
Ravshan Ermatov: Futbol xalqimizning eng yaxshi ko‘rgan o‘yini va unga xizmat qilish biz uchun sharaf
Ravshan Ermatov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti lavozimida ish boshlaganidan keyin eng shimarib astoydil ishga kirishganligi ko‘rinib turibdi. Endi u o‘zbek futbolining ravnaqi yo‘lida o‘zining tajribasini ishga solmoqda. Bungacha Ermatovni barchamiz FIFAning etakchi hakamlaridan biri sifatida bilardik. Lekin endi vaziyat o‘zgardi va u o‘zbek futbolini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida bor bilim va salohiyatini ishga solmoqda. Albatta, uning yana hakamlik faoliyatini davom ettirib, 2022 yilgi mundialda ham ishtirok etishini hamma kutayotgandi. Lekin Ermatov O‘FAda ish boshlaganidan buyon hakamlik qilayotgani yo‘q. Boisi Ravshan Sayfiddinovich butun diqqat-e’tiborini O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasidagi ishiga qaratgan. Endi u butun o‘zbek futbolining manfaatlari yo‘lida mehnat qilmoqda. Qolaversa, uning dunyo futboli hamjamiyatida tutgan o‘rni ham katta. Xabaringiz bor, yaqinda JCh-2022 saralash bahslarining ikkinchi bosqichiga qur’a tashlandi. Fursatdan foydalangan holda Ravshan Ermatov ushbu qur’a tashlash jarayonida ishtirok etdi va OFKning bir qator rasmiylari bilan uchrashuvlar ham o‘tkazishga ulgurdi. Fursatdan foydalangan holda O‘FA birinchi vitse-prezidenti bilan bir qator muhim masalalar bo‘yicha suhbatlashdik.
- Yaqindagina O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida yangi rahbariyat ish boshladi. O‘FA prezidenti etib Abdusalom Azizov saylandi. Birinchi vitse-prezident lavozimi esa sizga ishonib topshirildi. Futbolimizning yangi rahbariyatidan barchamiz uchun sevimli bo‘lgan ushbu sport turini yanada rivojlantirish bo‘yicha nimalar kutsak bo‘ladi?
- O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Abdumavlonovich Azizov futbolga befarq bo‘lmagan, futbolni yaxshi ko‘radigan inson. Ular o‘zbek futbolidagi ayni vaziyat, mavjud muammolar, yutuq va kamchiliklardan yaxshi xabardor. Abdusalom Abdumavlonovich boshchiligida biz o‘zbek futbolidagi og‘riqli masalalarni bartaraf etish, futbolni muxlislar kutayotgan darajaga olib chiqish borasida sa’yi-harakatlarni boshlab yuborganmiz. Yaxshi tushunib turibmiz, g‘alabalar birdan qo‘lga kiritilmaydi. Avval assotsiatsiyaning ish faoliyatida, xalqaro munosabatlarda, ichki chempionatimiz, turli yosh toifalaridagi jamoalar va eng muhimi – halollik hamda professionallik masalalarida samarali ish yuritishimiz kerak. Shunda futbolimiz yuksaladi, muxlislar esa bizdan rozi bo‘lishadi.
- Milliy terma jamoamiz uchun ham hal qiluvchi bahslar 5 sentyabrdan boshlanadi. Hozirda iyul oyi tugab bormoqda va oldinda avgust oyi qoldi. Ya’ni, saralash bahslariga bir oy vaqt qoldi xolos. Raqiblar ma’lum bo‘lgach, terma jamoamiz bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan gaplashdingiz. Endi qolgan bir oy vaqt davomida rejalar qanday ko‘rinish oladi?
- Qur’a tashlanmasidan oldin ham saralash bahslarining o‘tadigan sanalari ma’lum edi. Shu bois Kuper bilan birgalikda ushbu sanalarni ham hisobga olib, yilning oxirigacha rejalarni ishlab chiqqanmiz. Biz esa tabiiyki, o‘sha rejalarga amal qilib boramiz. Raqiblarni esa o‘rganishni boshlab yuborganmiz. Bilasiz, bizning guruhimizda Saudiya Arabistoni, Falastin, Yaman va Singapur terma jamoalari bor. 30 iyul kuni G‘arbiy Osiyo chempoinati musobaqa boshlanadi. Bu musobaqa esa Iroqda o‘tkaziladi. U erda Yaman, Saudiya Arabistoni, Falastin kabi raqiblarimiz ham qatnashishadi. Shuning uchun bizning vakilimiz ham ushbu musobaqaga boradi va raqiblarni o‘rganib, ma’lumotlar to‘playdi. Mana shunday tomondan ishlarni boshlab yuborganmiz. Shuningdek, Singapur to‘g‘risida ham ma’lumotlar yig‘yapmiz. Aslida qur’a aniq bo‘lishi bilanoq biz tashkiliy ishlarni boshlab yuborganmiz.
- Yaqinda siz Malayziyada bo‘ldingiz va OFKning bir qator rasmiylari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, muzokaralar tashkil etdingiz. Bilishimizcha safaringiz juda samarali o‘tdi. Chunki bir qator o‘zbekistonlik mutaxassislar OFKning turli qo‘mitalariga tayinlandilar.
- Malayziyaga borishimizdan asosiy maqsadlardan biri OFK bilan avvalgi iliq munosabatlarimizni tiklashdan iborat edi va bu biz uchun juda muhim hisoblanardi. Biz bir qator rasmiy uchrashuvlar ham tashkil etdik. OFK bosh kotibi Dato Vindsor Jons bilan uchrashuv o‘tkazdik va u bilan bo‘lib o‘tgan ishlarni hamda kamchiliklarni tahlil qildik. Bundan buyog‘iga OFK va o‘zbek futboli hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishib oldik. O‘z navbatida OFK bosh kotibi ham O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan yaqindan hamkorlik qilish va doim qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qildi. Turli qo‘mitalariga o‘zbekistonlik mutaxassislarning tayinlanishi esa bu OFKning bizga bo‘lgan ishonchi va qo‘llab-quvvatlashining yaqqol ifodasidir. Bundan tashqari, OFKning boshqa rasmiy shaxslari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdik. Kelishilgan o‘yinlar va totalizator bilan kurashish bo‘yicha bo‘lim rahbarlari bilan gaplashdik. Bu futbolni orqaga tortayotgan yomon illatlardan biri. Endi bu masala bo‘yicha ular bilan yaqindan ish olib boramiz. Shuningdek, hakamlar qo‘mitasining raisi bilan ham uchrashdik. O‘zbek hakamlari masalasi yuzasidan muzokaralar o‘tkazdik. O‘zbekistondagi FIFA hakamlarining salohiyati, yurtimizda hakamlik saviyasini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdik. Afsuski, bizda hali ham hakamlik asosan havaskorlik darajasida. Biz ular bilan hakamlarimizni havaskorlikdan professional darajaga o‘tkazish bo‘yicha muzokalar olib bordik. O‘zbek futboliga nima kerak bo‘lsa, barcha masalalarni ko‘tardik va ijobiy kelishuvlarga erishdik. Umuman olganda, u erda har bir yo‘nalish bo‘yicha mutasaddilar bilan gaplashib chiqdik. Shuningdek, VAR tizimi bo‘yicha ham suhbatlar o‘tkazdik. VAR tizimini yo‘lga qo‘yish murakkab jarayon hisoblanadi. Shunchaki, stadionga kelib monitorni qo‘yib, unga bir odamni o‘tkazib, VAR tayyor bo‘ldi deydigan narsa emas. Buni amalga tatbiq etish uchun FIFAning alohida talablari bor. Bu juda qiyin jarayon va o‘z ichiga ma’lum vaqtni oladi. Ayniqsa, uning litsenziyalash ishlari bor. Masalan, VAR tizimida o‘tiradigan hakamlarni litsenziyadan o‘tkazish kerak. Hattoki, maydonda ishlaydigan hakamlarning ham VAR tizimi bo‘yicha litsenziyasi bo‘lishi kerak. Bu yo‘nalish bo‘yicha birinchi o‘qish jarayoni 9 oy davom etadi. O‘sha 9 oylik kurslarni tugatganingizdan keyin maxsus testlardan o‘tasiz. Buni FIFAning o‘zi o‘tkazadi. Agar siz tayyor bo‘lsangiz, litsenziya olasiz va VAR bilan o‘tadigan o‘yinlarni boshqarishingiz mumkin.
- Sizning OFKda VAR bo‘yicha muzokaralar o‘tkazganingiz bizda ham ushbu tizim yaqin kelajakda amalda qo‘llanishi mumkinmi, degan savollarni keltirib chiqarmoqda. Rostdan ham o‘zbek futboliga VARni olib kirish rejangiz bormi?
- Bilasizmi, VAR o‘zi nima uchun qilinyapti? Hakam adashib qolgan paytda monitorda o‘sha xatosini ko‘rib, vaziyatga to‘g‘ri va adolatli qaror chiqarishini ta’minlashga qaratilgan. Hakamning ko‘ra olmay qolgan vaziyati qaysidir jamoaning natijasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak. VAR shu maqsad uchun tashkil qilingan. Biz bunga tayyorgarlik jarayonini olib boraveramiz. VARni o‘rnatish – bu juda qimmat texnika ekanligini bilasiz. Baribir bizda hali VAR tizimi bo‘lmasa-da, hakamlarga VAR tizimi bilan ishlashni o‘rgatib, litsenziyalashtirish jarayonini boshlab yuborishimiz kerak. FIFA ham jahon chempionatida VAR tizimini ishlatdi. Hozirda ko‘plab davlatlarda ham VAR tizimi yo‘lga qo‘yildi. Chunki FIFAning aytishicha VAR futbolning kelajagi. Men o‘zim ham milliy chempionatimizda VAR tizimi bo‘lishi va hakamlarning xatolari o‘yin natijasiga ta’sir o‘tkazmasdan har bir uchrashuv adolatli bo‘lishini xohlayman.
- Siz bunga qadar OFK tashkilotiga asosan FIFA hakami sifatida borardingiz va hamma sizga hakam sifatida qarashardi. Bu safar esa OFKga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining vitse-prezidenti, futbolimiz rahbarlaridan biri sifatida tashrif buyurdingiz. Bu holat o‘zingizga qanday tuyuldi?
- Har yili OFKga bir necha marotabadan boramiz. OFKdagi hamkasblarimiz va mutasaddilar bilan juda yaqin do‘stona munosabatdamiz. Shu bois siz mansabdor shaxs bo‘lasizmi yoki hakammi, bu hech narsani o‘zgartirmaydi. Muhimi, biz inson sifatida bir-birimizni hurmat qilamiz. Mansab yoki qandaydir pozitsiya o‘zgarishi mumkin. Lekin inson hech qachon o‘zgarmasligi kerak.
- Baribir hammani bitta savol qiziqtiryapti: Ravshan Ermatov hakamlik faoliyatini davom ettiradimi-yo‘qmi? Yaqinda tashkil etilgan matbuot anjumanida esa o‘zingiz bu masala bo‘yicha fikr bildirib, ko‘proq O‘FAga e’tibor qaratib o‘tishingiz haqida ta’kidlagandingiz. Lekin hozircha sizni biror joyda hakamlikni rasman tugatganingiz haqidagi ma’lumotlarni ko‘rmadik. Chindan ham hakamlikni yakunladingizmi?
- Ochig‘ini aytsam, boshida assotsiatsiyadagi ishim ko‘p vaqtimni olmaydi va hakamlikka ham bemalol vaqtim bo‘ladi deb o‘ylagandim. Lekin futbolning ichiga yanada chuqurroq kirib borib, mavjud muammolarni hal qilish bilan ovora bo‘lib qolayotganim uchun hakamlikka vaqt etishmayapti. Xabaringiz bor, oldinlari jismoniy holatimni me’yorida ushlab turish uchun har kuni shug‘ullanardim. Hozirgi kunda esa bir haftada ikki martagina zo‘rg‘a vaqt topyapman. Agar jismoniy holatim o‘yinni o‘tkazishga etarli bo‘lmasa, tavakkal qilib maydonga chiqmayman.
- 2022 yili Qatarda o‘tkaziladigan jahon chempionatida ishlashi mumkin bo‘lgan nomzod hakamlar ro‘yxatida siz ham bor edingiz. Rosti, sizni navbatdagi mundialda ham ishtirok etib, rekordlaringizni yangilashingizni juda xohlayotgandik. Ammo endilikda hakamlik ishi siz uchun ancha-muncha cheklangandek tuyulyapti. Bunga o‘zingiz qanday qarayapsiz? Qatardagi jahon chempionatida ishtirok etishdan umidingiz bormi?
- Qatardagi jahon chempionatiga nomzod hakamlar ro‘yxatidan joy olganim rost. Lekin menga vatanim, o‘zbek futboli ko‘p narsa berdi. Bir nechta jahon chempionatlarida qatnashdim. Jahon chempionatiga milliy terma jamoamiz borsa ko‘proq xursand bo‘lasizmi yoki hakam borsami? Shaxsan men, o‘zim mundialga borgandan ko‘ra milliy terma jamoamizning jahon chempionatida qatnashishidan xursand bo‘laman. Chunki bu xalqimizning azaliy orzusi hisoblanadi. Futbol esa xalqimizning eng yaxshi ko‘rgan o‘yini va unga xizmat qilish biz uchun sharaf.
- Bolalar futbolida yoshini kichraytirish holatlari ham uchrab turadi. Bular haqida siz qanday fikrdasiz?
- Xalqimizda kasalni berkitsang isitmasi oshkor bo‘ladi degan gap bor. Biz qachongacha o‘zimizni-o‘zimiz aldab kelamiz. Bolalar futbolida yoshni kichraytirish muammolari borligi bu futbolimizdagi eng katta muammolardan biri desam aslo adashmagan bo‘laman. Menga ko‘pincha o‘smirlar va yoshlar terma jamoalaridan kuchli futbolchilar chiqadi va keyin esa ular yo‘q bo‘lib qolishadi, degan savolni ko‘p berishadi. Bu savolga eng asosiy sabablardan biri deb aynan yoshni kichraytirish deb bilaman. Yoshni kichraytirib soxta obro‘ va soxta natijaning ketidan quvishga chek qo‘yish kerak. Aksincha, barcha yoshdagi terma jamoalarni o‘z yoshidagi bolalarni topib to‘g‘ri yoshdagi futbolchilar bilan ishlashimiz zarur. Balki bizda yaqin 2-3 yilda natija bo‘lmas, lekin Koreya o‘z misolida shuni ko‘rsatdiki, ular ana shu yo‘lni tanlab jahon chempionati finaligacha etib bordi. Shuning uchun biz bu yo‘nalishda ham halol bo‘lib, ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak, kelajakda bolalar futbolida ham yaxshi natijalarga erishamiz. Axir muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev har bir ishga halollik va adolat bilan yondashayotgan bir paytda nega biz futbolga bunday yondashmasligimiz kerak.
- O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi muxlislar tomonidan tez-tez tanqidga uchrab turadi. Siz esa hakam sifatida katta hurmat qozongansiz. O‘zbek futbolining yuziga aylangansiz. Endi esa siz mana shu erda ish boshladingiz. Lekin bu tashkilotda kim ishlamasin, baribir tanqidlar bo‘lib turadi. O‘zingiz bunday jarayonga tayyormisiz?
- Bilasizmi, futbol shunday o‘yinki, bir vaziyat bo‘yicha 100 ta odamdan 100 xil fikr chiqishi mumkin. Ba’zida esa bularning orasida tanqidiy fikrlar ham bo‘lib turadi. Men hammaning fikrini hurmat qilgan holda bir narsani aniq bilaman: hech qachon vijdonimga qarshi ish qilmaganman va qilmayman ham. Men doim o‘z ishimni to‘g‘ri hamda halol bajarishga intilganman. Albatta, ish bor joyda kamchilik bo‘lib turadi. Biz doim xatolarning oldini olib, kamchiliklarga tahliliy yondashib, o‘zimizni ayamasdan halol mehnat qilsak, tanqidlar ham kam bo‘ladi va oldimizga qo‘ygan maqsadlarga Xudo xohlasa albatta erishamiz.
- Endi bizda yangi Ermatovlar qachon chiqadi? Siz baribir O‘FAda ishlayotganingiz bois asosiy e’tiboringizni u erga qaratishingiz tabiiy. Bungacha esa jahon chempionatlarida va xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli hakamlik qilib kelganingiz uchun bunga hammamiz o‘rganib qolgandik. Biroq endilikda vaziyat o‘zgardi. Go‘yoki, bizda hakamlik masalasida bo‘shliq paydo bo‘lgandek…
- To‘g‘risini aytsam, bizda hakamlik eng og‘riqlik nuqtalardan biri. Yuqori saviyali hakamlar soni juda ham kam. Yillar mobaynida hakamlikni havaskorlikdan professionallikka o‘tkazish uchun bir qadam ham tashlangani yo‘q. Hattoki, 2010 yili ochilgan hakamlar maktabini ham noma’lum sabablarga ko‘ra yopib yuborishdi. Bugungi kundagi hakamlikdagi muammolar asosan shular bilan bog‘liq. Hakamlikning sifati va saviyasini oshirish uchun ishni tizimli ravishda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga harakat qilyapmiz. Endi esa biz o‘sha hakamlar maktabini yana qayta tiklab, zamonaviy shaklda qayta ochmoqchimiz. Hozirda bunday maktabni tashkil etish bo‘yicha tashkiliy ishlarni olib boryapmiz Bu borada bir necha xorijiy mamlakatlarning tajribalarini o‘rganyapmiz. Xudo xohlasa, hali o‘zbek futbolidan ko‘plab mahoratli hakamlar etishib chiqib, vatanimiz nomini jahon chempionatlarida munosib himoya qilishadi.
- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. O‘zbek futbolining ravnaqi yo‘lidagi ishlaringizda ham omad va muvaffaqiyat tilab qolamiz.
- Rahmat.
Fikrlar
Лекин бу амалга ошиши жуда кийин булган энг огир масалалардан биридир.