
Ro‘ziqul Berdiev: Jamoamiz hozir chempionlik uchun kurashadigan ahvolda emas
Mavsumni uchta frontda boshlagan «Nasaf» klubi bungacha O‘zbekiston Liga Kubogi musobaqasidan chiqib ketdi. O‘zbekiston Kubogida esa yarim finalga chiqdi. Ichki chempionatda bo‘lsa, qarshiliklarning ishtirokini u qadar yomon deb bo‘lmaydi. Tarkibini butunlay mahalliy tarbiyalanuvchilari tashkil qilayotgan bu jamoaning ko‘rsatayotgan o‘yini hali hamon muxlis va mutaxassislarning e’tiborini tortib kelmoqda. Jamoani shu holatda ham o‘z darajasida ushlab turishga harakat qilib kelayotgan bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiev yangi iste’dod egalarini kashf qilishda davom etmoqda. Ammo ularni oldinda jiddiy bahslar kutmoqda. Yuqorida aytganimizdek, O‘zbekiston Kubogining yarim finaliga chiqishdi va bu bosqichda ularni «Paxtakor»ga qarshi og‘ir bellashuv kutib turibdi.
- Shaxsan o‘zim qur’a tashlash jarayonini kuzatganim yo‘q. Albatta, yarim finaldagi uchala jamoa ham «Paxtakor»dan «qochishga» harakat qilgandi-yu, ammo biz tushib qoldik, - deya gap boshladi, «Nasaf» bosh murabbiyi. - Lekin bu qur’a. Ammo shuni ham esdan chiqarmaslik kerakki, bundan oldingi chorak final o‘yinini ham mehmonda Namanganda o‘tkazdik. Aytishim mumkinki, «Navbahor»ga qarshi juda qiyin uchrashuvda o‘ynagandik. Endi esa «Paxtakor»ga qarshi yana mehmonda o‘ynashimizga to‘g‘ri keladi. O‘zi bundoq olib qaraganda, Kubokda ko‘p o‘yinlarimizni asosan safarda o‘tkazishimizga to‘g‘ri kelyapti. Bu ham baribir o‘sha qur’a bilan bog‘liq holat-da, bu borada biror nima deb ham bo‘lmaydi. Tan olish kerak, «Paxtakor» hozirgi kunda eng kuchli jamoa. Biroq har qanday vaziyatda ham biz raqibga osonlik bilan yutqazib qo‘yishni xohlamaymiz. Bu raqibga qarshi kuchimiz etganicha, imkoniyat darajasida harakat qilamiz. Bilasizmi, agarda yosh jamoamiz Kubok finalida o‘ynasa juda yaxshi ish bo‘lardi. Yigitlarimizning tajribasi ham oshgan bo‘lardi. Chunki men buni bejizga aytayotganim yo‘q. Boisi, jamoamizning hozirgi ko‘rsatayotgan o‘yini finalga loyiq deb bemalol ayta olaman. Shu sababli qilayotgan mehnatlarimizning samarasini ko‘rish uchun jamoamizning finalga chiqishini juda-juda istayman. Albatta, qur’a biz uchun kuchli raqibni tanlab berdi. Shunga qaramasdan, boya ta’kidlab o‘tganimdek, biz oxirigacha kurashamiz. Maqsadimiz o‘sha o‘yinda ijobiy natijaga erishish. O‘yin g‘olibi bitta o‘yindan iborat va buni chuqur his qilgan holda uchrashuvga har tomonlama yaxshi tayyorlana olsak, o‘zimiz ko‘zlagan natijaga erisha olamiz.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Kubogining yarim final bahslari ham bitta o‘yindan iborat bo‘ladi. Bunda esa qaysidir ma’noda mehmon jamoaning imkoniyatlari nisbatan pasayib, o‘z-o‘zidan mezbon jamoaning ustunligi o‘yindan oldin sezilishi mumkin. Bu haqida Ro‘ziqul Berdievning munosabatini eshitamiz.
- Oldin bunday bo‘lmasdi, o‘yinlar asosan ikkita o‘yindan, uy va safar tizimidan iborat bo‘lardi. Balki bu yil Liga Kubogi musobaqasi ham qo‘shilgani uchun O‘zbekiston Kubogi bahslari bitta o‘yindan iborat bo‘layotgandir. Lekin men uchun bunday juftliklarning o‘zaro o‘yinlari ikkita uchrashuvdan iborat bo‘lgani yaxshiroq edi. Bu yarim final bahsi bo‘lgani uchun ham bunday paytda ikkala jamoaning imkoniyatlari bir xil bo‘lishi kerak. Ammo o‘yinning faqat bitta bellashuvdan iboratligi, albatta maydon egalariga ustunlikni taqdim etmasdan qolmaydi. Axir u o‘z maydonida va muxlislari qarshisida o‘ynaydi. Shunday ekan, o‘ylashimcha, o‘z maydonida o‘ynaydigan jamoaning imkoniyati o‘z-o‘zidan ko‘proq bo‘lib qolyapti. Agar qarama-qarshiliklar ikkita o‘yindan tashkil etilganida jamoalarning imkoniyatlari tenglashgan bo‘lardi. To‘g‘ri, yilning boshida bu format tuzilgandi. Lekin keyingi yildan boshqacha format bo‘lsa kerak. Chunki O‘zbekiston Kubogi ham bizning eng katta darajadagi musobaqalarimizdan biri hisoblanadi. Bunday holatda esa unda ishtirok etayotgan jamoalar ham bir xil imkoniyatga ega bo‘lishlari lozim. Yuqorida aytdim, biz bundan avval ham Namanganda bitta o‘yindan iborat bo‘lgan bellashuvda o‘ynagandik. O‘shanda ham g‘alabaga osonlikcha erishmagandik. Biz ham o‘z maydonimizda ko‘proq o‘ynashni xohlaymiz. Chunki muxlislarimiz ham bunday muhim o‘yinlarni o‘z stadionida ko‘rishni istashadi. Bu yarim final ekan, hammasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu bois men ikkita o‘yinning tarafdoriman.
Yodingizda bo‘lsa, chempionat doirasidagi dastlabki turlarda «Nasaf» aynan Toshkentda «Paxtakor»ga qarshi uchrashuvda munosib ishtirok etgandi. Garchi o‘shanda Berdiev jamoasi 1:2 hisobida yutqazganiga qaramay, «Nasaf» tomonidan namoyish etilgan o‘yin hammaga birdek manzur bo‘lgandi. Biroq o‘sha paytda hakamlar asosiy mavzuga aylanib qolishgandi va ko‘pchilik «Nasaf»ning mag‘lubiyatida bellashuvni boshqarib borgan hakamlarni sababchi qilib ko‘rsatishgani yodimizda. Bu safar ham shunga o‘xshash vaziyat takrorlanishi Ro‘ziqul Sa’dullaevichni cho‘chimatyaptimi? Bu masala bo‘yicha murabbiyning javobi shunday bo‘ldi:
- Biz doim halollik tarafdorimiz. To‘g‘ri, hakamlar ham xato qilishadi. Lekin ular bu xatolarni ataylab qilishadimi yoki bilmasdanmi, bilmadim. Ammo umid qilamanki, bunday yarim final bahslarida xatolarga yo‘l qo‘yilmaydi. Hakamlar tomonidan yo‘l qo‘yiladigan xatoliklar esa asosan muxlislarni futboldan qochiradi xolos. Balki qaysidir jamoaga chempionlik kerak emasdir. Ammo boshqa bir klub chempionga erishsa-yu, lekin bunda hakamlaring xatolari kuzatilsa, u holda ishqibozlarning futbolga bo‘lgan ishtiyoqini so‘ndiradi. Chunki ayni paytdagi asosiy maqsadlardan biri shu bo‘lyaptiki, ishqibozlarni yana futbolga qaytarish muhim masalaga aylangan. Futbol esa faqat halollikni talab qiladi. Ishonamanki, endi biz keyingi uchrashuvlarda hakamlarni deb jabr chekmaymiz.
“Nasaf» klubi milliy chempionatda hozirgi kunda 6-o‘rinda boryapti. O‘zbekiston Kubogida esa finalga chiqish uchun bir qadam qoldi. «Paxtakor»da esa sovrin yutish uchun uchala frontda ham birdek faol kurash olib boryapti. Bu borada esa «Nasaf»da faqat bitta yo‘l qolgan. U ham bo‘lsa, O‘zbekiston Kubogi orqali sovrin yutish. Bunday vaziyatda go‘yoki «Paxtakor»ga nisbatan «Nasaf»ning g‘alaba qozonishi shartdek tuyulmoqda. Bu esa Ro‘ziqul Berdiev jamoasiga ortiqcha bosimni keltirib chiqarmaydimi?
- Bizda hech qanaqa bosim yo‘q, - deb mavzuni davom ettirdi, Berdiev. – Bilasizlar, bu mavsumda jamoamiz oldiga biror-bir katta vazifa qo‘yilgani yo‘q. Chunki yodingizda bo‘lsa, jamoamiz qiyin ahvolda edi. Aytishim kerakki, bizning hozirgi natijalarimizni ham hech kim kutmagandim. Shu sababli bizda hech qanaqa bosim yo‘q. Birov bizga Kubokni olmading yoki chempion bo‘lmading deb tazyiq o‘tkazmaydi. Shunchaki, biz futbolchilar va rahbariyat bilan birgalikda yanada yaxshiroq o‘yin ko‘rsatib, muxlislarni xursand qilishga harakat qilyapmiz. Ammo doimgidek biz medallar va Kubok uchun harakat qilishda davom etaveramiz. Bizda esa hali ham medallar uchun kurashishga imkoniyatimiz bor. Ammo o‘zimiz qatnashgan musobaqalarda yaxshi natija ko‘rsata olmagan taqdirimizda ham bu biz uchun mavsumni yomon o‘tganini anglatmaydi. Negaki, hozirda jamoamiz har tomonlama chempionlik uchun kurashadigan ahvolda emas. Ammo o‘zimizning oldimizga shaxsiy vazifalarimizni qo‘yganmiz va shunga qarab harakat qilyapmiz.
Quvonarli tomoni shundaki, «Nasaf» tarbiyalanuvchilarining aksariyat futbolchilari milliy va olimpiya terma jamoalarida yig‘inlarda va o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etishdi. Bu holat shuni ko‘rsatyaptiki, «Nasaf» klubi hali hamon terma jamoalarimiz uchun munosib kadrlarni etkazib berishda davom etyapti. Ammo ikkinchi tomondan Ro‘ziqul Berdiev jamoasining asosiy negizi bo‘lgan futbolchilarisiz chempionat bahslariga qay tariqa tayyorgarlik ko‘rmoqda ekan? Bunday paytda esa murabbiyning rejalari ham o‘zgarib ketgan bo‘lsa ajab emas…
- Biz qolgan futbolchilarimiz bilan rejamiz asosida ishlayapmiz. Masalan, «Dinamo» jamoasi bilan nazorat uchrashuvini ham o‘tkaza oldik. Mana, biri-ketin olimpiya va milliy terma jamoamizdagi futbolchilarimiz mashg‘ulotlarimizga etib kelishdi. Ammo bir narsani alohida aytishim kerakki, qilayotgan ishimiz qanchalik qiyinchilik tug‘dirmasin biz baribir terma jamoalarimiz uchun munosib o‘yinchilarni etkazib berishimiz kerak. Axir bu bizning asosiy maqsadlarimizdan biri hisoblanadi. Albatta, etakchilarsiz shug‘ullanish ham o‘ziga yarasha qiyinchilik tug‘diradi. Masalan, terma jamoalardan qaytgan futbolchilar turlicha holatda bo‘lishlari mumkin. Lekin biz bunday vaziyatga birinchi bor tushib qolayotganimiz yo‘q, ko‘p bor shunday holat ro‘y bermoqda. Shunga qaramasdan, biz vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilyapmiz.
Asosiysi, «Nasaf»dan etishib chiqqan iste’dod egalari terma jamoalarda ham chinakam etakchilarga aylanishyapti. Misol uchun olimpiya jamoamiz kuni kecha Eronga qarshi nazorat bahslarini o‘tkazdi. Ikkinchi o‘yinda vakillarimiz 4:1 hisobidagi ishonchli g‘alabaga erishishdi. «Nasaf» hujumchisi Bobur Abduholiqov esa o‘sha bahsda xet-trikka erishib, o‘zining ajoyib o‘yini bilan muxlislarning e’tiborini qozondi. Biroq «Nasaf» tarkibida u joriy mavsumda sermahsul o‘yin ko‘rsatyapti deb ayta olmaymiz. Boisi, hozirga qadar hujumchi o‘z klubi safida faqat bitta gol ura oldi xolos. Bu holatni Ro‘ziqul Berdiev shunday izohladi:
- Yodingizda bo‘lsa, Bobur mavsumni jarohati bilan boshlashiga to‘g‘ri kelgandi. Ayniqsa, tayyorgarlik jarayonining ko‘p qismini o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Balki shuning uchun futbolchiga o‘zini ruhiy tomondan tiklash ham qaysidir ma’noda ta’sir ko‘rsatgandir. Ammo u bizning jamoamizda ham o‘z imkoniyati darajasida o‘ynashga harakat qilyapti. Lekin hujumchidan birinchi navbatda ko‘proq gol urish talab qilinadi. Lekin O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi safida u Eronga qarshi chindan ham yuqori darajada o‘yin ko‘rsatdi.
Ayniqsa, bu yil «Nasaf»da yana bir hujumchi Humonyun Murtazoev gol urish borasida o‘zining sermahsulligini ko‘rsatib kelmoqda. Natijada Bobur Abduholiqov go‘yoki uning fonida ikkinchi raqamli hujumchiga aylanib qolgandek ham tasavvur uyg‘otmoqda. Bunday mulohazaga esa bosh murabbiyning javobi shunday bo‘ldi.
- Humoyun Boburdan birinchi raqamli hujumchi nomini tortib oldi demagan bo‘lardim. Murtazoev ko‘proq o‘yin o‘tkazyapti va u hujumlarni yakunlayapti. Ammo Abduholiqovda ham hozirgi vaziyatga kelib holati yaxshilanib boryapti. Masalan, «Nasaf»ning oxirgi o‘yinlarida ham u to‘liq maydonda harakat qilyapti. Olimpiya terma jamoasi safida uchta gol urdi deya uning imkoniyatlarini yuqori baholamay turaylik va osmonga chiqarib qo‘ymaylik. Bu faqat o‘rtoqlik uchrashuvi sanaladi. Ammo Bobur birinchi o‘yinga nisbatan ikkinchisida yaxshiroq o‘ynadi. Balki bunday ishonchli o‘yin navbatdagi uchrashuvlarda ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin. Ba’zi futbolchilar borki, ular bitta o‘yinda uchtadan gol urishmaydi, ammo uchta uchrashuvda bittadan gol urib o‘yin taqdirini hal qila oladilar. Bu narsa ham juda muhim sanaladi.
Birinchi davradan keyin «Nasaf» ustozi tarkibga legioner o‘yinchilarni qo‘shish orqali tarkibni yanada kuchaytirish rejasi borligini ma’lum qilgandi. Biroq ko‘rib turibmizki, ikkinchi davrada ham tarkibda hech qanday o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.
- Legioner olmoqchi bo‘lsak ham uni juda chuqur o‘rganib chiqqanimizdan keyin taklif qilamiz. Jamoamizga har tarafdan yordam bera oladigan xorijlik futbolchi kerak. Lekin biz o‘zimizga pozitsiya bo‘yicha ma’qul keladigan legionerni topa olmadik. Ayrim topgan futbolchilarimizning talablari esa juda yuqori bo‘ldi. Hozirgi kunda ularning bunday katta talablarini bajarishga qodir emasmiz. Bu birinchi tomoni edi, ikkinchi tarafdan esa o‘zimizning qora ko‘zlarimiz ham yaxshi o‘yin ko‘rsatishyapti. Ularga esa imkoniyat berishimiz lozim. Baribir bir-ikkita legioner olib kelganimiz bilan chempion bo‘lishimiz juda qiyin edi. Mayli, yoshlarimiz o‘z ustida ishlab o‘sib borishyaptimi, ular o‘ynab shu darajaga chiqishyotgan paytda yana o‘yin amaliyotini taqdim qilishga qaror qildik.
Milliy terma jamoamizning Falastinga nursiz o‘yinda yutqazib qo‘yganidan keyin muxlislar bosh murabbiy ruliga o‘zimizning mutaxassislar nomzodini ilgari surishgan holda bu vaziyatda Ro‘ziqul Berdievning nomi ham tilga olinayotganini eshitib turibmiz…
- Bundan oldin terma jamoamizda mahalliy murabbiylarga ishonib ko‘rishgandi. Keyin esa ko‘pchilikning talabi xorijlik murabbiyni olib kelish bo‘ldi. Mana, istaganimizdek chet ellik mutaxassis olib kelindi. Endi unga oxirigacha imkoniyat berib ko‘raylik. Axir hali vazifa bajarilmay qolmagandir. Ochig‘i, bu haqida biror-bir fikr bildira olmayman. Terma jamoada qaysi murabbiyni ko‘rishni xohlayotganlari esa bu muxlislarning fikrlari. Men esa faqat O‘zbekiston futboli uchun qayg‘uraman. Menga kim ishlamasin, u Kuper bo‘ladimi, Abramovmi yoki boshqasimi, muhimi, futbolimiz yutishini istayman. Men uchun birinchi navbatda futbolimiz qiziq. Albatta, milliy terma jamoamizning Falastinga yutqazib qo‘ygani hammaning kayfiyatini buzdi. To‘g‘ri, yutqazish mumkin. Ammo futbolda kurashmasdan turib mag‘lub bo‘lish – buni futbolga va muxlislarga bo‘lgan hurmatsizlik deb o‘ylayman. Lekin jamoamiz baribir kuchli va ular vaziyatni o‘nglay olishadi, - deya munosabat bildirdi, «Nasaf» ustozi.
Fikrlar
Nimaga deganda yoshlar uz kuchiga ishona oladi va bir emas ikki pogona usishga erishadi.
Shu xolatni yuqoridagi mutasadilar Pahtani Nasafga tugrlamasdan oldin uylashi kerak edi .
Mayli lekin Nasafga mexmon bulganda edi titib tashardik Pahtani.
Nu lekin Toshkentda Nasaf 11 ta futbolchiga qarshi emas butun PFL ga qarshi uynaydi.
Bu aniq ...