
Ronaldu, Pogba, Mbappe. Tez orada erkin agentlar bozori "yonadi"!
Yozgi transfer oynasi avj pallasiga ko‘tarilgan, biroq ko‘plab grandlar nishonidagi yigitlar boshqa. Qishki transfer oynasi chog‘ida voqealar rivoji keskin o‘zgarib ketishi mumkin. Strategiyaga suyangan holda transfer olamida ish ko‘ruvchi menejerlar allaqachon erkin agent maqomini olish arafasidagi yulduzlar ro‘yxatini tuzib chiqqani rost. Xo‘sh, 2022 yilda shartnomasidan ozod bo‘ladigan futbolchilar orasida kimlar bor? Biz sizga qulay bo‘lishi uchun, ushbu ro‘yxatdagilardan foydalanib ramziy jamoa tuzdik.
Darvozabon - Andre Onana ("Ayaks")
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Onana uchun asosiy da’vogar "Arsenal" bo‘lib turibdi. Amsterdam jamoasi a’zosi kelasi yil erkin agent maqomini oladi. "Kanonirlar" esa, Bernt Leno uchun raqobat hosil qilish haqida bosh qotirmoqda. O‘ylashimcha, Andredan kuchliroq kiperni tekinga boshqa hech qaerdan topib bo‘lmaydi.
O‘ng qanot himoyachisi - Dani Karvaxal ("Real")
Bugungi "Real" ulkan yangilanishlar arafasida. Agar "qirollik klubi"ga Dani kerak bo‘lganida, unga o‘tgan yiliyoq yangi shartnoma taklif etilgan bo‘lar edi. Demak, ayyor Peres bobo o‘z odatiga sodiq qolgan holda jamoa faxriylarini shunchaki qo‘yib yubormoqchi. 29 yoshli qanot himoyachisi jarohatlarga o‘ralashib qolgani rost. Shu vajdan uni "Real" ushlab qolishga urinmasa kerak.
Chap qanot himoyachisi - Emerson ("Chelsi")
Ortda qolgan mavsumda Emerson deyarli o‘yin amaliyotga ega bo‘lgani yo‘q. 26 yoshli lotaral "Roma" e’tibor markazida turibdi. "Chelsi" a’zosi Evropa chempionatidagi ishonchli o‘yini sababli faoliyatida yangi sahifa ochishi mumkin. U ham bir yildan so‘ng erkin agentga aylanadi. "Aristokratlar" APLga moslasha olmagan futbolchiga yangi shartnoma taklif etadimi? Etmasa, italiyalik futbolchi vataniga boshi ochiq holda qaytib keladi.
Markaziy himoyachi - Jon Stounz ("Manchester Siti")
"Siti" bilan APLni "yondirib" tashlagan Jon qit’a birinchiligida finalgacha etib keldi. Bir qarashda uning klubi bilan muammosi yo‘q. Hozir tomonlar 3 yillik yangi shartnoma borasida muzokaralar olib bormoqda. Negadir bitimga imzo chekishga qadar ish etib bormayapti. Jon "Manchester Siti"da og‘ir kunlarni boshdan o‘tkazdi. Agar ketmoqchi bo‘lsa, har qanday grand uni o‘z tarkibida ko‘rish niyatida. Keyinchalik, bunday imkoniyat bo‘lmasligi aniq.
Markaziy himoyachi - Andres Kristensen ("Chelsi")
Aytishlaricha, "aristokratlar" Andresni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun, yangi shartnoma taklif qilib ulgurgan. Hozircha, daniyalik qo‘l qo‘yishni ortga surmoqda. Bu o‘ziga xos signal bo‘lishi mumkin. 9 yil davomida klub sferasida to‘p surgan yigit endigina pik formasiga chiqib oldi. Hozir, uning qo‘li istagan balandlikka etadi. Bu imkoniyatdan foydalanish va millionlarni ishlab olish kerak.
Markaziy yarim himoyachi - Leon Goretska ("Bavariya")
"Bild" nashri bergan ma’lumotlarga qaraganda, Leonning agenti "Bavariya" tomonidan sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganidan ranjigan. Myunxen klubi erinchoqlik uchun jazolanishi hech gap emas. "Manchester Yunayted" allaqachon Goretskaga haftasiga 200 ming evro maosh ko‘rsatilgan shartnoma taklif etdi. Qishda "qizil iblislar" Pol Pogbaning o‘rnini Leon bilan to‘ldirishni rejalashtirgan ko‘rinadi.
Markaziy himoyachi - Pol Pogba ("Manchester Yunayted")
Polning transferi doim serial darajasida cho‘zilgan va katta muhokamalarga sabab bo‘lgan. Bu safar ham shunday bo‘lishi 100 foiz! 89 million funt evaziga ortga qaytarilgan Pogba o‘z pozitsiyasida dunyoning birinchi raqamli futbolchisi. Buni "Manchester Yunayted" muxlislari ham tan oladi, biroq klubdagi Pogba bilan termadagisi o‘rtasida farq kattalashib ketmoqda. Balki, xayrlashish onlari yaqin qolgandir...
O‘ng qanot hujumchisi - Usman Dembele ("Barselona")
24 yoshli frantsuz "Kamp Nou"da o‘zini yomon his qilmoqda. Uning klubda qolish istagi yo‘q. Depay va Aguero kelgach, Usman ketish payiga tushib qolgan. Mas’uliyatsizlik va jarohat Dembeleni super iqtidorini ko‘z-ko‘z qilishiga yo‘l qo‘ymadi. Balki, karerani qutqarib qolish maqsadida jamoa almashtirish uchun hozir ayni paytidir?!
Chap qanot hujumchisi - Ansu Fati ("Barselona")
Dembeledan farqli o‘laroq, Fati uchun "Barsa" tish-tirnog‘igacha kurashadi. Bu tug‘ma iqtidor va jamoa kelajagi. Kataloniyaliklarda shartnomani avtomatik ravishda cho‘zish imkoniyati bor. Shu bois, Ansu 2022 yilda erkin agentga aylanadi, deyish to‘g‘ri emas. Ma’lumotlarga qaraganda, jamoa rahbarlari allaqachon yulduzchaga 5 yillik shartnoma taklif qilgan.
Hujumchilar - Kilian Mbappe (PSJ)
Kilianning hayotidagi eng muhim damlar yaqin. Amaldagi JCh g‘olibi klubiga ketishini rasman ma’lum qilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. U kelasi yozda tekinga boshqa jamoaga o‘tishni reja qilgan. "Real" uning transferi uchun markazdagi Varan-Ramos tandemidan ham voz kechib yubordi. Mbappe Parij klubi safida 125 o‘yinda maydonga tushgan. Sermahsullik super darajada - 132 gol, 49 assist! Bunday yigitni boshqa sayyoradagi klublar ham o‘z tarkibida ko‘rish ilinjida bo‘lishi tabiiy. Boz ustiga, bir tsent ham xarajat qilmay turib!
Hujumchilar - Krishtianu Ronaldu ("Yuventus")
36 yoshida ham Krish istalgan grandni kuchaytirishga qodir futbolchi bo‘lib qolaveradi. O‘tgan mavsumda u "Yuve" safida 33 o‘yinda 29 gol bilan A Seriya to‘purariga aylandi. Krish allaqachon ketish borasida bosh qotirmoqda. Balki, shartnomasi yakunlangach, portugaliyalik afsona yangi chaqiruvlarga "labbay" degancha Turinni tark etar. Hozircha, aniq bir taxmin bildirishning imkoni yo‘q.
Fikrlar