
“Real” hujumchisi o‘rniga – Shomurodov!
Muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun Eldor Shomurodov “Roma”dan ketmasa bo‘lmaydi. Ayni paytda “Torino” o‘zbek hujumchisini olish uchun rimliklar muzokarani davom ettirmoqda. Bu transferga hamma – turinliklar, poytaxtliklar va legionerimizning o‘zi ham rozi.
Biroq, “Roma” sport direktorining Shomurodovni birdaniga transfer qilish yoki yozda xarid qilish majuriyatini olish haqidagi talabi Turin klubining yo‘lni to‘chib turibdi. “Torino” zaxirada qolib ketgan o‘yinchini yarim yil sinovdan o‘tkazmasdan, birdaniga transfer qilishga ko‘nmayapti.
Shunga qaramay, Eldor Shomurodov oldida yangi variantlar paydo bo‘lmoqda.
A Seriyada o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan “Fiorentina” hujum chizig‘ini yangilamoqchi. Florentsiyaliklar bir yil muqaddam asosiy to‘purari Dushan Vlaxovichni “Yuventus”ga transfer qilganidan beri uning o‘rnini bosishga qodir ko‘p gol ura oladigan forvard qidirmoqda.
“Fiorentina” o‘tgan yoz asosiy hujumchi sifatida “Real”da “noni”ni topa olmagan Luka Yovichni o‘z safiga qo‘shib olgan edi. Serbiyalik futbolchi ispan futboli kabi A Seriya darajasiga ham moslasha olmadi.
Yovich faoliyati davomida faqat Bundesligada o‘zini ko‘rsata olgan. Biroq, “Real”dan keyin mana “Fiorentina”dagi davri o‘zi kutgandek chiqmadi.
25 yoshli hujumchi A Seriyada 16 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini atigi uch marotaba ishg‘ol qildi. Florentsiyaliklar bilan 2024 yilning yozigacha shartnoma imzolagan omadsiz forvard qishki transferlar oynasi yopilmay turib boshqa klubga o‘tib ketish payiga tushib qolgan.
“Fiorentina”ning yana bir hujumchisi – Artur Kabral ham ishonchni oqlamadi. Bir yil oldin “Bazel”dan 15,5 million evroga olingan braziliyalik o‘yinchi joriy mavsumda 14 ta bahsda atigi uchta gol urgani murabbiylar shtabini qoniqtirmayapti.
Jamoa bosh murabbiyi Vinchentso Italyano oldingi chiziqni “Roma” etarli darajada qadrlamayotgan ikki tajribali forvard – Eldor Shomurodov va Andrea Belotti yordamida kuchaytirmoqchi. Florentsiyaliklar har ikki o‘yinchiga birdek xaridor bo‘lmoqda.
“Roma” Eldor Shomurodov bilan xayrlashmoqchi bo‘layotgani yangilik emas. Bu ancha oldin tasdiqlangan xabar.
O‘tgan yozda erkin agent sifatida Joze Mourino jamoasiga qo‘shilgan Andrea Belottining hozirgi darajasi ham rimliklarga to‘g‘ri kelmadi. Klub rahbariyati italiyalik hujumchiga bir yillik shartnomani uzaytirish taklifini bergani yo‘q. Murabbiylar asosan Temmi Abraxam va Paulo Dibalaga suyanib qolgan.
La Nazione nashrining xabar berishicha, “Fiorentina” poytaxt klubidan Shomurodov va Belotti transfer ma’lumotlarini so‘ragan.
Tomonlar tez orada muzokara boshlashi kutilmoqda. Evropada qishki transfer oynasi yopilishiga hali 10 kundan ko‘proq vaqt bor. Demak, transfer xabarlarini kuzatishda davom etamiz.
Mourino bir necha transferlarni blokladi: Shomurodovning ishi nima bo‘ladi?
Legionerimiz ligani tark etmoqda. Murabbiyning iltimosi o‘tmadi!
Shomurodov Messi boshchiligidagi superto‘purarlar bilan birga!
Fikrlar