Ronaldu menga muxlislik qilgan bo‘lardi! "Qizilqum"ning afrikalik "topilma"si Makkartni Tevin Navesib bilan suhbat

  • 8 iyun, 2020, 08:08
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekistonga futbol qaytmoqda. Mamlakatimiz futbol jamoalari ham qayta tiklanayotgan chempionat o‘yinlarini o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlarini davom ettirmoqda. Bu yilgi Superliga bahslarida muxlisu mutaxassislar e’tiboriga tushgan legionerlar orasida afrikalik Makkartni Tevin Navesib ham bor.

Tecno

Sports.uz jamoatchi muxbiri yurtimizga kelgan birinchi namibiyalik futbolchi bilan suhbatlashdi. Makkartni Namibiya terma jamoasi a’zosi va sardori hisoblanadi. 

- O‘zbekiston futboli haqidagi ilk taassurotingiz qanday?

- Bu erda barchasi butkul o‘zgacha. Futbol professional darajada rivojlangan. Maydonlar, futbol mutasaddilari, muxlislar - hammasi o‘ziga jalb etadi.

- Bilamizki, siz jamoaga Turkiyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davomida qo‘shilgansiz. Shu haqida gapirib bersangiz.

- Turkiyada shaxsan men uchun juda qiyin bo‘ldi, haqiqiy sinovli kunlar edi. Men doim asabiy yurar edim, chunki klubga o‘zimni nimalarga qodirligimni isbotlashim lozim edi. Baxtimga boshqa futbolchilar meni qo‘llab-quvvatlashdi, o‘zim ham astoydil harakat qildim. Bu men uchun muhim edi. Boshidan men jamoaga tez kirishib ketdim.

- Afrikadan kelib Osiyoda futbol o‘ynash siz uchun noqulay emasmi?

-Futbol sharoit tanlamaydi. Men uchun hammasi joyida. Bu er o‘z vatanimni eslatib yuboryapti, doim quyosh kulib boqadi.

- "Qizilqum" jamoasiga o‘tishingizdan oldin klub haqida nimalarni bilar edingiz?

- To‘g‘risini aytsam, men o‘zbek futboli haqida hech narsani bilmas edim. Agentim bilan gaplashganimdan so‘ng, u menga futboli rivojlanib borayotgan O‘zbekiston klubidan taklif borligini aytdi. Keyin esa, men ushbu jamoaning o‘yinlarini sinchkovlik bilan kuzatdim va bu klubga qo‘shilishga rozi bo‘ldim.

- Yangi klubingiz haqida nimalar deya olasiz, dastlabki his-tuyg‘ular qanday?

- Jamoa men kutganimdan ham a’lo ekan. Tashkiliy ishlar birinchi o‘rinda, professional murabbiylar, malakali shifokorlar, 90 daqiqa tinim bilmaydigan muxlislar - bularning barchasi men uchun juda yoqimli bo‘ldi.

- O‘tgan turlar davomida siz O‘zbekistonning ba’zi jamoalari potentsialiga guvoh bo‘ldingiz. O‘zbekiston chempionatida o‘zingizni ko‘rsata olasizmi, bunda nimaga tayanasiz?

 - Biz afrikaliklar jismoniy kuchimiz va tezligimizga tayangan holda harakat qilamiz. Murabbiylar barcha uchrashuvlarda raqibga qarab taktika qo‘llaydi, lekin ko‘pincha jamoa mening tezligimga ishonib yo‘l tutadi. Bu mening yutug‘im, deb bilaman.

- Sizni O‘zbekistonga yo‘l olishingizni eshitgan oila a’zolaringiz nima dedi?

- Ochig‘i, ular juda ham xursand bo‘lishdi, chunki ular mening kelajagim yaxshi davlatda qurilishi tarafdori edilar.

- Hali top klub bo‘lishga ulgurmagan jamoada to‘p surish sizga qanday ta’sir qiladi?

-Men bu erda chinakamiga baxtliman. Biz hali shu darajaga erishamiz, faqat buning uchun ozgina vaqt hamda mehnat talab qilinadi.

- Kumiringiz kim?

- Kumirim - Ronaldu. Chunki u juda ham ko‘p mehnat qiladi. Men uchun u eng zo‘r o‘yinchi.

- Agar sizda tanlash imkoni bo‘lganida, Ronaldu bilan bir jamoada o‘ynab, doim ikkinchi planda bo‘lishni ma’qul ko‘rarmidingiz yoki biror boshqa klubning haqiqiy etakchisi bo‘lishni tanlarmidingiz?

- Boshqa klub etakchisi bo‘lib, ko‘plab shaxsiy sovrinlar yutishni tanlardim. Keyin esa Ronalduning o‘zi menga muxlislik qilgan bo‘lardi.

- Jahon futbolida irqchilik muammosi ko‘tarilmoqa. Siz bu erda o‘zbekona mehmondo‘stlik va  bag‘rikenglikni his qilyapsizmi?

- O‘zbekistonda barcha birdek mehribon. Odam ajratishganini sezmadim. O‘zbek xalqi juda samimiy va mehmondo‘st ekaniga ko‘p bor amin bo‘ldim. Menga o‘zbeklarning hayot tarzi yoqdi.

-Kelajakdagi reja va maqsadlaringiz?

-Hozircha orzu va maqsadim bitta - "Qizilqum" bilan iloji boricha yaxshi natija qayd etish va muxlislarimizni xursand qilish.

- Makkartni, ajoyib suhbat uchun rahmat. Faoliyatingiz yanada porloq kechishini tilab qolaman.

                                                                                                     Mirjalol Temirov suhbatlashdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!