
Shavkat Salomov aslida qaysi klub bilan kelishib qo‘yganini, "Buxoro"ga qaytishiga nima sabab bo‘lganini bilasizmi?
Oxirgi ikki yilni “Surxon” jamoasida o‘tkazgan tajribali Shavkat Salomov yangi mavsumni pro-ligada o‘tkazadigan bo‘ldi.
Xabaringiz bo‘lsa kerak, u sobiq jamoasi – “Buxoro”ga qaytdi. Endi Salomov ham “Buxoro”ning Superligaga qaytishi uchun astoydil harakat qilishi tabiiy. Sports.uz muxbiri u bilan bog‘landi. Futbolchi esa o‘z fikrlarini quyidagicha bildirdi.
- To‘g‘risini aytaman, men o‘zi “So‘g‘diyona”ga ketishim kerak edi, hammasi aniq bo‘lib ulgurgandi. Keyin ta’ziya bo‘lib qoldi, yangi yil arafasida Buxoroda bo‘ldim. Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov va o‘rinbosari Botir Shahriyorov futbolga juda katta e’tibor qaratishyapti. Buxoroga futbolni qaytarish hamda tiklash uchun katta ko‘lamdagi ishlarni boshlab yuborishgan. Ular bilan gaplashganimda viloyatga futbolni qaytarishni nihoyatda xohlayotganliklari sezilib turibdi, bundan albatta xursandman. Qolaversa, “Buxoro” klubi bosh direktori Jamol Alimov ham jamoani rivojlantirish uchun katta hissa qo‘shyapti. Rahbariyat tomonidan e’tibor jiddiy va sharoitlar yaratilyapti, qolgani esa biz futbolchilarga bog‘liq. O‘z navbatida, “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ulug‘bek aka Baqoevga vaziyatni tushuntirganimda, bo‘ldi gap yo‘q, “Buxoro” uchun bo‘lsa, yordam berishimni qo‘llab-quvvatladi. Men ham unga to‘g‘ri tushungani uchun rahmat aytdim. Shunday qilib, “Buxoro” uchun to‘p suradigan bo‘ldim. Davron Fayzievni oldida ham boshqa klublardan aniq takliflar bo‘lishiga qaramay, “Buxoro”da bosh murabbiy bo‘lib ishlashga rozi bo‘lgani uchun rahmat. Biz barchamiz birgalikda oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarishga harakat qilamiz.
Baribir kun kelib faoliyatimni tugataman. Hozircha kuchim bor, buni o‘zim yaxshi his qilib turibman. Bor kuchimni “Buxoro” uchun sarflamoqchiman. Bu jamoaga ozgina bo‘lsa ham yordamim tegsa va Superligaga qaytarishga hissa qo‘shsam bundan juda xursand bo‘laman. Shu o‘rinda termizlik muxlislarga bizni qo‘llab-quvvatlashgani uchun rahmat aytaman va “Surxon” jamoasiga omad tilayman.
Pro-ligada ham saviya kuchaysa, bu o‘zbek futboli uchun ijobiy bo‘ladi. Bu erda ham Superligaga chiqish uchun kurashadigan klublar ko‘payishini xohlayman. Agar rostdan shunday bo‘lsa, futbolimiz ikki qadam oldinga siljigan bo‘ladi. Hozir “Buxoro” bilan “Neftchi” yaxshi tarkib yig‘ishga harakatni boshlashgan. Shuning o‘zi ham oldinga tashlangan bir qadam deb hisoblasa bo‘ladi. Pro-ligaga kelayotgan o‘yinchilarga qarang, Superliga klublari xizmatlariga qiziqayotgan futbolchilar kelishyapti bu erga.
Menga 2020 yil yoqmadi, pandemiya sababli. Qolaversa, har 3-4 kunda o‘yinlar bo‘ldi, mashg‘ulotlar ham ko‘p qildik. O‘rtada tanaffuslar ham yuz berdi. Masalan, “Navbahor” bilan Toshkentda o‘ynadik, keyin esa Namanganga bordik. Bu ham noto‘g‘rida. To‘rtta turni Toshkentda o‘tkazgandik, keyin esa oxirgi to‘rtta turda hamma o‘z uyida o‘ynadi. Bundan esa, masalan, “Andijon” foydalanib qoldi. Agarda o‘yinlar Toshkentda bo‘lganida qiynalardi. O‘z uyida “Mash’al”ni yutdi. Umuman aytganda, futbol nobarqaror tarzda o‘tdi. To‘g‘risi, yig‘inlarni juda ko‘p o‘tkazdik.
Futbolni umuman tushunmaydigan odamgina oldindan nimadir bo‘ladi, deb 100 foiz kafolat berishi mumkin. Futbolni tushunadigan inson esa, hech qachon uning ustidan kafolat bermaydi. Futbolda nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Shunisi bilan bu sport turi juda qiziqarli. Dunyoda birinchi raqamli desam ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Misol uchun 2019 yili “Surxon”da 9 ta futbolchi o‘zgarishlarsiz o‘ynagan, yakunda klub 6-o‘rinni olgan. O‘tgan yili tarkib yanada kuchaytirildi, ammo “Surxon” qaerda qoldi? Ko‘ryapsizmi, bu futbol, - dedi Salomov.
Fikrlar