
Shaxmat. Toshkentda Osiyo chempionati boshlandi
Ayni kunlarda poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida XVII Osiyo chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqada hamyurtlarimizdan tashqari Avstraliya, Bangladesh, Xitoy, Gongkong, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Yangi Zellandiya, Qatar, Shri-Lanka, Tojikiston, Turkmaniston, Birlashgan Arab Amirliklari hamda FIDE bayrog‘i ostida 7, 9, 11, 13, 15 va 17 yoshgacha bo‘lgan 400 nafarga yaqin o‘smirlar va qizlar g‘oliblik uchun dona suradi.
Kecha 14 iyul kuni rapid yo‘nalishida chempionlar nomi aniqlandi. Unga ko‘ra, 4 ta oltin, 5 ta kumush va 5 ta bronza, jami 14 ta medal qo‘lga kiritgan terma jamoamiz umumjamoa hisobida birinchi bo‘ldi. Kuchli uchlikda esa Mo‘g‘uliston (4 ta oltin, 1 ta kumush) hamda Hindiston (2 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza) terma jamoalari joy oldi.
Bugundan yosh shaxmatchilar klassik yo‘nalishda bahslarga kirishadi. Uchrashuvlar 9 tur davom etadi. Shuningdek, 20 iyul “Xalqaro shaxmat kuni”da chempionatning blits yo‘nalishida ham kuchlilar saralanadi.
Ma’lumot uchun, Toshkentdagi qit’a birinchiligida FIDE ustalari va fide ustaligiga nomzod shaxmatchilar ham ishtirok etmoqda.
Fikrlar