
"Qizilqum" hakamlar xatosidan 15 ochko yo‘qotdi. Bosh murabbiy yana nimalar dedi?
“Qizilqum” klubi 25-turda Jizzaxda “So‘g‘diyona” bilan 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi. Aslida navoiyliklar yutqazishi ham mumkin edi. Ammo 90+3-daqiqada Oybek Qilichevning javob goli orqali “Qizilqum” mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.
Shuni ham aytish kerak, mehmonlar ustozi Hamid Aktamov mazkur bahsda bir qator etakchilaridan foydalana olmadi. Aftidan, navoiyliklarning kelasi mavsum uchun maqsadi jiddiy ko‘rinadi. “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvdan keyin Aktamov sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.
- “Qizilqum” oxirgi soniyalarda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Shuni hisobga olganda, o‘yindan va natijadan rozimisiz?
- Yo‘q, rozi emasman. Bunday jamoani yutishimiz kerak edi. Maydon ham “shudgor” bo‘lib yotibdi. Shu yil hisobidan hali bunday maydonni ko‘rmagandim. Uning holati juda yomon. Etakchilar ham bunday maydonda qiynaladi. Futbol o‘ynab bo‘lmaydi. To‘pni faqat oldinga tepish orqali o‘yin tashkil qilish mumkin. Raqibning goli ham rikoshet bo‘lib kirib ketdi. Aslida golga tortadigan vaziyat ham emasdi.
- O‘yinning oxirigacha mag‘lubiyatdan qutulishinglarga ishonganmidingiz?
- Boshidanoq yutqazmasligimizga ishongandim. Ammo durangga ham rozi emasdik. “So‘g‘diyona”ni “Bunyodkor” va oldingi o‘yinlarini ko‘rib chiqqandik. Bizning ham etakchi futbolchilarimiz maydonga tushmadi. Ignatiy Nesterov, Erkin Boydullaev, Salim Mustafoev, Vladislav Kasminin, Alisher Sanoev...deyarli 50 foiz ikkinchi tarkibimiz o‘ynadi.
- Nima uchun etakchilarsiz qoldingiz?
- Mustafoev, Nesterov, Sanoev, Kasminin kabi futbolchilarimizda jarohat bor. Boydullaevda sariq kartochkalari to‘rttaga etgani uchun bu o‘yinni o‘tkazib yubordi. Ularning o‘rniga maydonga tushganlar ham yomon taassurot qoldirmadi.
- Yarim himoyachi Oybek Qilichev “Qizilqum”ga avgustda qo‘shildi va beshinchi golini kiritdi. Uni eng yaxshi transferlardan biri deb ayta olasizmi?
- Gollarni mavsum oxirida sanaymiz. Oybek zo‘r o‘yinchi, katta mehnat qilyapti. Bizga bergan va’dasini ustidan chiqyapti, undan ham ziyod o‘ynayapti. “Qizilqum”ga har tomonlama foyda keltiryapti. Shu bois Qilichevdan rozimiz.
- Umuman, mavsumning ikkinchi yarmida kelgan o‘yinchilardan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?
- Hammasi ishonchni oqlayapti. Faqat biroz omad etishmayapti. Birinchi davrada va shu kungacha hakamlardan ko‘p “kaltak” edik. Hisoblab ko‘rsam, hakamlarning xatosi bilan 15 ochko yo‘qotganmiz. Agar hakamlar o‘yinlarni haqqoniy boshqarganlarida jamoamiz bemalol kuchli uchtalikka kurashayotgan bo‘lardi.
- Superliga tugagach, 7-8 dekabrdan Kubok bahslari boshlanadi. Odatda, klublar dekabrning o‘rtalaridan yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlashardi...
- Evropada Angliya yil davomida futbol o‘ynaydi. 31 dekabrda ham, 1 yanvarda ham o‘yinlar o‘tkaziladi. Bundan birorta futbolchi o‘lganini ko‘rganim ham, eshitganim ham yo‘q. Aslida biz bunga ko‘nikib bo‘lganmiz. Kerak bo‘lsa, yanvarda yangi chempionat boshlansa ham o‘ynayveramiz.
- Aytmoqchimanki, dekabrda Kubok musobaqasi o‘tkazilishi qishki rejangizga ta’sir qilmaydimi?
- Qaytanga bu yaxshi bo‘ldi. Baribir biz qishki mavsumga tayyorgarlikni dekabrda boshlardik, har doim. Endi bo‘lsa, yig‘in bo‘lmaydi va uning o‘rniga Kubok uchrashuvlari bilan ushbu oyni o‘tkazamiz. Bu esa ancha qiziqarli bo‘ladi.
- Eshitishimcha, kelasi mavsumga “Qizilqum” ancha kuchli jamoa sifatida shakllanar ekan, shunga ham oydinlik kiritib o‘tsangiz?
- Bu tarkibimizni saqlab qolishga harakat qilamiz. Yana 4-5 ta yaxshi futbolchilar bilan gaplashib qo‘yganmiz. Xudo xohlasa, kelasi yili medallar uchun kurashishga tayyor bo‘lyapmiz. Maqsadimiz jiddiy.
- Hozirdan tarkibdagi qaysidir o‘yinchiga javob berish niyatingiz bormi?
- Oldinda o‘yin bor. 2-3 ta futbolchining “kavushini” to‘g‘rilab qo‘yishim kerak, faqat biroz vaqt bor.
Fikrlar