
Quvondiq Ro‘ziev Superligadan tushgan takliflar, xorijliklarning qiziqishi va "Navbahor"dagi kelajagi haqida gapirdi
“Navbahor” tarkibidagi eng yaxshi o‘yinchilardan biri bo‘lib turgan Quvondiq Ro‘ziev endi alohida ta’riflarga muxtoj emas. U o‘z o‘yini bilan qanday darajadagi futbolchi ekanligini ko‘rsatib bo‘lgan.
Kutilganidek, Ro‘ziev bu yil “Navbahor”ga qo‘shilgach, asosiy tarkibdagi o‘rnini mustahkamladi. Sports.uz muxbiri Quvondiqqa bir qancha savollar bilan murojaat qildi. Futbolchi avvalo birinchi davra yakunlari haqida so‘zladi.
- Jamoani egallab turgan hozirgi o‘rni nafaqat “Navbahor”ga, balki uning jonkuyar muxlislariga ham yarashmayapti, - deya suhbatni boshladi, Ro‘ziev. - Chunki “Navbahor” o‘z muxlislari bilan, ularning faolligi bilan O‘zbekistonda yuqori reytinglarda turadi. Birinchi davra yakuniga kelsak, “Paxtakor”dan tashqari barcha klublarda imkoniyatlar deyarli bir xil. Tarkib va o‘yin saviyasi jihatidan ham jamoalar bir-biriga yaqin. Shu sababli birinchi davramiz juda qizg‘in o‘tdi. Keskin kurashlarga boy bo‘ldi. Har bir klub xoh uyda, xoh mehmonda bo‘lsin maksimal ochko yig‘ishga harakat qildi. Bu yo‘lda qaysidir jamoa omadsizlikka uchradi. O‘z maydonimizda “Turon”, “Andijon” kabi jamoalarni yutganimizda hozir boshqacha o‘rinda turgan bo‘lardik. Aynan mana shu uchrashuvlar bizga qattiq pand berdi desam ham bo‘ladi.
- Natijalar yaxshi bo‘lmagach, jamoada o‘zgarishlar yuz beryapti va Samvel Babayan maslahatchi murabbiy sifatida ishga kirishdi. Jamoa uni qanday kutib oldi?
- Bunday natijalardan keyin o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy. Lekin murabbiy haqida fikr bildirmoqchi emasman. Chunki o‘tgan safargi intervyuimda No‘’mon aka Hasanov mening fikrlarimdan ranjib qolgandi. Shu sababli savolingizga qisqacha javob beraman: butun jamoa Samvel Babayanni iliq kutib oldi va hamma futbolchilar unga ishonishadi.
- No‘’mon Hasanov sizdan ranjigan vaziyat haqida ochiqroq aytib o‘tsangiz...
- Ikkinchi turda “Lokomotiv” maydonida g‘alaba qozonganimizdan keyingi bergan intervyuimdan so‘ng, No‘’mon aka mendan xafa bo‘lib qoldi. Menimcha, u kishi mening fikrimni, nima demoqchiligimni aniq tushunmaganlar. Bu borada gap Dukich haqida ketgandi. Men shuni nazarda tutgandimki, bu klubga kelgan ilk paytlarimda hamma o‘z fikrini bildirgandi, ya’ni, No‘’mon Hasanov o‘tgan yilning ikkinchi davrasida jamoani qabul qilib olganida mashg‘ulotlar va o‘yin jihatidan ham klub ancha o‘sishga erishganligini ta’kidlashgan. “Navbahor” jipslashganligini menga aytishgandi. Shundan kelib chiqib, balki Dukichni olib kelgani xato bo‘lgandir deb aytgandim. Aniqrog‘i, o‘shanda murabbiylar shtabida o‘zgarishlarsiz harakat qilganimizda balki hammasi yaxshilikka bo‘larmidi, degan maqsadda gapirganman. Ammo No‘’mon aka meni noto‘g‘ri tushundilar. Telefon orqali gaplashganimizda ham tushuntirishga harakat qildim. Hozir ham aytamanki, No‘’mon aka Hasanovga hech qanaqa yomonligim yoki xusumatim yo‘q. “Navbahor”ga kelishimda bu murabbiyning roli katta bo‘ldi. Bu transfer amalga oshish jarayonida uch marta to‘xtatildi, keyin yana qaytadan tiklandi. Chunki orada “Qo‘qon-1912” jamoasini rozi qilish masalasi turgandi. Buni Otabek aka Samatov va No‘’mon aka Hasanov bilan birgalikda hal qildik, ijobiy tomonga. Natijada “Navbahor” jamoasiga o‘tishim amalga oshdi. Hasanovning mehnati sababli “Qo‘qon-1912” jamoasida oz bo‘lsa-da, o‘z o‘rnimga ega bo‘lgandim. Ushbu intervyu orqali No‘’mon akadan tushunmovchilik bo‘lgani uchun uzr so‘rayman. Kelgusi faoliyatida yuqori cho‘qqilarga erishishining tilakdoshiman.
- Vaziyatga real qarasak, “Navbahor” mavsum yakunigacha qaysi o‘rinni egallashga qodir deb o‘ylaysiz?
- Agar vaziyatga real qarab, ayni turnir jadvalidan kelib chiqib aytsak, 5-o‘rindagi jamoa bilan olti ochkolik farq bor. Bunday tafovutni yo‘qotishga jamoamiz bemalol qodir. “Navbahor” maksimal ochko to‘play olsa, mavsumni kuchli to‘rttalikda tugatishga qurbi etadi.
- Shuningdek, xizmatingizga xorijdan ham yaxshi takliflar borligi haqida eshitdim. Bu masalada o‘zingiz oydinlik kiritsangiz.
- Birinchi davra yakunlanganidan so‘ng, Superliganing ikkita jamoasidan aniq taklif bo‘ldi. Xorij klublari bilan bog‘liq vaziyatga kelsak, hali ish oxiriga etgani yo‘q. Shu sababli bu savolni ochiq qoldiraman. Bu narsa 50x50 bo‘lib turibdi. Agar hammasi o‘xshaydigan bo‘lsa, rahbarlarimiz bilan gaplashib, kelishishga harakat qilaman, xorij klubida o‘zimni sinab ko‘rish uchun.
- Sizdagi potentsialni ko‘rib shunga amin bo‘lyapmizki, chetda legioner sifatida to‘p surishga bemalol qurbingiz etadi. Sir bo‘lmasa, xizmatingizga qaysi klublar qiziqyapti?
- Avvalambor iliq fikrlar uchun katta rahmat. Klublardan yuborilgan takliflar futbolchilar tomonidan sir tutiladi. Hozir qaysidir klub yoki uning davlatini aytsam, noprofessionallik qilgan bo‘laman. Shu sababli aniq taklif kelib tushishini kutyapman. Agar hammasi aniq bo‘lib ulgursa, bu haqda xabar beraman va klub bilan kelishgan holda hal qilamiz.
- Ikkinchi davrada katta ehtimol bilan “Navbahor”dan ketishingiz mumkinmi?
- Birinchi davradan so‘ng, bu to‘g‘risida jamoamiz rahbari Otabek aka Samatov bilan ko‘p suhbatlashdik. Superliga jamoalariga o‘tish imkoniyatim yo‘qligini, ayniqsa, xorijdan taklif bo‘lsa va bu klub uchun manfaatli bo‘ladigan bo‘lsa, shundagina o‘ylab ko‘rishlarini aytib o‘tishdi. Kelib tushadigan taklifga qarab ruxsat berish yoki bermasliklarini aytishdi.
- “Navbahor”ning tarkibi o‘zgarishlarga qanchalik muxtoj deb o‘ylaysiz?
- O‘zgarish bo‘lishi tabiiy hol. Turnir jadvalida ham yaxshi o‘rinda emasmiz. Shu bois jamoa yuqoriga intilishi va yaxshi o‘rinlarga harakat qilish uchun o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy. Jamoa o‘zgarishlarga muxtoj demagan bo‘lardim. Shunchaki, zaxira o‘rindig‘imiz ozroq tor. Bu mening shaxsiy fikrim. Tarkibda raqobatni kuchaytirsa, bu futbolchilar va jamoa uchun ham yaxshi effekt beradi.
- Hozir mashg‘ulotlarda e’tibor nimaga qaratilyapti?
- Hozirgi kunda e’tiborimizni jismoniy holatga qaratyapmiz. Birinchi davrada shu narsa bizga pand berdi desam to‘g‘ri bo‘lardi.
- Birinchi davradagi eng alamli o‘yin qaysi bo‘ldi?
- “Paxtakor” bilan bo‘lgan uchrashuv jamoamiz futbolchilari uchun og‘ir zarba bo‘ldi desam bo‘ladi. Bu o‘yin ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi. Oxirgi daqiqalardagi penalti futbolchilarni ruhan sindirib qo‘ydi. Balki o‘sha vaziyatda kontakt bordir, lekin birinchi bo‘limda “Paxtakor” futbolchisi o‘z jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynagandi. O‘shanda penalti bermadimi, demak bizning darvozamizga ham penalti belgilamasligi kerak edi. Yoki penaltini ikkala jamoaga ham berish kerak edi. Shunda haqqoniy bo‘lardi. Chunki jarima maydoni ichida o‘yinchi to‘pni qo‘li bilan o‘ynagani fakt.
Fikrlar