
“Real” yangi o‘yinchisini Braziliyada “sindirib” qo‘yishlaridan qo‘rqyapti
“Real” mutasaddilari Braziliya chempionatida porlay boshlagan 17 yoshli Endrikni o‘z safiga qo‘shib olgan edi.
Vunderkind uchun madridliklar 35+25 million evro ko‘rinishida badal puli to‘laydi. Endrik 18 yoshga to‘lgunicha Braziliyadagi faoliyatini davom ettirishi kelishib olingan. Balog‘at yoshiga etganidan keyin futbolchi Madridga kelib, professional shartnomaga imzo chekadi.
Ispaniyaning As nashriga ko‘ra, Braziliya A Seriyasida Endrik atrofida yuzaga kelgan vaziyat “Qirollik klubi” rahbariyatini xavotirga solmoqda.
Braziliyalik futbolchilar Endrikka nisbatan juda qo‘pol o‘ynayapti. Xususan, “Korintians” futbolchisi Maykon de Andrade Endrikka qarshi butsasining tag qismi bilan tashlangan. Bunday follar o‘yinchiga og‘ir jarohat etkazishi mumkin. “Real” yosh o‘yinchini ortiqcha qo‘polliklardan himoya qilish kerak, deb hisoblamoqda.
Bundan tashqari, madridliklar 17 yoshliga kam o‘yin amaliyoti berilayotganidan qoniqmayapti. “Palmeyras” bosh murabbiyi Abel Ferreyra Endrikni 22 ta uchrashuvdan atigi to‘rttasida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirdi.
Fikrlar