Rekord sari odimlayotgan Nadal va Uilyams, yangi texnologiya va 14 kunlik karantin - bugun boshlangan "Australian Open" haqida!

  • 8 fevral, 2021, 20:59
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Tennis
CHERY AUTO

"Australian Open" turniri bu yil noodatiy vaqtda bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu musobaqa avval fevral oyida o‘tkazilmas edi, biroq pandemiya tufayli yilning dastlabki "Katta dubulg‘a"si ham boshqa sanaga ko‘chirildi. "US Open-2020" hamda "Roland Garros-2020"dan farqli o‘laroq, hozirgi Avstraliya ochiq chempionati an’anaviy tarzda - tomoshabinlar va rekord miqdordagi sovrin jamg‘armasi bilan o‘tkazilmoqda. Biroq bir necha e’tiborga molik jihatlar ham yo‘q emas. "Australian Open-2021"da ilk bor chiziq hakamlari ishtirok etmaydi. Ularning o‘rnini zamonaviy texnika egallaydi. Sovrin jamg‘armasining o‘zi yil davomida 71 mln Avstraliya dollaridan 80 milliongacha o‘sdi. Boshlang‘ich raundda ishtirok etuvchi sportchilar foydasi qayta taqsimlanadi. Hozircha, tomoshabinlar uchun hech qanday cheklovlar yo‘q, lekin arena tomi yopilsa, ular niqobda bo‘lishi shart. Shuningdek, boshqa mamlakatdan kelgan sportchilar 14 kunlik karantin muddatini to‘liq o‘tashi shart.

Tecno

jpg

"Ulkan toj" turkumidagi boshqa turnirlarga qaraganda, "Australian Open" eng yoshi hisoblanadi. Ushbu musobaqa ilk bor 1905 yilda bo‘lib o‘tgan. Joriy mavsum 109-musobaqa o‘tkaziladi. Birinchi va ikkinchi jahon urushi davrida turnir to‘xtatilgan. Turli yillar mobaynida o‘yinlar Avstraliyaning turli shaharlarida, hatto, Yangi Zelandiyada bo‘lib o‘tdi. "Australian Open" 1988 yildan boshlab "Melburn Park Tennis Center"ga ko‘chirildi va o‘shandan beri bahslar maysada emas, xard qoplamali kortlarda o‘tkazilmoqda.

photo_2021-02-08_20-40-36

Erkaklar o‘rtasida sovrinlar soni bo‘yicha musobaqa rekordchisi serbiyalik Novak Jokovich hisoblanadi. O‘tgan mavsum u faoliyatidagi 8-"Australian Open" g‘olibligini qo‘lga kiritgandi. Ayollar o‘rtasida esa, mezbonlar vakilasi Margaret Kort 11 ta "Katta dubulg‘a" bilan raqobatchilarini ortda qoldirgan. Uning eng yaqin ta’qibchisi 7 ta unvonga ega, amerikalik Serena Uilyamsdir. Kichik Uilyamsda Margaret bilan oradagi farqni biroz qisqartirish imkoniyati mavjud. U "Australian Open-2021"da ishtirok etmoqda.

8b90b790-5c48-11eb-bffc-0b470536cb0d

Erkaklar o‘rtasida dunyoning birinchi raketkasi va amaldagi chempion Novak Jokovich ushbu turnir favoriti sifatida e’tirof etilmoqda. Ushbu turnir yakuni qanday bo‘lishidan qat’i nazar, serbiyalik sportchiga reytingda hech kim eta olmaydi. Uning asosiy raqobatchisi Rafael Nadal Avstraliya kortlarida faqatgina bir marta zafar quchgan(2009 yil). Va agar u 12 yil oldingi muvaffaqiyatini takrorlay olsa, 4 ta "Katta dubulg‘a" turnirlarida kamida 2 martadan g‘alaba qozongan yagona tennischiga aylanadi. Shuningdek, Melburn kortlarida bosh sovrinni boshi uzra baland ko‘targan taqdirda, Nadal "Ulkan toj"lari sonini 21 taga etkazib oladi va bu borada Federerni ortda qoldiradi. Ayni damda ularning har ikkisida 20 tadan sovrin mavjud.

photo_2021-02-08_20-44-36

Ayollar o‘rtasida Serena Uilyams, Sofiya Kenin, Simona Xalep hamda Naomi Osaka kabi tennischilar bosh sovrin uchun favorit sanaladi. Uilyams 2017 yilda o‘zining so‘nggi "dubulg‘a"sini aynan "Australian Open"da qo‘lga kiritgandi. Faoliyati davomida 23 bor "katta to‘rtlik"da zafar quchgan okeanorti vakilasi bu safargi g‘alabasi bilan Margaret Kortga etib olishi mumkin. Avstraliyalik sobiq tennischi hisobida 24 ta "Ulkan toj" turkumiga kiruvchi turnirlar bosh sovrini mavjud. Ma’lumot uchun, Serena o‘tgan yili ushbu musobaqada o‘ta muvaffaqiyatsiz ishtirok etgan. Uchinchi raundda xitoylik Van Tsyandan mag‘lub bo‘lib, turnir bilan xayrlashgan. Bu safar kichik Uilyams o‘ta qat’iyatli va murosasiz raqib Laura Zigemundga qarshi kortga chiqadi.

IMG_20210208_204712

Musobaqa qur’asiga to‘xtaladigan bo‘lsak, erkaklar o‘rtasida dunyoning uchinchi raketkasi Dominik Tim Jokovich bilan, 4-raqam ostida saralangan Medvedev Nadal bilan bir vaqtda o‘z yurishini boshlaydi. Kuchli sakkizlikdan joy olgan potentsial raqiblar quyidagi ko‘rinishga ega: Novak Jokovich (1) - Aleksandr Zverev (6), Dominik Tim (3) - Diego Shvartsman (8), Andrey Rublyov (7) - Daniil Medvedev (4) va Stefanos Tsitsipas (5) - Rafael Nadal (2). Birinchi davradagi qiziqarli bo‘lishi kutilayotgan qarama-qarshilik Grigor Dimitrov (18) - Marin Chilich hamda Denis Shapovalov (11) - Yannik Sinner o‘rtasida kechadi.

gettyimages-1300969846-2048x2048

Afsuski, o‘zbek tennis ixlosmandlari bu safargi "Australian Open"ni ham neytral muxlis sifatida tomosha qilishga majbur. Yurtimizning birinchi raqamli raketka ustasi Denis Istomin 1-qvalifikatsiya bosqichidan o‘ta olmadi. Biroq bu holat birinchi bor takrorlanmayapti va doimgidek, jahon miqyosida o‘zimiz katta qiziqish bilan kuzatadigan tennischilarning o‘yinidan bahra olishda davom etamiz.

Javohir Azimov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!