo‘rilar”dan Oliveyrani to‘liq transfer qilish huquqi bor.

220947_m

Eynsli bir necha pozitsiyani yopa olishi, Oliveyra esa tayanch zonada va hujum uyushtirishda ishonchli o‘ynashi bilan ahamiyatli.

Ketgan o‘yinchilarning aksariyati Joze Mourino talabiga javob bera olmagan o‘yinchilardir. Xususan, argentinalik legioner Federiko Fatsio klub bilan shartnomani muddatidan oldin bekor qilib, “Salernitana”ga o‘tib ketdi.

Asosiy tarkib uchun kurashda Eldor Shomurodovga yutqazgan ispaniyalik Borxa Mayoral va uning hamyurti Gonsalo Vilyar “Xetafe”ga ijaraga yuborildi.

19 yoshli vinger Rikkardo Chervo “Sampodoriya”dan qaytarib olinib, “Sassuolo”ga jo‘natildi. 20 yoshli amerikalik himoyachi Brayan Reynolds mavsumni Belgiya chempionatida “Korteyk” jamoasida yakunlaydigan bo‘ldi.

Yana bir iste’dodli himoyachi Rikkardo Kalafori tajriba oshirishi va o‘yin amaliyotiga ega o‘lish uchun “Jenoa”ga berildi.

Mourinoga kerak bo‘lmaydigan darvozabonlar – 27 yoshli Pau Lopes o‘zi ijarada o‘ynayotgan Frantsiyaning “Marsel” klubiga sotib yuborildi, Robin Ulsen esa “Sheffild”dan olinib, “Aston Villa”ga ijaraga jo‘natildi. Villaliklar shved darvozabonini mavsum oxirida to‘liq xarid qilishi mumkin.

Tahlilchilar Joze Mourino tanlovi bilan amalga oshirilgan deyarli barcha transferlar “Roma”ga kutilgan foydani keltirayotganiga alohida e’tibor qaratmoqda. Qishda olingan Eynsli Meytlend-Nayls va Serjiu Oliveyra kelishi bilan asosiy tarkibdan muqim o‘rin olganidan hammamiz xabardormiz.

Yozda olib kelingan o‘yinchilar ham yarim mavsum davomida o‘zini ko‘rsata oldi. “Vulverxempton”dan kelgan  Ruy Patrisiu haqiqiy birinchi raqam egasi ekanini isbotladi. “Palmeyras”dan olingan Matias Vina jarohatlangan Leonardo Spinatstsolaning yo‘qligini bildirmayapti.

“Atalanta”dan o‘tgan Rojer Ibanes ham asosiy tarkibdan muqim o‘rin topdi. “Verona”dan  kelgan Marash Kumbulla ham nihoyat Mourino ishonchini qozondi va keyingi paytda himoyaning asosiy figuralaridan hisoblanadi.

Temmi Abraxamga esa umuman gap yo‘q. “Chelsi” sig‘dirmagan hujumchi Rimda haqiqiy yulduzga aylandi va kuchli beshlikda o‘ynayotgan angliyalik forvardlar orasida to‘purarlik bo‘yicha eng yaxshi natijalarni qayd etib kelmoqda. Rimlik muxlislar Abraxam jamoaning yorqin yulduzi Edin Jekoning o‘rnining bosa olganini tan olmoqda.

Joze Mourino rejasiga ko‘ra, Jeko Rimda qolishi va Eldor Shomurodovning uning o‘rinbosari bo‘lishi kerak edi. Klub rahbariyati bilan munosabati yaxshi bo‘lmagan bosniyalik hujumchi “Inter”ga o‘tib ketganidan so‘ng, rimliklar “Chelsi”dan Abraxamni 40 million evroga olishga majbur bo‘ldi.

Bu o‘zgarishlar Eldorning mavqeiga ham ta’sir qilmay qolmadi. Temmiga qadar klubning asosiy hujumchisi sifatida o‘rtoqlik va rasmiy uchrashuvlarda gol ura boshlagan legionerimiz hozirgacha etarli o‘yin amaliyotiga ega emas.

- Mourino tanlagan futbolchilar orasida faqatgina Eldor Shomurodov kutilganidan pastroq darajada o‘yin ko‘rsatmoqda. Eldor ampluasi bo‘yicha Temmining o‘rinbosari bo‘lishi kerak. Lekin u bu pozitsiyasida juda kam maydonga tushmoqda, - deb yozdi  as-roma nashri.

6177507_1721_eldor_shomurodov (1)

“Roma”da o‘zgarishlar davom etadi. Sport direktori Tyagu Pinto hozirdan kelasi yozda xarid qilinadigan futbolchilar bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilmoqda. Shunday ekan, Rim klubida ichki raqobat kuchayib boraveradi. Eldor Shomurodov esa, mavsumning qolgan qismida ko‘proq gol urib, o‘zida bor salohiyatni ko‘rsatib qo‘yishi talab etiladi. Zero, bu Shomurodovning qo‘lidan keladi.

Shomurodov eshitdingmi, “Roma”ga hakam yordam berarkan!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!