Shahboz Erkinov: Klublarni o‘zgartiraverishdan charchadim, buni muxlislardan eshitish og‘ir

  • 13 yanvar, 2021, 22:31
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Bunyodkor”da to‘p surgan hujumchi Shahboz Erkinov yangi mavsumni qaerda o‘tkazadi? Odatda u faoliyatida klublarni ko‘p almashtirgani bilan ham yaxshi tanilgan. Ammo shuni ham unutmaslik joizki, Erkinov tajribali hujumchilardan biri. Sports.uz muxbiri esa Shahboz bilan bir qator mavzularda suhbat uyushtirdi.

Tecno

- O‘tgan yilgi chempionatdan xulosa chiqargan holda yangi mavsumdan nima kutyapsiz? Oldingizga qanday maqsad qo‘yyapsiz?

- Oldimga qo‘ygan maqsad – qaysi klubda bo‘lsam ham foydam tegishi, g‘alabalariga hissamni qo‘shishim, hujumchiligimni hisobga olib, gollarim bilan ham yordam berishni xohlayman. Qancha ko‘p gol ursam jamoamga shuncha ko‘p ochko olib kelgan bo‘laman. Albatta, jarohatlarsiz to‘p surish muhimi. Jarohat olsak, jamoaga foydamiz ham tegmay qoladi.

- “Bunyodkor”dagi muammo va kamchiliklarni hisobga olsak, qayd etgan 4-o‘rinni qoniqarli deb hisoblash mumkinmi?

- Juda yaxshi. O‘tgan yilgi jamoaning ichidagi holat uchun bu ajoyib ko‘rsatkich. Katta yutuq hisoblayman. Ammo bu “Bunyodkor” jamoasi uchun hech qanaqa yutuq emas. Medallarsiz qolgan kam sonli mavsumlardan biri bo‘ldi. Chunki har doim sovrinlar uchun kurashib kelgan. Oiladagi gapni ko‘chaga tashishni istamaganim kabi, klubdagi ichki holatni ham tashqariga olib chiqqim kelmayapti. Vaholanki, klub ichidagi holat uchun 4-o‘rin juda yaxshi natija.

erkinov3

- Ichkaridagi vaziyat nima bilan bog‘liq? Ichki muhitmi yoki rahbariyatning e’tiborsizligimi?

- Ichki muhit ajoyib. Ko‘p jamoalarda to‘p surganman. Futbolda ancha yilni bosib o‘tdim. “Bunyodkor”dagi muhit chindan ham yaxshi edi. Menimcha, muhitning ijobiyligi uchun ham natija shunchalik darajada bo‘ldi. Vaqti kelganda pulsiz o‘ynaganimizni qo‘ya turaylik, hattoki, ovqatsiz ham o‘ynalgan paytlar bo‘ldi. Mana shunday vaziyatda ham shunchalik natijaning bo‘lishi bu ichki muhitning yaxshiligidan. Klub e’tiborsiz qolib ketganini barcha bildi. Faqat futbolchilar emas, butun boshli “Bunyodkor”. Klubda salkam 200-300 atrofida odam ishlaydi. Mayli, o‘yinchilar eplab pul topib turar. Bu yoqda farroshlar, idish yuvadigan, ovqat pishiradiganlar, kirlarimizni yuvadiganlar...Ular ham e’tiborsiz qolib ketdi-da. Shularga qattiq achindik.

- To‘g‘ri, futbolchilar ovqatsiz qolib ketgani va o‘zlari pul yig‘ib qorin to‘ydirishganini eshitgandim...

- Bu bo‘lgan narsa. Klubda ko‘p futbolchilar toshkentlik. Viloyatdan kelgan o‘yinchilar ham bor. Bazada yashaydigan yigitlar ham bor-da. Keyinchalik biz ham eshitdik, o‘zlari yonidan ovqatlanishganini. Hamma o‘zicha haq. Kimdir futbolchilar kech kelgan deydi, kimdir oshpazlar barvaqt ketib qolgan deydi. Xullas, ovqatsiz qolgan paytlari bo‘lgan.

erkinov5

- Hozirda klubdagi vaziyat qanday?

- Ijobiy o‘zgarish bo‘lyapti. Masalan, oylik maoshlarni deyarli hal qilishdi. Mukofot pullari qolgan, shularni ham kutyapmiz. Sabr qilib kutib turibmiz.

- Og‘ir kechgan mavsumdan keyin klubni o‘zgartirish haqida o‘ylamayapsizmi?

- Menga qolsa, klubni o‘zgartiraverib charchadim. Shu paytacha faqatgina o‘z xohishim bilan jamoani o‘zgartirdim deya olmayman. Qaerdir menga talab bo‘lmagan, yana qaerdadir mening talabimga to‘g‘ri kelmagan. Masalan, jiddiyroq maqsadi bor klubdan taklif bo‘lganida ketganman. Misol uchun “Nasaf” bilan chempionlar ligasida to‘p surish, chempionatda sovrinli o‘rinlar uchun kurashishni istaganman, “Paxtakor”da ham shunday. Talabi kattaroq klubga borganim o‘sishni istaganim bo‘lgan. Murabbiy almashsa, uning uslubiga mos tushmasligingiz mumkin. O‘zimga ham klublarni xadeb almashtirish yoqmaydi. Muxlislar ham menga bu haqida ko‘p gapirishadi. Buni eshitish o‘zimga ham og‘ir botadi. Masalan, korxonada ishlaysiz, ammo sizga oylik maosh to‘lamasa, bu yoqda oila, ota-ona, bola-chaqachi? Ularni nima bilan boqasiz? Odamlar gapirmasin sadoqatli bo‘laylik deb yuramizmi? Qorinni to‘ydiradigan sadoqat bo‘lsa mayli, lekin unaqasi yo‘q-ku. Hech qachon yaxshi joyni tashlab ketmaysiz. Talab bo‘lsaki, yaxshi joydan ketmaysiz. “Bunyodkor”da ham qolish niyatim bor. Vaziyat nima bo‘lishini kutyapmiz.

erkinov6

- Sizga “Andijon”dan taklif bo‘lganini eshitdim. Bunga qanday qarayapsiz?

- Bu haqida hozircha hech narsa demaganim yaxshi. To‘g‘ri, aloqaga chiqishdi, gaplashdim. Lekin hozircha bu xususida o‘ylagim kelmayapti. Nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Nima qilamiz, to‘ydan oldin nog‘ora chalib. Sizlarning ta’biringiz bilan aytganda, voqealar rivojini kuzatamiz.

- Futbolchi bilan bir yillik shartnomalarning tuzilishi tomonlarning bir-biriga ishonchi yuqori emasligidan darak beradimi?

- Bir xil jamoalarda rahbarlar futbolchiga ishonmaydi, o‘ynab keta olishiga. Ba’zida o‘yinchilar xohlashmaydi. Bunday sharoitda ko‘proq yilga shartnoma tuzgisi kelmaydi. Shuningdek, yosh masalasiga ham bog‘liq. 30 dan keyin ikki-uch yillik shartnomalar tuzilmaydi. Qani, keyin ko‘ramiz, gaplashamiz deyishadi. Ko‘p yillik bitim tuzish faqat futbolchiga bog‘liq emas. O‘zim bir necha yilga shartnoma tuzish tarafdoriman. Hech bo‘lmasa ikki yilga bitim imzolasa bo‘ladi. Murabbiyni uslubiga moslashishiga 2-3 oy, 6 oy, hatto ayrim yoshlarga 1 yil vaqt ketadi. Bu Evropada ham bor narsa. Bu bir tomondan murabbiyga ham qiyin. Yoshlarni esa mavsum tugaganda xayoli chalg‘iydi, boshqa klublardan takliflar tushsa. O‘yin haqida o‘ylamay qolishi mumkin. Agar ikki-uch yillik shartnomasi bo‘lsa xotirjam ravishda hech nimaga chalg‘imasdan faqat o‘yini haqida o‘ylaydi. Agar jarohat olsa hech kimga kerak bo‘lmay qolaman, degan tushuncha paydo bo‘ladi. Bu bizning futbolimizda achinarli holat. Agar shartnomasi bir necha yil bo‘lsa, jarohat olsa ham bezovtalanmaydi, chunki davolanishga va maydonga qaytishiga ishonchi ham, vaqti ham bo‘ladi.

erkinov

- Siz biror klub bilan shartnoma tuzishdan avval rahbarlarga qanchalik ishonasiz?

- Tabiatan bo‘lsa kerak, ancha ishonuvchanman. Shuning uchun bundan ko‘p kuyaman. Menda ishonmaslik degan narsa yo‘q. Hozirgi hayotda esa bu kamchilik bo‘lib qoldi. Bu borada ko‘p pand egandan keyin ishonmaslik tuyg‘usi paydo bo‘larkan. Odamgarchilikka boramiz va aldamasa kerak deb fikrlaymiz va ishonaveramiz. Faqat rahbarlarga nisbatan emas, umuman hayotda demoqchiman.

- Vadim Abramovsiz “Bunyodkor”dagi mashg‘ulotlar qanday o‘tyapti?

- O‘sha mashg‘ulotlar. Oldingi murabbiylar boshchiligida ishlayapmiz. Deyarli hammasi o‘sha. Hozircha Abramov paytidagi mashg‘ulotlar. “Bunyodkor” yosh jamoa. Pul to‘lamayapti deb futbolchilar mashg‘ulotlarni tashlab qo‘ygani yo‘q. Klub menga juda yoqdi. Shuning uchun ham ular o‘syapti.

erkinov1

- Lekin bir qator iqtidorli o‘yinchilar klubdan ketishyapti...

- Ha, shunisi achinarli. Albatta, odamni ko‘nglini xira qiladi. Tayyor jamoa edi, shakllanib qolgandi. Agar tarkibni saqlab, yana 4-5 ta o‘yinchi olinganida raqobat ham oshardi. Boshqalar ham bo‘shashmasdi. Boshqatdan jamoa tayyorlash kerak. Lekin o‘rnini bosadigalar bo‘ladi. Faqat bunga vaqt kerak. “Bunyodkor”dan ketgan hozirgi yigitlar ham qachondir etakchilarning o‘rnini to‘ldirishgan. Shunga o‘xshab hozirgi ketganlarni ham o‘rnini to‘ldiradiganlar bo‘ladi. Lekin qiyin bo‘ladi.

- Shahboz Erkinovni yana qancha vaqt maydonda ko‘rishimiz mumkin?

- Xudoga shukr, sog‘ligim yaxshi, kuch-quvvatim bor. Muhimi, jamoaga foydam tegishini sezguncha o‘ynayveraman. Agar yordamim tegmayotganini sezsam, shunda tugatish vaqti kelganini tushunib etaman. Lekin futbolga muhabbat bor, buni yoshim o‘tgan sari his qilyapman. Masalan, bir hafta dam olsak, darrov to‘pni sog‘inamiz. Borgan sari maydonda to‘p surishga ishtiyoq yuqoriligin sezyapman, buni qadriga etyapman.    

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!