
Premer-liga bilan xayrlashgan legionerimiz faoliyatini qaerda davom ettirishini aytdi
O‘zbek futbolining iqtidorli yoshlaridan biri, iste’dodli yarim himoyachi Hojimat Erkinov legioner sifatidagi ilk mavsumini yakunlash arafasida turibdi.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi qariyb bir yil muqaddam, o‘ziga bo‘lgan taklifni qabul qilib, Rossiya Premer-ligasi debyutanti “Torpedo” safiga ko‘chib o‘tgan edi.
Moskvaliklar o‘tgan yili quyi ligadan eng kuchli divizionga ko‘tarilganidan keyin tarkibni kuchaytirish maqsadida bir necha transferlarni amalga oshirgan, hamyurtimiz ham o‘sha jarayonda klub safiga qo‘shilgandi.
2015 yildan etti yil davomida quyi ligalarda yurgan “Torpedo”ning Premer-ligaga ochiqchasiga kuchi ham, tajribasi ham etmadi. Bu jamoa chempionat yakunlanishiga ikki turgan qolgan pallada uchta g‘alaba va to‘rtta durang bilan 13 ochko jamg‘argan xolos.
“Torpedo” muddatidan oldin yuqori diviziondagi joyini boy berib bo‘ldi. Rossiyada debyut mavsumini o‘tkazgan Hojimat Ekinov Rossiya matbuoti vakillari o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi.
- Mavsum juda qiyin kechdi. Premer-ligada qolish vazifasi bor edi. Lekin biz uni uddalay olmadik. Musobaqa jadvalidagi vaziyatni nega o‘nglay olmaganimizni tushunganim yo‘q.
Jamoa harakat qildi, bor kuchimizni mana shu mavsum uchun sarfladik. Demak, ligada jon saqlab qolish nasib qilmagan ekan. Ikkita uchrashuv qoldi va ularni yaxshi o‘tkazish kerak. Keyin yana Rossiya Premer-ligasiga qaytish uchun tayyorgarlikka zo‘r beramiz. Qaytio‘hshimizga ishonchimiz komil!
Rossiyada birinchi mavsumni o‘tkazyapman. Rossiya chempionatida yaxshi legionerlar ko‘pligini aytishim mumkin. Bu erda o‘zbek futboliga nisbatan jismoniy kuchga ko‘proq tayanilar ekan.
Rossiyada o‘ynashni davom ettirib, o‘sishga erishishni istayman, - dedi Hojimat Erkinov.
21 yoshli futbolchimiz Rossiya Premer-ligasida 19 marotaba maydonga tushib, jamoadoshlariga bitta golli pas uzatdi. Shuningdek, mamlakat kubogida to‘rtta uchrashuvda qaytnashdi.
Hojimat Erkinov katta futbolga 2019 yili kirib kelgan bo‘lsa-da, bir necha klubda o‘ynashga ulgurdi. Iqtidorli yarim himoyachi O‘zbekiston Superligasida “Qo‘qon-1912”, AGMK va “Paxtakor” klublari sharafini himoya qilgan.
O‘zbekiston chempionatida ikki marotaba g‘olib chiqqan. Bir marotaba mamlakat kubogida va ikki bor Superkubokda zafar quchgan.
Hojimat 2020 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. U xalqaro maydonda 15 ta bahsda yurtimiz sharafini himoya qilib, Kamerun va Qozog‘iston terma jamoalari darvozasini bir marotabadan ishg‘ol qilgan.
Erkinovning “Torpedo” bilan shartnomasi 2025 yilning 30 iyunigacha davom etadi.
Fikrlar