
Ronaldu "Real"ga qaytishga arziydimi?
"Yuventus" 2018 yilning yozida Chempionlar Ligasini yutish uchun Krishtianu Ronaldu bilan shartnoma imzoladi. Portugaliyalik futbol yulduzi kelganidan keyin rahbariyat va muxlislar unga katta umid bog‘ladi. Ronalduning o‘zi yangi chorlovni qabul qilish va klubni Evropaning yuqori cho‘qqisiga olib chiqish istagidaligini bildirdi. Natijada, "Ayaks", "Lion" va "Portu" uning bu orzusiga to‘sqinlik qildi. Shundan so‘ng, uning mavsum yakunida “Yuventus”dan ketishi haqida turli mish-mishlar tarqala boshladi. Shu bilan birga, "Yuve"ning sport direktori Fabio Paratichi klub hali u bilan shartnomani uzaytirish masalasini ko‘rib chiqmayotganini aytdi. Uni esa sobiq klublari orasida "Real Madrid"dan boshqa hech biri ortga qaytarmoqchi emasligi oydinlashdi. Shundan kelib chiqqan holda aytadigan bo‘lsak, Ronalduning 4 marta Chempionlar Ligasida g‘olib chiqishiga va 4 marta "Oltin to‘p" sohibi bo‘lishiga sababchi bo‘lgan klubga katta qaytishni amalga oshirishiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Biroq, hatto "Real"ning o‘zi ham bu qaror to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligiga to‘liq ishonch hosil qilmayapti. Chunki bunga etarli sabablar bor. Nima uchun "Qirollik klubi" o‘z afsonasini ortga qaytarmasligi kerak? Quyida aynan shu masalada fikr yuritamiz.
Qisqa muddatli natija uchun katta moliyaviy yuk
Madridliklar allaqachon "Santyago Bernabeu"ni ta’mirlash uchun 100 million evrodan ortiq mablag‘ sarflab bo‘ldi. Shu sababli, klub so‘nggi ikkita transfer oynasida yangi futbolchilar sotib olmadi. Qolaversa, koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan butunjahon moliyaviy inqirozi "Qirollik klubi"ni ham chetlab o‘tmadi. Shuning uchun klub rahbariyati mablag‘larni tejashga harakat qilmoqda. Yangi mavsum esa jamoaga “yangi qon quyish” kerakligini ko‘rsatmoqda. Ronalduning qaytishi madridliklarning sifatli transferlarni amalga oshirish rejalariga xalaqit berishi mumkin. Portugaliyalik futbolchining ortga qaytarish oson va nisbatan arzon, ammo uning 30 million evrolik maoshi haqiqiy yukka aylanadi. Natijada, "Real"da uzoq muddatli istiqbolda barcha kerakli xaridlarni amalga oshira olmaslik xavfi tug‘iladi, hatto hozirgi tarkibdagi ayrim etakchilarni sotib yuborgan taqdirda ham.
Krishtianu "Real" hujumini kuchaytirishi mumkinligiga shubha yo‘q, ammo portugaliyalikning Madriddagi ikkinchi hikoyasi qachongacha davom etadi? U allaqachon 36 yoshda va uning super iste’dodiga qaramay, oxir-oqibat yosh baribir o‘z so‘zini aytadi. U yana 9 yil Madridda qololmaydi. Ronaldu bu safar ko‘pi bilan 2 yoki 3 mavsum “Real” safida o‘ynashi mumkin. Uzoq vaqt qolmasligini bilib, unga shuncha katta pul sarflash to‘g‘rimi? U bunga arziydimi?
Erling Xoland yosh va iste’dodli. U Ronaldudan yaxshiroq emasmi? Norvegiyalik futbolchi samaradorlik bo‘yicha ham, Ronaldudan yomon emas. Eng muhimi, bu "Real"ga ko‘p yillar davomida sovrinlar olib kelishi mumkin bo‘lgan mega-iste’dod. Ha, OAV xabarlariga ko‘ra, Mino Rayola Xoland uchun katta maosh talab qilmoqda, biroq agar Madrid klubi qiyinchiliklarga qaramay, katta mablag‘ sarflasa, bu orqali jamoa kelajagiga ulkan sarmoya kiritgan bo‘ladi. "Real" yosh yulduzlarning uzoq muddatli transferlari haqida o‘ylashga arziydi. Chunki jamoada Ramos, Modrich, Kroos, Benzema kabi etakchi futbolchilar o‘rnini egallaydigan munosib yoshlar yo‘q. Isko hozir avvalgi saviyasini namoyish qila olmayapti. Asensio hali ham o‘zini to‘liq ko‘rsatgani yo‘q. Aytish lozimki, Ramossiz o‘tkazilgan bir nechta o‘yinlar muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Barcha jabhada muammolar mavjud bo‘lgan bir paytda Ronaldu jamoa muhitini o‘zgartira oladimi?
O‘tmishni qaytarish uchun sodda urinish
Ehtimol, "Real" rahbarlari Krishtianuni qaytarishda Ibragimovichning “Milan”ga kelganini misol qilar. Chunki 39 yoshli shved futbolchisi kelgach, "rossonerlar"ning o‘yini sezilarli darajada kuchaydi va jamoa ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng, birinchi marta Chempionlar Ligasiga qaytishga yaqin turibdi. Madridliklar Ronaldu klubning avvalgi yutuqlarini qaytara olishiga va yana Chempionlar Ligasida g‘olib chiqishiga ishonadi. Ammo haqiqatan ham shundaymi? Hozirgi "Real" ketma-ket uch marta Chempionlar Ligasini olganidan juda farq qiladi. O‘shanda madridliklar safida har bir pozitsiya uchun ikkita kuchli o‘yinchi bor edi va shu sababli, Zidan o‘yin sifatini pasaytirmasdan bemalol tarkibda o‘zgarishlar amalga oshirishi mumkin edi. Endi vaziyat butunlay boshqacha. Klub avlodlar almashinuviga tayyorlanmoqda va Ronaldu bu vaziyatda qahramon-qutqaruvchiga aylanishi mumkin. Shuni tan olish kerakki, “Yuventus” CR7 kelganidan keyin kuchaymadi. Jamoa hatto Chempionlar Ligasi yarim finaliga qadar ham etib bora olmadi. Katta ehtimol bilan bu mavsum ichki chempionatda ham muvaffaqiyatsizlik qayd etilishi mumkin.
Nostalgiyaga intilish Madridning kelajak uchun kuchli jamoani shakllantirishiga xalaqit berishi mumkin. Ronaldu vaqtincha og‘riq qoldiruvchi vazifasini bajarishi mumkin. “Qirollik klubi” uchun eng to‘g‘ri yo‘l bu Xolandni sotib olish va qolgan pullarni boshqa pozitsiyalardagi yosh futbolchilarga sarflashdir. Ronaldu – “Real” afsonasi, ammo bu allaqachon tarixga aylandi. Kelajak haqida o‘ylash vaqti keldi!
Fikrlar