
Ro‘ziqul Berdiev: "Bugungi g‘alaba biz uchun juda ham qimmatli"
“Nasaf” klubi Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga og‘ir o‘tgan o‘yinda 1:2 hisobida muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdan so‘ng, “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Bugungi uch ochko biz uchun juda ham qimmatli. Chunki kuchli raqib maydonida, safarda uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Bu juda ajoyib. O‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, biz birinchi bo‘limda o‘yinni to‘liq nazoratimiz ostiga oldik. Hisobda ham oldinda bordik, to‘pda ham, o‘yinda ham. Lekin ikkinchi bo‘limda maydon egalari bizga qaraganda ancha yaxshi o‘yin namoyish etdi. Ular asosan qanotlardan hujum tashkil etib, standartlarga tayanishdi. Biz esa bu holatga etarli darajada tayyor bo‘lmaganligimiz tufayli standart vaziyatdan gol o‘tkazdik. Umuman olganda, bugun yigitlar ko‘rsatmalarni yaxshi bajarishdi. Biz “So‘g‘diyona”dek kurashuvchan jamoaga qarshi yaxshi kurashdik. Bu esa bugungi g‘alabamizning asosiy omili bo‘ldi” - deya Ro‘ziqul Berdiev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Siz asosan bitta hujumchi bilan harakat qilar edingiz. Bugun esa maydonda ikkita hujumchi harakat qildi. Bu taktik o‘zgarishmi? Yoki tezkorlikni xohlagan edingizmi?
- Bugun sxemamizga ozroq o‘zgarish kiritdik. Sof uchta himoyachi bilan harakat qildik. Bugun 3-4-3 sxemasida o‘ynadik. Bu qaysidir ma’noda “So‘g‘diyona” jamoasiga noqulaylik tug‘dirdi. Bugun ikkita hujumchi bilan o‘ynaganimizning sababi ular ikkalasi ham bosh bilan yaxshi o‘ynaydi. Ular bizga hujumda ham, himoyada ham kerak edi.
- Keyingi oydan U-23 Osiyo chempionati boshlanadi. Timur Kopadze jamoani 18 maydan boshlab yig‘adi. Sherzod Nasrullaevning jarohati bor. Alibek Davronov katta ehtimol bilan U-23 terma jamoasiga ketib qolsa qanotda yuzaga keladigan bo‘shliq sizga qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
- Bizda hozir G‘olib G‘aybullaev safga qaytyapti. Balki keyingi o‘yinlarimizni uchta himoyachi bilan o‘ynashga majbur bo‘lamiz. Bugun Saitov bilan Muhitdinov qanotlarda harakat qilishdi. Shu sababli imkoniyatimizga qarab taktika tanlaymiz va vaziyatdan chiqishga harakat qilamiz.
- Hozirgi kunda mutaxassilar va murabbiylar o‘rtasida Liga Kubogi haqida qizg‘in muhokamalar davom etmoqda. Turnirda qo‘shni Respublikalardan ham jamoalar ishtirok etishi haqida gapirilmoqda. Bu haqida sizning fikringiz qanday?
- Bu haqida birinchi marta sizdan eshityapman. Bu musobaqaning qanday formatda o‘tishi, qaysi jamoalar ishtirok etishi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Lekin bu jamoalar uchun yaxshi. Chunki futbolchilar uchun ham ko‘proq o‘yin amaliyoti bo‘ladi. Ammo bizning jamoaga qiyinchilik tug‘diradi. O‘zlaringizga ma’lum, “Nasaf” uchta turnirda ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, futbolchilarimiz terma jamoa o‘yinlarida ham qatnashishyapti. Shu sababli bu bizga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Lekin o‘yinlar ko‘p bo‘lgani futbolchilar va jamoalar uchun yaxshi.
- “Nasaf” joriy mavsumda qandaydir sovrin yoki o‘rin uchun o‘z oldiga maqsad qo‘ydimi?
- Biz har doim sovrinli o‘rinlar uchun kurashishni maqsad qilganmiz. Ikkinchi davrada jamoamizni yanada kuchaytirishni rejalashtirganmiz.
“Nasaf” futbol klubi matbuot xizmati.
Fikrlar
Ana o'shanda Ok bo'ladi!