
"Roki Marchianoni ko‘chadan topib olgandik, oldin professional futbol o‘ynamagan". "Xorazm" uning transferidan mo‘maygina daromad oladi yoxud bosh direktor hammasini aytdi
“Xorazm” klubi o‘tgan yili kamerunlik hujumchi Roki Marchiano transferini e’lon qilganida uni ko‘pchilik salohiyatini yaxshi bilmasdi. Ammo 2002 yilda tug‘ilgan hujumchi kashfiyotlardan biriga aylandi. Qolaversa, legioner sifatida ham o‘zini ko‘rsata oldi. Marchiano 21 ta o‘yinda 15 ta gol urdi.
Bu legionerga boshqa klublar qiziqib qolganini eshitayotgandik. Biroq “Xorazm” legionerining BAAning “Ajman” klubiga yo‘l olishini ko‘pchilik kutmagan bo‘lsa kerak. Shundan kelib chiqqan holda “Xorazm” bosh direktori Maqsud Karimov bilan bog‘lanib ushbu hujumchining transfer tafsilotlarini bilishga harakat qildik.
“Hali 100 foiz hal bo‘lmagan”
“BAAda 10 yanvarda transfer oynasi ochiladi. Shundan keyin hammasi rasman aniq bo‘ladi, - deya gap boshladi, Karimov. - Hali ular bizga kelishilgan summani to‘lab bergani yo‘q. Tez orada barchasi oydinlashadi. 100 foiz hal bo‘lmagan. “Xorazm” bu futbolchini “Ajman” klubiga transfer qilgan.
“Futbolchining shartnomasida keltirilgan transfer summasi bor”
- BAA klubi bizga rasman taklif bilan chiqqan. FIFA qoidasi bo‘yicha olti oydan ko‘proq muddatdagi shartnomasi bor futbolchiga klub rasmiylari taklif bilan chiqishlari mumkin. Shunga asosan “Ajman” klubidan “Xorazm” jamoasiga taklif bilan chiqishdi. Biz muzokara olib borishga ruxsat berdik. Futbolchini shartnomasida keltirilgan transfer summasi bor edi. Amirliklar shuni to‘laydigan bo‘ldi, futbolchining agenti ham rozi bo‘ldi. Marchianoni klubimiz bilan yana bir yillik shartnomasi bor edi. Yuqorida aytganimdek, 10 yanvarda transfer oynasi ochiladi va barcha xujjatlar rasmiylashtirilgach, ular bizga pulni ikki kun ichida o‘tkazib berishi kerak. Shundan keyin biz rasman bu haqida e’lon qilmoqchimiz.
“Bizning ishimiz klubga foyda keltirish”
- Rokini agenti bor. O‘sha agenti bilan gaplashib turamiz. Qolaversa, biz xorijlik skautlar bilan ham ish olib boramiz. Bu futbol biznesi. Bizning ishimiz klubga foyda keltirish. Biz bu yildan endi boshqacharoq reja qilyapmiz. Infrastrukturamizni yaxshilash harakatidamiz. O‘zimiz ham qo‘l qovushtirib turmasdan mablag‘ ishlab topishga harakat qilyapmiz. 3-4 ta futbolchilarimiz Superliga klublarida ko‘rikda bo‘lib turishibdi. Ularni ham transfer qilgan holda moliyaviy ahvolimizni yaxshilash niyatimiz bor. Bu yil asosan 19-21 yoshdagi futbolchilarni jamoaga yig‘yapmiz. 2000-2001 yillarda tug‘ilgan yigitlarni olyapmiz. Yoshi kattaroq futbolchilarni taklif qilmayapmiz.
“Marchiano bungacha havaskorlar jamoasida o‘ynab yurgan”
- Roki Marchianoni ko‘chadan topib olgandik. Qishda bizga kelib qolgandi. Boshida xujjatlarida biroz muammolari bo‘lgan. Bundan tashqari, u birorta klubda professional futbol ham o‘ynamagan. Faqat havaskorlar jamoasida o‘ynab yurgan. Roki tanishlarim orqali bizga ko‘rikka kelgandi. Murabbiy bilan birgalikda uni 10 kuncha kuzatdik. Qarasak, unda nimadir bor. Xujjatlari rosa chalkash edi. Qonuniy jarimalarini to‘ladim va barcha hujjatlarini to‘g‘rilab oldik. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, boshida u bir-ikki oy o‘ynamadi. Agar boshidan o‘ynaganida balki to‘purar bo‘lishi mumkin edi. Marchiano qiynalgan bola edi, uni maqsadi o‘sish edi. Pulni o‘ylamagan. O‘zbekistonda o‘ynab boshqa joyga ketishni niyat qilgandi. Futbolchi o‘zi uchun motivatsiya qila oldi. Maydonga chiqqanida faqat borini berib o‘ynadi. Shundan keyin uning darajasi o‘yindan-o‘yinga yaxshilanib boraverdi. Roki har safar oxirgi o‘yinga chiqqandek chiqardi. Bundan tashqari, odamgarchiligi ham ajoyib edi. U ketdi, bu bilan hayot to‘xtab qolmaydi. Biz yana iqtidorlarni izlaymiz. O‘zimizdan ham iqtidorlarni qidiramiz”, - deya javob berdi, Maqsud Karimov.
Ko‘rib turganingizdek, “Xorazm” futbol klubi o‘zini-o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash yo‘lida tinimsiz harakatda. Buning uchun Roki Marchianoni BAA klubiga transfer qila olgani va bundan mo‘maygina daromad topishi ham maqtovga sazovor.
Pro liga klubining bunday oqilona ish yuritishini Superliga klublariga ham o‘rnak qilib ko‘rsatsa arziydi.
Tan olish kerak, boshida birov Marchianoni u qadar mensimagandi ham. Biroq “Xorazm” legioner tanlashda adashmagan ekan. Mana, endi kamerunlik futbolchisi orqali daromadga ega bo‘lish arafasida turibdi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar