
"Rahbariyat ultimatum qo‘ygan". Ilhom Mo‘minjonovdan matbuot anjumanida "qaynoq" fikrlar
“Neftchi” klubi chempionatni g‘alaba bilan boshlab oldi. Ilk turda “Qo‘qon-1912”ni penaltidan kiritilgan yagona gol evaziga mag‘lub etishdi. Uchrashuvdan keyin “Neftchi” ustozi Ilhom Mo‘minjonov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Bugungi g‘alaba bilan “Neftchi” muxlislarini tabriklayman. Shogirdlarimni ham birinchi g‘alaba bilan qutlayman. Rahbariyat oldimizga kuchli uchlikka kirish vazifasini qo‘ygan. Buning uchun astoydil shug‘ullandik va o‘yin uslubimizga mos tushadigan futbolchilarni oldik. Oldimizga qo‘yilgan vazifani biz murabbiylar shtabi bajarishimiz shart.
- Bugungi o‘yin haqida nima deysiz?
- Chiroyli o‘yin bo‘ldi deb o‘ylayman. Ikkala jamoa ham tartibli o‘ynadilar. Birinchi bo‘limda yutishimiz kerak edi. Ikkita imkoniyatga ega bo‘ldik. Baribir g‘alabaga erishdik. Jarohatlar ko‘p. Doniyor Narzullaev, Husniddin G‘ofurov, Lutfulla To‘raev, Shahzod Ubaydullaev. To‘rtta asosiy futbolchilarimiz jarohatda. Ikkitasi 4-5 ta o‘yinda maydonga tusha olmaydi. Shahzod asta-sekin o‘ziga kelyapti. Bugun Lutfulla yo‘qotish bo‘ldi. Hech qisi yo‘q, bizda ikkita bir xil tarkib bor. Zaxiradan maydonga tushirgan futbolchilarimiz ham o‘yin tempini ushlab berishdi.
- To‘raev birinchi bo‘limda jarohat olib sizni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Bu vaziyatdan qanday chiqib ketdingiz?
- Aytyapman-ku, to‘rtta o‘yinchimizni jarohati bor. Aynan to‘rtinchisi Lutfulla edi. Ammo bugungi o‘yinga bir amallab chiqqandi. 40 daqiqa o‘ynagan bo‘lsa ham ko‘p ishni bajarib berdi, rahmat. Shuni evaziga ham yutdik. Balki o‘yin boshqacha bo‘larmidi?! U maydonga tushishi kerak edi, men buni xohlagandim. Chunki yutishimiz kerak edi. Hech kim bizni kechirmaydi. Rahbariyat ultimatum qo‘ygan. “Neftchi” 3 yil deganda Superligaga chiqqaniga qaramay, darhol uchtalikka kirish vazifasi qo‘yilgan. Maqsadi bor jamoada ishlash har bir murabbiyni orzusi. Bosimdan qo‘rqmayman. Bosim orqali ishlashni yaxshi ko‘raman. “Navbahor”da o‘zimni ko‘rsatganman. Endi “Neftchi” bilan uchtalikka kirishimiz shart.
- Jarima maydoni tashqarisidan ko‘plab zarbalar berildi. Bu oldindan tuzilgan rejamidi?
- “Qo‘qon-1912”ni “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinini ko‘rib chiqqanimizdan keyin qanday himoyalanish va hujum qilish ustida reja tuzib chiqqandik. Shaxzod Ubaydullaev ham zaxiradan maydonga tushib gol urdi. Bu o‘yindagi vazifasi shunday edi.
- Har bir jamoada selektsioner murabbiylar bor. Ammo ular e’tibor bermayotgan jihatlar bor. Masalan, qo‘qonliklik Jasur Yoqubov “Surxon”da edi, “Paxtakor” oldi. Akrom Komilov AGMKda. Rustam Ashurmatov “Navbahor”ga o‘tdi. Selektsiya paytida shularga ham e’tibor berishsa bo‘lmasmidi?
- Yoqubov bilan qattiq shug‘ullandik. Chempionat tugashi bilan “Lokomotiv” uni olib bo‘lgan ekan, biz kechikdik. Biz xohlagandik. Keyin “Lokomotiv” uni qo‘yib yuborganida himoyachi olib bo‘lgandik. Rustam Ashurmatovni ham xohlagandik, muzokara ham o‘tkazgandik. Afsuski, futbolchi “Navbahor”ni tanladi. Mahalliylardan Anvar G‘ofurov bizda-ku.
- U-18 jamoasi bilan chempion bo‘lgan Aziz Alijonov uchta shogirdi bilan “Bunyodkor”ga o‘tdi. Nega ularni ushlab qolishni iloji bo‘lmadi? Shuningdek, jamoada o‘yinni o‘z qo‘liga oladigan, gollar uradigan futbolchilar kerak. Ko‘proq gollar uradigan futbolchilar bormi?
- Birinchi savolga javob berolmayman, futboldan tashqarida bo‘lib qolyapti. Ikkinchisiga kelsak, Ulug‘bek Hoshimov, Shahzod Ubaydullaev, Eshich kabi futbolchilarimiz bor. Ular formada bo‘lsa, uchalasini qo‘yamiz. Ularga ishonyapmiz, menimcha shular to‘purar bo‘ladi. Xusniddin G‘ofurov ham bor, bizni tarkibda hujumda o‘ynayapti.
- Penalti belgilangan vaziyatga munosabatingiz?
- Penaltiga kelsak, VARda ko‘rib chiqishdi. Toifasi baland hakamlar edi. Risqullaev ham reytingi baland hakam. Ular ko‘rib chiqishdi. Ammo men hali takroriy vaziyatni ko‘rmadim. Bizga penalti tepish imkonini berishdi, Xudoga shukr. Keyingi o‘yinlarda qo‘qonliklarga omad.
Fikrlar