
"Qo‘qon-1912"ga yarashmaydigan holat. Aks holda...
Bora-bora chempionatimizdagi kurash va intriga qizg‘in tus ola boshlayapti. O‘yinlardagi shiddat ham o‘sib boryapti. Muxlislar esa bir-biridan qiziqarli hamda keskin bellashuvlarga guvoh bo‘lishyapti. Turnir jadvalida ham ta’bir joiz bo‘lsa, kutilmagan klublar peshqadamlik qilishyapti. Demak, bu yilgi Superliga siz bilan bizga hali yana ko‘p syurprizlarni taqdim etsa ajab emas.
Hozirgi turnir jadvaliga nazar tashlasak, birinchi navbatda klublarning egallab turgan o‘rni hammamizni qiziqtiradi. Biz esa o‘sha jadvalga qarab yana bir jihat e’tiborimizni tortib qoldi. Gap shundaki, Baxtiyor Ashurmatov boshchilik qilayotgan “Qo‘qon-1912” jamoasi hozir biroz qiyin vaziyatga tushib qolgandek. Chunki ular oxirgi uchta uchrashuvda ketma-ket mag‘lubiyatga uchradilar. Oxirgi bor 4-turda “Metallurg”ni 1:0 hisobida mag‘lub etgandi. Shundan so‘ng, mehmonda AGMKga 3:0, uyida “Nasaf”ga 0:1 va yana safarda “Surxon”ga 1:0 hisoblarida yutqazib qo‘ydi.
Chempionatimizda raqobatbardosh jamoa sifatida yaxshi tanilgan bu klubning mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qolishining o‘ziga yarasha sabablari mavjud, albatta. Bizga etib kelgan xabarlarga qaraganda, klubda moliyaviy jihatdan biroz muammolar bor. Lekin bu kabi muammo deyarli barcha klublarimizda vaqti-vaqti bilan uchrab turadi. Ammo unutmaslik kerakki, jamoaning barqarorlikka erishishida moliyaviy holat ham shunga yarasha bo‘lishi maqsadga muvofiq.
7 ta turdan keyin qo‘qonliklar haqida ma’lum xulosalarga kelish mumkin. Negaki, ketma-ket mag‘lubiyatlar tufayli “Shunqorlar” autsayderlar qatoriga tushib qolyapti. Albatta, bu borada yaqqol autsayder hisoblanmasa-da, ammo shunga yaqin kelib qolyapti. Bu masalada klubning statistik raqamlari ham salbiy. 7 ta o‘yinda 2 ta g‘alaba va 5 ta mag‘lubiyat. Durang yo‘q. Biz uchun yanada ajablanarlisi shundaki, “Qo‘qon-1912” 7 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga bor-yo‘g‘i 2 ta gol urdi, xolos. Demak, o‘z-o‘zidan ma’lumki, jamoa g‘alaba qozongan har ikkala uchrashuvida ham 1:0 hisobida ustun kelgan. 2-turda “Olimpik” bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Javohir Sidiqovning goli qo‘qonliklarga ilk uch ochkoni taqdim etgan bo‘lsa, 4-turda “Metallurg”ni qabul qilgan holda Shahzod Nurmatovning goli evaziga g‘alaba qozonishgandi. Shundan beri Ashurmatov jamoasida mag‘lubiyat kuzatilyapti.
Bosh murabbiy jamoa o‘yinini yanada kuchaytirishi va sermahsullikni oshirishi uning uchun amalga oshirishi kerak bo‘lgan muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Axir 7 ta o‘yin 2 ta gol – bu “Qo‘qon-1912”dek jamoa uchun nihoyatda kam. Superliga klublari orasida boshqalarda bunday salbiy ko‘rsatkich yo‘q. Aytmoqchi bo‘lganimiz, eng oz gol qo‘qonliklarga tegishli bo‘lib turibdi. Ma’lumot uchun shuni qo‘shimcha qilmoqchimizki, eng ko‘p gol hozircha “Qizilqum” bilan "Bunyodkor"ga tegishli. Bu jamoalar hisobida 11 tadan gol bor. Undan keyin “So‘g‘diyona” jamoasi boryapti. Ushbu klub 10 ta gol urishga ulgurdi.
“Qo‘qon-1912” jamoasining o‘yinidagi asosiy muammolardan biri hujum va himoya chizig‘i bilan bog‘liq ekanini qo‘shimcha qilish darkor. Himoyada ham muammolar bor. Chunki 7 ta o‘yinda 8 ta gol o‘tkazib yuborishdi. Jamoaning juda kam gol urayotgani murabbiylarni o‘ylantirayotgani aniq. Hujumdagi samaradorlikni oshirmasa bo‘lmasligini Ashurmatov ham yaxshi tushunib turibdi. Biroq bir jihatni ham unutmaslik kerak, “Qo‘qon-1912”ni kam gol uryapti deb koyish ham u qadar to‘g‘ri emas. Boisi, O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichidagi uchta uchrashuvda eng ko‘p golni aynan Baxtiyor Ashurmatov jamoasi kiritdi. Ya’ni, pro liga va birinchi ligadagi raqiblari darvozalariga jami 12 ta gol urildi. Bu borada boshqa guruhlardagi kiritilgan gollar bo‘yicha solishtirganda juda yaxshi ko‘rsatkich. Lekin klub Kubokdagi sermahsulligini chempionatda ko‘rsatishga qiynalyapti. Agar Superligada mana shunday gollarini ko‘paytirmas ekan, yana muammolarga duch kelishi aniq.
Hujum chizig‘ida kimlar bor? Shahzod Nurmatov, Bilolxon Toshmirzaev, Mo‘minjon Meliev va Murod Komilov kabilar oldingi chiziqda harakat qilishyapti. Jamshid Hasanov bo‘lsa hujumkor yarim himoyachi sanaladi. Ularga hurmatni saqlagan holda golsiz seriyalardan kelib chiqib shunday xulosaga kelinyaptiki, “Qo‘qon-1912”ga tajribaliroq, golga chanqoq hujumchi etishmayapti. Yoki bo‘lmasa, yuqorida nomlari keltirilgan hujumchilardan yanada faolroq bo‘lish talab etiladi. Aks holda Ashurmatov oldingi chiziqda yana qo‘shimcha muammolarga duch kelishi mumkin.
Bundan tashqari, jamoa sardori Murod Xolmuhammedovning jarohati sababli yordam bera olmayotgani ham ta’sir qilayotgandir. Har holda himoyachi bo‘lishiga qaramay, o‘tgan yillari standartlardan bo‘lsa ham gol urishni qoyillatayotgandi. 11 may sanasida “Qo‘qon-1912”ni Toshkentda “Lokomotiv”ga qarshi o‘yin kutyapti. Ashurmatov jamoasiga gol juda muhim...
Fikrlar