
Saudiya Arabistoni jamoasi murabbiyi: 24 yildan beri Olimpiada yo‘llanmasini kutayotgan edik
Osiyo chempionati yarim finalidan o‘rin olgan Saudiya Arabistoni - O‘zbekiston uchrashuvidan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida mehmonlar ustozi Saad Ali Al Shehri ishtirok etdi.
- Hozir hayajondan biror gap kelmayapti. 24 yildan beri Olimpiada yo‘llanmasini kutayotgan edik. Bu bilan butun jamoamni tabriklayman. Saudiya Arabistoni futbolda Osiyodagi eng kuchli jamoa bo‘lib qaytmoqda, – dedi Saad Ali Al Shehri.
– Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma olinganining o‘zi jamoani qoniqtiradimi?
– Bu biz uchun birinchi qadam edi. Endi final uchun tayyorlanamiz. Uzoq yildan beri finalda o‘ynamadik. Shunday ekan, bor e’tiborimizni endi g‘alaba qozonishga qaratamiz.
– Agar uchrashuv so‘ngida gol ura olmaganingizda ham shunday o‘ynashda davom etarmidingiz?
– O‘zbekiston musobaqaning amaldagi g‘olibi. Bu jamoada juda ko‘p mahoratli o‘yinchilar yig‘ilgan. Biz ekstra-taymga ham sekin tayyorlanayotgan edik. Omad yakunda biz tomonda bo‘ldi. O‘zbekistonga keyingi uchrashuvda omad tilayman.
Fikrlar