
“Roma” hujumchisining narxini aytdi. Rimni kim tark etadi?
“Roma” rahbariyati iste’dodli futbolchisi Nikolo Dzanoloni sotib yuborishga qaror qildi.
22 yoshli futbolchi 2018 yildan beri “bo‘rilar” safida to‘p tepib kelmoqda. U o‘ng qanot, hujum va pleymeyker hududida birdek samarali o‘ynay olishi bilan ko‘p klublarning e’tiborini qozongan.
“Roma” mutasaddilari 2024 yilning 30 iyunigacha amal qiladigan shartnoma egasi bo‘lgan Dzanologa xaridorlar ko‘payib borayotganini inobatga olib, hujumkor futbolchining transferi uchun 70 million evro talab qilmoqda.
Transfermarkt portalida Dzanoloning narxi 33 million evro ekani ko‘rsatilgan. Lekin futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishni istayotgan klublar o‘yinchining narxi bu summadan ancha o‘tib ketganini inobatga olishi kerak.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Nikolo transferidan keladigan mablag‘ning 15 foizini “Inter” olishi kerak. Chunki klublar 2018 yilda o‘yinchi almashgan bo‘lib, Nikolo Rimga kelgan bo‘lsa, Raja Raja Nainggolan Milanga yo‘l olgan. O‘shanda klublar Dzanoloning keyingi transferidan “Inter”ga ulush berilishini kelishib olgan edi.
Dzanoloning xaridorlari ko‘payib ketdi
“Roma” yozgi transferlar vaqtida o‘z tarbiyalanuvchisi Nikolo Dzanoloni ushlab qolishi ancha qiyin bo‘ladi.
Ayni paytda poytaxt klubi mutasaddilari hujumkor futbolchini yangi shartnomaga ko‘ndirishga harakat qilyapti. Dzanoloning amaldagi kelishuvi yana ikki mavsum davom etadi. Biroq, yangi bitimn imzolamasa, xaridorlar 33 million evro evaziga uni transfer qilish imkoniyatini saqlab qoladi. Shu bois, Nikolo “Roma” taklifini qabul qilishga shoshilmayapti.
Il Messaggero nashrining xabar berishicha, tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar to‘xtab qolgan.
Vaziyatni kuzatib turgan klublar yozda Dzanoloni o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qiladi. Ma’lumotlarga qaraganda, hozirning o‘zida hujumkor futbolchiga “Yuventus”, “Manchesterd Yunayted”, “Tottenxem” va PSJdan manfaatli takliflar bor.
Nikoloning agenti nima deydi?
Nikolo Dzanoloning agenti Klaudio Vigorelli mijozi atrofidagi xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi.
- Shoshib qayoqqa borardik, o‘ylab ish qilish uchun vaqtimiz etarli. Hozir bor e’tiborimizni “Roma” bilan mavsumni muvaffaqiyatli yakunlashga qaratganmiz. Transferga oid xabarlar yil bo‘yi chiqadi.Dzanolo darajasidagi o‘yinchilarni katta klublar bilan ko‘p bog‘lashadi. Lekin Nikolo ayni paytda “Roma” o‘yinchisi, - dedi Klaudio Vigorelli.
“Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino Nikoloni asosiy tarkibning muqim o‘yinchilari qatoriga qo‘shdi. Shu bilan birga portugaliyalik mutaxassis Dzanolo Angliya premer-ligasiga borishi kerakligini, chunki A Seriya himoyachilari texnik jihatdan ancha kuchli bo‘lgan Nikologa nisbatan qo‘pol o‘ynayotganini ta’kidlagan edi.
Tabiiyki, iste’dodli o‘yinchiga qiziqayotgan klublar orasida Angliya premer-ligasi vakillari ham bor.
“Yuventus” yangi variant taklif qiladi
“Yuventus” jamoani tark etishi kutilayotgan Paulo Dibala o‘rniga “Roma” vakili Nikolo Dzanoloni olishga harakat qilmoqda.
Ayni paytda turinliklar poytaxt klubi mutasaddilariga ma’qul keladigan variant tanlash bilan band. “Yuventus” Dzanolo uchun muayyan miqdordagi mablag‘dan tashqari amerikalik yarim himoyachi Ueston Makkenini qo‘shib bermoqchi.
23 yoshli Makkeni Evropaga 2016 yilda kelgan. U Turin klubidan tashqari “Shalke” tarkibida Bundesligada ham to‘p tepgan.
Joriy mavsumda Ueston barcha turnirlarda 28 marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga to‘rtta gol yozdirib qo‘ydi.
Fikrlar