
Professional boksimizning "Uch mushketyor"lari
Professional boks olamida ham yurtdoshlarimiz ajoyib natijalarni qayd etishmoqda. Bu borada albatta fahrlansak arziydi. Buyuk frantsuz yozuvchisi Aleksandr Dyumaning "Uch mushketyor" asarini barcha yaxshi biladi. Men Qudratullo Abduqahhorov, Shohjahon Ergashev hamda Shahram G‘iyosovlarni xuddi shu asar qahramonlariga qiyoslayman. Chunki ularning niyati, maqsadi bir, ya’ni vatanimiz sha’nini munosib himoya qilish va nufuzli kamarlarni qo‘lga kiritishdir. Go‘yoki, Dyuma asari qahramonlarining ham maqsadlari mushtarak bo‘lgani kabi. Qolaversa, vazn toifalari ham deyarli bir xil bo‘lganligini hisobga olib, shunday o‘xshatishga jazm etdim.
Aslida, "kosaning tagida nimkosa" borligini ham barcha fahmlagan bo‘lsa kerak. Shunchaki, bokschilarimizning orasiga sovuqchilik tushirishga harakat qilayotganlar uchun yoki ularning muvaffaqiyatlariga panja ortida qarab, har-xil bo‘lmag‘ur fikrlar bildirayotganlarga aytmoqchimizki, bular bir yurtning farzandlari, xalqaro arenalarda millatimiz dovrug‘ini ko‘z-ko‘z qilayotgan o‘g‘lonlardir. Shunday ekan keling, ularni qo‘llab-quvvatlaylik!? Raqiblari kuchlimi, kuchsizmi o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarini asta-sekinlik bilan uddalashmoqda. Kutaylik, duoda bo‘laylik, nasib qilsa eng nufuzli chempionlik kamarlarini ham qo‘lga kiritsinlar!
Demak:
Qudratullo Abduqahhorov - Atos
Aynan Qudratulloni Atosga o‘xshatishmizning o‘ziga yarasha ramziy ma’nosi mavjud. Ya’ni asar qahramoni Atos yosh jihatidan eng kattasi bo‘ladi. Bu jihatdan olsak, balki Abduqahhorov bunga to‘g‘ri kelmas, lekin professional boksdagi faoliyatiga nazar tashlasak, Shahramdan anchagina avval, Shohjahon bilan deyarli bir vaqtda boshlaganligiga guvoh bo‘lamiz. Lekin rasmiy ilk jangini Ergashevdan deyarli ikki oy avval o‘tkazgan. Qolaversa, vazn toifasi ham qolganlardan bitta yuqorida. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, ushbu tanlovni amalga oshirdik. Qolaversa, odob-axloq va og‘ir-bosiqlik bobida ham Qudratullo ayni shu qahramonimizga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot uchun
Ushbu bokschimiz hozirda vazn toifasidan qat’iy nazar o‘zbekistonlik bokschilar orasida eng reytingi baland hisoblanadi. Qudratullo 18 oktyabr kuni AQShda Luiz Kollazoga qarshi navbatdagi jangini o‘tkazadi. Hozirda u IBF yo‘nalishi reytingida karvonboshilik qilmoqda. Aynan 18 oktyabr kungi jangida g‘alaba qozona olsa, u chempionlik jangida ishtirok etishi mumkin. Abduqahhorov profi ringda 16 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan.
.jpg?1570971588544)
Balki bu o‘xshatish biroz qiziq tuyular. Chunki, Portosning vazn toifasi juda yuqori bo‘lgan. Qolaversa, ishtaha bobida ham qolganlarni ortda qoldiradi. Aynan Shohjahonni ushbu asar qahramoniga o‘xshatgan jihatimiz uning xech narsadan cho‘chimasligi, orqadan gapirgandan ko‘ra, yuziga aytishni maqul ko‘rishi, bir so‘z bilan aytganda maqsadi sari xech qanday to‘siqni pisand qilmasligini inobatga oldik.
Bu yurtdoshimiz ham o‘z uslubiga ega, ajoyib bokschi hisoblanadai. Qolaversa, muxlislar orasida ham juda mashhur. Garchi, u havaskor boksda ulkan natijalarni ko‘rsatmagan bo‘lsada. Lekin professional boksda mag‘lubiyatsiz odimlamoqda. Hozirda Shohjahon WBA yo‘nalishi reytingida 4-o‘rinda bormoqda. Navbatdagi jangi hozircha noma’lum. Ergashev professional boksda 17 jang o‘tkazib barchasida g‘alaba qozongan. 15 bora raqiblarini nokautga uchratgan.

O‘ziga hos va mos o‘xshatish bo‘lgan deb bemalol ayta olamiz. Chunki, Aramisning hushfelligi, o‘ziga hos romantikligi, odob-axloqi borasida harakteri Shahramnikiga mos tushadi desak yanglishmagan bo‘lamiz. Darhaqiqat, G‘iyosov tashqi ko‘rinishidan muloyim ko‘rinsada, ringda arslonga aylanadi. Qolaversa, u ham Aramis kabi do‘stlikni qadrlaydi. Uning Hasanboy Do‘stmatov, Fazliddin G‘oyibnazarovlar bilan mustahkam do‘stligi bunga misol bo‘la oladi.
Ma’lumot uchun
Shahramning havaskor boksdagi natijalariga to‘xtalib o‘tishni lozim topmadik. Zero, uning bu boradagi ulkan muvaffaqiyatlaridan barchaning xabari bor. G‘iyosov professional ringda 9 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongan. 7 bora raqiblarini nokaut bilan mag‘lub etgan. U professional boksga 2018 yili kirib keladi. Hozirda WBA reytingida 5-o‘rinda qayd etilgan. Uning ehtimoliy jangi 30 noyabr kuni Monakoda bo‘lib o‘tishi mumkin.

Fikrlar