
Ravshan Ermatov O‘zbekistonning Osiyo Kubogi guruh bosqichidagi raqiblari xususida nimalarni aytdi?
Kecha Qatar poytaxti Doxa shahrida Osiyo Kubogi musobaqasiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, milliy terma jamoamiz “V” guruhidan joy oldi.
Qur’a jarayonini bevosita voqea joyidan kuzatib borgan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov Sports.uz saytiga terma jamoamiz joy olgan guruh to‘g‘risida shunday dedi:
“O‘zbekiston Avstraliya, va Suriyadek jiddiy raqiblar guruhidan joy oldi. Bu erda Hindistonni ham hisobdan chiqarib bo‘lmaydi. Chunki biz bilamizki, u erda ham oxirgi yillarda futbol rivojlanishi juda jadallik bilan amalga oshirilyapti.
Qolaversa, Hindistonda xorvatiyalik kuchli murabbiy ish olib bormoqda. Hindiston ham kuchli jamoalardan biriga aylanib boryapti.
Musobaqadagi birinchi o‘yinimiz Suriyaga qarshi o‘tadi. Biz bilamizki, Suriyani hozir Ektor Kuper boshqaryapti va bu ham o‘ziga yarasha printsipial xarakterga ega o‘yin bo‘ladi.
Avstraliya musobaqa favoritlaridan hisoblanadi. Umuman olganda, menda shunaqa hissiyot paydo bo‘ldiki, xuddi Osiyo Kubogi bugundan boshlangandek, bu haqida Srechko Katanetsga ham aytdim. Albatta, bugundan har bir raqibni kuchli va kuchsiz tomonlarini o‘rganish hamda o‘ziga yarasha tayyorgarlikni olib borish muhim.
Biz bu erda musobaqaga tayyorgarlik ko‘rishning tashkiliy ishlarini boshlab yubordik. Murabbiylar shtabi bilan terma jamoamiz qaysi mehmonxonada yashashi, qaysi maydonlarda mashg‘ulotlarni olib borishi bo‘yicha o‘rganishlarni olib boryapmiz. Bu borada ham ishlar boshlandi", - deydi Ravshan Sayfiddinovich Sports.uz muxbiriga.
Fikrlar