"Raqibimiz kimligini yaxshi bilamiz, Jasur Hasanovning zarbalari xavfli" - "Xo‘jand" ustozi bo‘lajak o‘yinga qanday tayyorlanayotgani, "So‘g‘diyona"ning kuchi va maqsadi haqida

  • 15 iyul, 2022, 15:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Tojikistonning “Xo‘jand” klubi yurtimiz ishqibozlari uchun yaxshi tanish. Joriy yilgi OFK Kubogida guruh bahslaridan eson-omon o‘tdi.

Tecno

Kecha bo‘lib o‘tgan qur’aga ko‘ra, OFK Kubogining 1/4 final bosqichiga chiqish uchun “Xo‘jand” jamoasi 17 avgust kuni o‘z maydonida Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubini qabul qiladi.

Mazkur juftlik g‘olibi sentyabr oyi boshlarida Gonkongda “Istrn Long Layns” klubi bilan to‘qnash keladi. Shu bois Sports.uz muxbiri “Xo‘jand” jamoasi bosh murabbiyi Rustam Xodjaev bilan bog‘lanib, jamoasining tayyorgarligi va OFK Kubogidagi bo‘lajak raqib  - “So‘g‘diyona” haqida suhbatlashdi.

- “Xo‘jand” klubining yozgi tayyorgarlik rejasi qanday? Eshitishimcha, jamoangiz bilan Toshkentda yig‘in o‘tkazmoqchi ekansiz, shundaymi?

- Mavsumning ikkinchi qismiga tayyorgarlikni boshlaganimizga 1-2 kun bo‘ldi. Tabiiyki, shu bilan birga biz OFK Kubogi doirasidagi muhim o‘yinga ham hozirlik ko‘ryapmiz. Tayyorgarligimiz yaxshi, asta-sekinlik bilan boshlaganmiz. Ayrim hal qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar bor, shularni hal qilyapmiz. Hozircha mashg‘ulotimizni o‘zimizda davom ettiryapmiz. Yig‘inimizni keyinchalik qaerda o‘tkazishimizni hozir aniq ayta olmayman. Toshkentda bo‘ladimi yoki o‘zimizdami, keyinroq ma’lum bo‘ladi.

rustam2

- Qur’aga ko‘ra, “Xo‘jand” OFK Kubogi doirasida keyingi uchrashuvini “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘z maydonida o‘tkazadigan bo‘ldi. Bu jamoangizga ustunlik berishi mumkinmi?

- Boya aytganimdek, biz “So‘g‘diyona” bilan bahsga ham tayyorgarlik ko‘ryapmiz. O‘z maydonimizda muxlislarimiz ko‘z o‘ngida to‘p surishimiz bizga kuch bag‘ishlaydi. Yaxshi bilasiz, ishqibozlar 12-o‘yinchi hisoblanadi. Ularning stadionni to‘ldirib o‘tirishi va bizni qo‘llab-quvvatlashi albatta jamoamizni juda xursand qiladi. Lekin bu aynan bir o‘yinga katta ta’sir qilmaydi. Kim yaxshi tayyorgarlik ko‘rsa, o‘yinni zo‘r o‘tkazsa, o‘sha jamoa g‘alaba qozonadi. Raqibimiz kimligini yaxshi bilamiz va shundan kelib chiqqan holda bo‘lajak uchrashuvga tayyorlanamiz.

- “Xo‘jand” klubiing OFK Kubogida oldiga qo‘ygan maqsadi qanday?

- Tabiiyki, OFK Kubogida oldimizga qo‘yilgan dastlabki vazifa guruhdan chiqish edi. Bu “Xo‘jand” klubi tarixida ilk bor yuz berdi. Endi aniqki, oldimizga qo‘yiladigan vazifalar bundan-da yuqori bo‘ladi. Albatta, “So‘g‘diyona”ning kuchini yaxshi bilamiz. Raqibni hurmat qilamiz. Maydonga tushamiz va g‘alaba qozonishga, keyingi bosqichga chiqishga harakat qilamiz. Lekin oldimizga qo‘yilgan asosiy vazifani uddaladik. Bundan buyog‘iga har bir uchrashuvdan keyin oldimizga yangi maqsadlar qo‘yib boramiz.

- “So‘g‘diyona”ning guruhdagi uchrashuvlarini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Sizda qanday taassurot qoldirdi? Masalan, kuchli tomonlari nimada?

- “So‘g‘diyona” haqida nima deyishim mumkin? Turnir boshlanishidan avval “So‘g‘diyona” o‘z guruhining favoriti sanalardi va bu jamoa yakunda o‘z maqsadiga etdi. Tabiiyki, biz raqibni yaxshi bilamiz. O‘yinlarini kuzatdik. Jamoa ishtirokidagi videoyozuvlarni ko‘rib chiqdik va tahlil qildik. Shu sababli bo‘lajak uchrashuvga astoydil tayyorgarlik ko‘ramiz. “So‘g‘diyona” jiddiy raqib. Bor kuchimiz bilan o‘ynashga hamda g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga chiqishga harakat qilamiz. Lekin bu futbol. Kim yaxshi o‘ynasa, o‘sha jamoa g‘alaba qozonadi. Boshqa klublarga qaraganda, “So‘g‘diyona”ning kuchli ekanligi ko‘rinib turgandi. Standart vaziyatlardan yaxshi foydalana oladi. Kuchli ijrochilarga ega. Shu sabab bizni ancha og‘ir o‘yin kutib turibdi.

rustam1

- “So‘g‘diyona” safida siz uchun eng xavfli futbolchi kim?

- Bilasizmi, kimnidir ajratib ko‘rsatish juda qiyin. Hamma futbolchilari o‘ziga yarasha kuchli. Standart vaziyatlarida himoyachilari yaxshi qo‘shilishyapti. Ayniqsa, Jasur Hasanov ijrosidagi jarima zarbalari ancha xavfli ko‘rinish olmoqda.

- Hozirgi yozgi selektsiya jarayonida tarkibda qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti?

- Ha, albatta, transfer oynasi ochilgan. Tarkibimizda o‘zgarishlar bo‘ladi. Jamoani kuchaytira oladigan futbolchilarni izlayapmiz. Bu masala ustida selektsiya bo‘limi ish olib bormoqda. Lekin hozircha hech nima ayta olmayman. Chunki aniq transferlar yo‘q va yangi shartnomalar hali tuzmadik. Ammo jamoamizni kuchaytirishga harakat qilamiz. Variantlar qidiramiz, o‘zgarishlar bo‘ladi.

- “Xo‘jand”da o‘zbekistonlik legionerlar bor. Lekin eshitishimcha, ulardan biri – Shoxruh Mahmudxojiev klubni tark etgan. Buning sababi nimada?

- Ha, bizda bir qancha legionerlar bor edi. Ayrimlari bilan xayrlashishga majbur bo‘ldik. Shoxruh Mahmudxojiev bilan uning xohishiga ko‘ra xayrlashdik. OFK reglamentiga ko‘ra bir jamoa uchun 4 ta legionerga ruxsat berilgan, bizda esa 6 ta edi. Shoxruh juda iqtidorli yigit. Biz uni qishda tarkibimizga qo‘shib olgandik. Lekin futbolchini jarohatlar qiynab yubordi. Kutilmagan jarohatlarga yo‘liqdi. Shu sababli uning imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalana olmadik. Shu boisdan u jamoani o‘zgartirishga qaror qildi. Lekin biz futbolchi bilan hamkorlikni davom ettirmoqchi edik. Shoxruhga jarohatlar ta’sir qildi. Biroq Mahmudxojievni jamoamizda qolishini, biz bilan hamkorlikni davom ettirishini xohlagandim. Bilishimcha, hozir unda hammasi yaxshi, ishlari joyida deb eshitdim.

rustam

- Jamoangizga yana O‘zbekistondan yangi futbolchilarni taklif qilish rejangiz bormi?

- O‘zbekistondanmi yoki boshqa mamlakatdan bo‘ladimi, aniq bir nima deya olmayman. Biroq tarkibni kuchaytirish ustida va legionerlarni qidirish bo‘yicha ishlashda davom etamiz.

- Bilamizki, Tojikistonda “Istiqlol” birinchi raqamli jamoa hisoblanadi. “Xo‘jand” ushbu klubning gegemonligiga chek qo‘yishiga qurbi etadimi?

- Qiyin savol. Tojikiston chempioni bo‘lish uchun jamoani juda yaxshi shakllantirish kerak. Aytish mumkinki, bunday ijrochilar hozircha bizda yo‘q. Albatta, harakat qilamiz, oldimizga yuqori maqsadlarni qo‘yamiz. “Istiqlol” qolgan klublardan ancha kuchli. Lekin biz har bir uchrashuvda g‘alaba qozonishga intilamiz. Buni uddasidan chiqamizmi-yo‘qmi, vaqt ko‘rsatadi. Lekin yuqori maqsadlarga erishish uchun kurashishda davom etamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!