
Ro‘ziqul Berdiev: "Mag‘lubiyatni unutib bor e’tiborimizni keyingi bellashuvlarga qaratamiz"
OChL-2023/24 Pley-off bosqichi javob uchrashuvidan o‘rin olgan "Al-Ayn" - "Nasaf" bahsidan so‘ng "ajdarlar" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- "Al-Ayn" jamoasini bugungi g‘alaba bilan tabriklayman. Shuningdek, o‘z yigitlarimga ham rahmat aytmoqchiman. Biz bugun kuchli raqibga qarshi kurashdik, o‘ynadik, g‘alaba qozonish uchun bor kuchimiz bilan harakat qildik. Afsuski o‘yindagi ba’zi holatlar mag‘lubiyatga sabab bo‘ldi", - dedi Ro‘ziqul Berdiev.
- Jamoangiz Qarshida bo‘lib o‘tgan bellashuvda o‘z muxlislari oldida bosim ostida harakat qilganmidi? Chunki bugun “Nasaf” birinchi uchrashuvga qaraganda yaxshi o‘yin o‘tkazdi. Ikkinchi savol. Jamoa bu bosqichda musobaqani tark etishiga qanday qaraysiz?
- "Qarshidagi uchrashuvda biroz bosim ostida harakat qilgandik. Shu bilan birga, bu mavsumdagi birinchi rasmiy bellashuv edi. Bugun Qarshidagi bahsga qaraganda mazmunliroq futbol o‘ynadik. Jamoamiz uslubi o‘yindan-o‘yinga yaxshilanib boradi. Shuni aytishimi kerakki, bugungi ko‘rsatgan o‘yinimiz bilan musobaqaning bu bosqichidan chiqib ketishimiz biz uchun alamli bo‘ldi. Biz g‘alaba uchun maydonga chiqqan edik".
- Chempionlar ligasini tark etishingiz milliy chempionatdagi ishtirokingizga qanday ta’sir qiladi? Mag‘lubiyat motivatsiya beradimi yoki aksincha jamoaning ruhini tushiradimi?
- "Bugungi o‘yin haqida yigitlar bilan gaplashib oldik. Mag‘lubiyatni unutib bor e’tiborimizni keyingi bellashuvlarga qaratamiz. Bugun biz yaxshi o‘ynadik. Nimaga qodirligimizni ko‘rsatdik. Bu bizga keyinga o‘yinlarda motivatsiya bera oladi".
Fikrlar