
Quvonch Tayg‘onboev: Eng katta gonararim 15 ming AQSh dollari bo‘lgan
O‘z vaqtida professional ringlarda 36 ta jang o‘tkazib, ularning 31 tasida zafar quchishga erishgan. O‘z vaqtida millionlab muxlislarni suyuklisiga aylana olgan mazkur charmqo‘lqop ustasi yoddan chiqqandek taassurot uyg‘otayotgan edi. U haqida deyarli matbuotda gapirilmay ham qo‘ydi. Vaxolanki, Quvonch Tayg‘onboev o‘z vaqtida yurtimiz sha’nini xalqaro arenalarda munosib himoya qila olgandi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, yurtimizda uning muxlislari etarlicha topiladi. Ushbu omillarni inobatga olib, biz bu kamchilikni bartaraf etishga harakat qildik va Quvonch Tayg‘onboev bilan bog‘lanib, batafsil suxbat qurishga muvaffaq bo‘ldik. Quyida ushbu suxbatni e’tiboringizga havola etamiz.
Shaxsiy hayot
- Andijonda istiqomat qilib, bevosita murabbiylik bilan shug‘ullanayotganingiz borasida ma’lumotga ega edik. Hozirda esa, Qirg‘izistonning O‘sh shahrida istiqomat qilayotgan ekansiz. Bunga nima sabab bo‘ldi?
-Bilasizmi, biz oilada ikki farzandmiz. Ziyoyiddin akam va men. Xabaringiz bor, aslida biz Qirg‘izistonning Jalolobod shahri Ko‘kyong‘oq qishlog‘ida tavallud topganmiz. Akam ham men ham O‘zbekistonda o‘sib ulg‘aydik va qo‘ldan kelgancha yurtimiz sha’nini munosib himoya qilishga harakat qildik. Sportchilik faoliyatimiz yuzasidan oiladan ya’ni, ota-onamizdan juda ko‘p uzoqda bo‘lishimizga to‘g‘ri keldi. Garchi, biz O‘zbekistonda faoliyat yuritgan bo‘lsakda, ota-onamiz Qirg‘izistonda istiqomat qilardi. To‘g‘ri, faoliyatimni yakulagandan so‘ng, Andijonda bolalarga murabbiylik qilayotgandim. Afsuski, onam bu dunyoni tark etganidan so‘ng, otam yolg‘iz qoldi va men O‘shga dadamni oldiga borib yashay boshladim. Bu erda ham murabbiylikni davom ettirmoqdaman. Qirg‘iz diyorida mashhur bo‘lgan “Erem” klubida yoshlarga boksning sir-asrorlarini o‘rgatib kelayapman. Nolimayman, chunki Andijon bilan O‘sh orasi yaqinligi uchun deyarli har xaftada qadrdonlar bilan ko‘rishib turaman.
HAVASKOR BOKSDAGI FAOLIYaT
- Keling endi moziyga sayoxat qilsak, sizni boks ixlosmandlari professional ringdagi natijalaringizdan xabardor. Bir so‘z bilan aytganda, xalqimizga profidagi faoliyatingiz tufayli tanilgansiz. Havaskor boksdagi natijalar qanday bo‘lgandi?
-To‘g‘ri, buni tan olaman. Chunki, juda erta 21 yoshimda professional boksga o‘tib ketganman. Lekin havaskor boksda ham arzirli natijalar qayd eta olganman. Misol uchun, O‘zbekiston chempioni bo‘lganman. “Oltin avlod” shakllangan davrda O‘zbekiston chempioni bo‘lish ham oson emasdi. Umuman har doim ham yurtimiz havaskor boksida juda kuchli raqobat bo‘lgan. Yoshlar va kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritganman. Bir qator xalqaro turnirlar g‘olibiga aylana oldim. Jahon chempionatlarida ishtirok etdim.
- Kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati finali borasida to‘xtalib o‘tsangiz. Adashmasam raqibingiz qozog‘istonlik bokschi edi?
- To‘g‘ri, qozog‘istonlik Nurjan Ismanov edi. Bu jangni aslida yutqazmagan edim. Biroz noxaqlik bo‘lgan deb bemalol ayta olaman. Osiyo chempionati Qozog‘istonda bo‘lgandi. Mezbonlik faktori ham rol o‘ynagan.
- O‘zbekiston chempionatida raqobat jiddiy bo‘lgan deya aytib o‘tdingiz. Sizga bu borada qarshilik ko‘rsatgan noqulay raqiblarni ayta olasizmi?
- Narimon Otaev, Nuraddin Atakov va Xojiakbar Zokirovlar bo‘lgan. Qolganlarini hozir eslay olmadim.
- Yuqorida “Oltin avlod” deya aytib o‘tdingiz. Balki ularni nomma-nom sanab, qanday bokschi bo‘lganligini yodga olaylik. Har xolda, yosh charmqo‘lqop ustalarimizga va xozirgi avlod muxlislariga ma’lumot bergan bo‘lardik. Qolaversa, katta yoshli boks ixlosmandalariga biroz bo‘lsada ularning ajoyib harakatlarini, g‘alabali onlarini, alamli mag‘lubiyatlarini eslataylik?
- Exx, mening ham yodimga tushib, o‘sha davrlarga qaytgim kelib qoldi. Qanday davrlar ediya... Juda ham axil bo‘lgan edik. Ruslan Chagaev, Muxammadqodir Abdullaev, O‘tkir Haydarov, Rustam Saidov, Sergey Mixaylov, To‘lqin Turg‘unov, Timur Tulyakov, Narimon Otaev, Nuraddin Atakov, Laziz Zokirov, Farxod Bakirov, Karim To‘laganov, Dilshod Yorbekov, Timur Ibragimov, Oleg Maskaev, Timur Sulaymonov, Uyg‘un Siddiqov, Hikmatillo Ahmedovlar shunday avlod deya e’tirof etilardi. Agar, kimlardir qolib ketgan bo‘lsa, ma’zur tutadilar. Bular o‘z davrining qahramonlari edi desam yanglishmagan bo‘laman. Barchasi inson sifatida ham xurmatga loyiq edi. Ular Osiyo va Jahon miqiyosida o‘zlarini ko‘rsata olishgan. Bu avlod vakillaridan o‘sha Kuba ham, Rossiya, Qozog‘iston umuman olganda barcha raqiblar zir titrardi.
Professional ringdagi sarguzashtlar
- Navbat professional boksdagi faoliyatingizga ham etib keldi. Profiga qadam qo‘yishingiz, umuman olganda shu haqidagi barcha tafsilotlar to‘g‘risida aytib o‘tsangiz?
- Buning ikir-chikirlari yodimda yo‘q. Lekin Ruslan Chagaev ikkalamiz Petr ismli menejer bilan gaplashib, 1997 yil Chikago yo‘l olganmiz. Promoushenimiz “Millenium Events”, promouterimiz Vlad Vortoni edi. U vaqtlar professional boks atrofidagi o‘yinlarga etarlicha aqlim etmasdi. Bu boradagi kamchiligim keyinchalik faoliyatimga salbiy ta’sir qilgan deb o‘ylayman.
- Uch mag‘lubiyatingizni yaxshi eslayman. Avtandil Xurtsidze, Dmitriy Pirog va Ali Sulton Nadirbegovlar bilan bo‘lgan janglarni nazarda tutdim. Shularning orasida ikki raqibingizdan raundalar mobaynida ustun edingiz. Aynan shu janglar tafsilotlariga biroz to‘xtalsak?
- Bu baxslar interkontinental kamari uchun bo‘lgandi. Dmitriy Pirog darxaqiqat kuchli bokschi edi. Uning keyingi faoliyatiga nazar tashlasangiz ham bunga amin bo‘lasiz. Lekin, u bilan bo‘lgan to‘qnashuvda qoshim yorilib ketgan va tibbiyot xodimlari tomonidan to‘xtatilgan edi. Ali Sulton bilan bo‘lgan jangda yaqqol ustunlik qilayotib, oxirgi soniyalarda bitta kuchli zarbani o‘tkazib yuborganman va keyin tiklana olmadim. Gruziyalik bilan bo‘lgan qarama-qarshilikni eslagim ham kelmaydi. Tayyor yutug‘imni unga berib yuborishgan. Shunchaki, ularga qit’alararo WBO kamari kerak bo‘lgan va uni mendan olib qo‘yishgan.
- Toshkentdagi jang kechasidan keyin yurtimiz boks ixlosmandlarining tom ma’nodagi yoqimtoyiga aylangan edingiz?
- Albatta, juda ham yodda qolarli bo‘lgandi. Raqibimni dastlabki raunddayoq nokautga uchragandim. Muxlislarning qo‘llab – quvvatlashi, e’tibor juda kuchli bo‘lgandi. Ana shu yurtdoshlarimizni uyaltirib qo‘ymaganimga xali-hanuz yaratganga shukr qilaman. Birinchi ya’ni qitalararo chempionlik kamarimni Toshkentda qo‘lga kiritgan edim.
- Umuman faoliyatingiz davomida nechta kamarni qo‘lga kiritgansiz?
- Ikkita. WBO yo‘nalishining qitalararo va Osiyo kamariga ega chiqqan edim.
- Sizga raqib bo‘lgan eng mashhur bokschilar?
- Shubhasiz, Oba Karr. U chempionlik uchun Oskar De La Xoya va Feliks Trinidadlarga qarshi jang olib borgan. Gennadiy Golovkindan mag‘lubiyatga uchragan Kassim Ouma va jahon chempioni Kit Xolmslarni aytgan bo‘lardim. Bular orasida aynan Oba Karrni mag‘lubiyatga uchrata olganman.
- “Mandalay Bay”, “MGM Grand Garden”, “Medison Skver Garden”...
- Nima demoqchi bo‘lganingizni tushundim. Barchasida jang o‘tkazganman.
- Eng yuqori gonararingiz qancha bo‘lgan?
- 15 ming AQSh dollari bo‘lgandi. Qo‘limga tekkani shuncha bo‘lgan.
- Yaqindagina internetdagi ijtimoiy saxifalaringizda Mayk Tayson bilan tushgan rasmingizni qo‘ydingiz. Ma’lumki, u bilan AQSh da ko‘rishgansiz. Mashg‘ulot vaqtida olingan sur’at, bundan shunday ma’no kelib chiqadiki, siz Tayson bilan bitta zalda shug‘ullangansiz?
- Yo‘q. Bitta zalda shug‘ullanmaganmiz, promoushenimiz ham boshqa edi. Shunchaki, Ruslan Chagaev ikkimiz u mashg‘ulot olib boradigan zalga borganmiz. Sababi, bizning klubda Ruslanga sparring partnyor yo‘q edi.
- Odatda, sizni “Pancher” deya e’tirof etishadi. Faoliyatingizdagi 31 ta g‘alabaniing 20 tasini nokaut bilan yutganingiz ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Aynan ushbu nokautlarning aksariyatini o‘ziga xos kombinatsiya ya’ni masofadagi ikkilik bilan chalg‘itib, chap qo‘lingizdagi yon tomonlama zarbangiz orqali amalga oshirgansiz. Besh mag‘lubiyatingiz qisman bo‘lsada, ushbu usulingizni raqiblar o‘rganib chiqqanligi evaziga yuzaga kelmaganmi?
- Bu boks. G‘alaba va mag‘lubiyat doimo, yonma yon yuradi. To‘g‘ri, bu ham sabab bo‘lgandir. Lekin faqat ushbu omilni mag‘lubiyatim sababi sifatida e’tirof etsak noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, ringga chiqqanimda menda har doim “B” reja ham bo‘lgan. Juda ko‘p omillarni sanab o‘tish mumkin. Omad, noxaqlik, raqibni kuchiga etarli baxo bermaslik, jangga yaxshi tayyorgarlik ko‘ra olmaslik va raqibning bir bosh ustunligi. Mana shu sanab o‘tilganlar asosiy sabab bo‘lgan.
- Hozirgi kunda professional boksda faoliyat olib borayotgan bokschilarimiz nufuzli kamarlarni qo‘lga kirita olishga qodirmi?
- Bilasizmi, yuqorida tilga olib o‘tdim. Bizning davrni havaskor boksning “Oltin avlod”i deya e’tirof etishgan. 2016 yilgi Olimpiadada shov-shuv ko‘targanlarni esa havskor boksimizning “Brilliant avlod”i deya e’tirof etgan bo‘lardim. Aynan shu ukalarimizga Qudratullo Abduqaxxorov, Shohjaxon Ergashev, Isroil Madrimov, Bahodir Jalolov, Ravshan Umurzaqov, Olim Nazarov, Xusniddin Po‘latov, Jamshid Najmiddinov, Doston Turdiev, Ravshan Maxammadjonov, Sardor Muzaffarov balki yana men bilmaganlar ham bordir. Shularni qo‘shib aytganda o‘zbek professional boksidagi e’tibor bering profidagi “Oltin avlod” yuzaga keldi. Albatta, bu yigitlar yuqori natijalarni qayd eta oladi. O‘z o‘rnida, O‘zbekistonda kuchli promoushenlar ham tashkil topmoqda. Yaxshi saviyali murabbiylar faoliyat olib bormoqda. Misol uchun, “SAFPRO” promousheni borasida uning juda katta imkoniyatlarga ega ekanligi borasida eshitdim. Bir so‘z bilan aytganda professional ringlarda ham yaqin yillar mobaynida etakchilik bizning bokschilarimizning qo‘liga o‘tishiga ishonaman.
Ahmadbek EShMATOV suhbatlashdi.
Fikrlar