
Rasman! O‘zPFL yana bir homiyga ega bo‘ldi
2022 yilgi O‘zbekiston Superkubogi uchrashuvi barcha uchun ahamiyatli bo‘ldi. Birinchi navbatda o‘yin yuqori saviyada tashkil etilgan bo‘lsa, boshqa tomondan Yaypanda O‘zPFL uchun moliyaviy tomondan manfaatli bo‘lgan shartnoma imzolandi.
Hech kimga sir emaski, O‘zPFL 2021 yilgi mavsumda bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda shu yilning 4 fevral kuni bo‘lib o‘tgan ilk moliyaviy hisobotda ham ma’lumot berib o‘tildi. Tashkilotdagi bu shaffoflik "TURON ECO CEMENT GROUP" rahbariyatini ham befarq qoldirmadi. Endilikda mazkur tashkilot Superliga uchrashuvlari homiylari qatorida 2022 yil davomida O‘zPFL bilan hamkorlik qiladi.
Kecha — 27 fevral kungi muhim o‘yin oldidan har ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. O‘zbekiston Professional futbol ligasi mamlakatimizda millionlar o‘yini rivoji yo‘lidagi xizmatlari uchun "TURON ECO CEMENT GROUP" rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildiradi. Shuningdek, endilikda futbolimiz tarixidan o‘ziga xos o‘rin olgan Superkubok uchrashuvi uchun Yaypan ahliga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.
O‘zPFL matbuot xizmati
Fikrlar