Portugaliyalik murabbiy: "To‘g‘risi, o‘zbek o‘yinchilariga qiziqaman, Shomurodov meni juda hayron qoldiradi"

  • 1 fevral, 2022, 21:44
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Sports.uz sayti o‘quvchilari yaxshi bilishsa kerak, tez-tez xorijlik mutaxassislar bilan bog‘lanib ularning o‘zbek futboli haqidagi fikrlarini e’tiboringizga havola etib borishga harakat qilamiz. Chunki chet ellik murabbiylarning futbolimiz borasidagi munosabatlari, yutuq va kamchiliklarimizni tahlil qilib berishlari bizga ham qiziq, ham muhim. Albatta, hamma xorijlik ham biz haqimizda etarli ma’lumotlarga ega bo‘lavermaydilar. Buning uchun u avvalo Osiyo futbolidan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak. Bugungi maqolamiz qahramoni aynan qit’amiz, jumladan futbolimiz haqida o‘z tushunchasiga ega bo‘lgan mutaxassisdir.

Tecno

Mario Lemos – 1986 yilda Portugaliyada tavallud topgan. Endi 36 yoshni qarshilayotganiga qaramay, u murabbiylikka ancha erta qadam qo‘ygan. Dastlab o‘z yurtida murabbiy sifatida ishga kirishgan Lemos keyinchalik Osiyoda ishlay boshladi va hozir ham shunday. Portugaliyalik murabbiy avvalo o‘zi haqida gapirdi.

"Ha, men murabbiylik faoliyatimni ancha yosh paytimdayoq Portugaliyada boshlaganman. Shu vaqtga qadar AQShda ishlashga muvaffaq bo‘ldim. Tailandning “Muangtong Yunayted” jamoasida faoliyat ko‘rsatdim va Janubiy Koreyada ham mehnat qildim. Bularning barchasida men yoshlar jamoalarini boshqardim. Shulardan so‘ng Bangladesh milliy terma jamoasiga yordamchi murabbiy sifatida keldim. Keyinchalik Malayziya Superligasida “Negeri Sembilan” klubini boshqardim. Bangladeshda esa “Abaxani” klubiga ustozlik qildim va ushbu milliy terma jamoaga bosh murabbiy ham bo‘ldim".

mario3

Lemosda Osiyoda ishlash bo‘yicha yaxshigina tajriba bor. Shuning uchun o‘zbek futboli haqida unda etarlicha tasavvur bor.

- Men Osiyoda 10 yildan beri yashayman va faoliyat olib boraman. Shuning uchun tez-tez o‘zbek futboli haqidagi xabarlarga ko‘zim tushadi. Natijada futbolingizni kuzatib boraman. To‘g‘risini aytsam, o‘zim o‘zbek o‘yinchilariga juda qiziqaman. Chunki ular juda sifatli futbolchilar va har qanday o‘yin uslubiga moslashib ketishi mumkin. O‘ylaymanki, O‘zbekiston katta salohiyatga ega bo‘lgan va reytingi baland sanaladigan milliy terma jamoalardan biri hisoblanadi. O‘tgan mavsumda “Nasaf” OFK Kubogida ajoyib ishtirok etdi. Bundan tashqari, U-23 jamoasining saralashdagi o‘yinlarini yaqindan kuzatishga muvaffaq bo‘ldim. O‘ylaymanki, bu ham kuchli hamda yuqori sifatli futbolchilarga to‘la jamoa ekanini kuzatishga muvaffaq bo‘ldim. Shuni ham aytishim kerakki, jismoniy jihatdan yaxshi bo‘lgan o‘yinchilar sof futbol ko‘rsatishyapti. Ya’ni, toza va chiroyli futbol namoyish eta olishyapti. Yuqori tempda, yuqori pressing orqali o‘yin tashkil qilishyapti. Bu esa futbolchilarning tobora o‘sib borayotganini, jismoniy hamda taktik jihatdan ko‘p narsalarga qodirligini namoyish etmoqda, - deya fikr bildirdi portugaliyalik murabbiy.

mario

Darvoqe, o‘tgan yili chempionatimizda ishlab ketgan portugaliyalik Mikael Sekeyra yodimizga tushdi va hamyurtidan uni bilasizmi, deb so‘radik.

- Ha, men Mikael Sekeyra kim ekanligini juda yaxshi bilaman. Uni shaxsan tanimasam ham lekin Toshketning “Lokomotiv” jamoasini boshqarganidan xabardorman va uning faoliyatini kuzatib boraman, - deya javob berdi, Lemos.

Mario bilan muloqotimiz davomida “Roma” safida to‘p surayotgan hamyurtimiz Eldor Shomurodov xususida ham to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmasdi. Portugaliyalik mutaxassis Mourino qo‘li ostida to‘p surayotgan futbolchimiz haqida quyidagilarni aytdi:

"Albatta, men uning o‘yinlarini ko‘p kuzataman. Shomurodovning “Jenoa”dagi vaqtlarini ham yaxshi eslayman. Bu futbolchi meni juda ham hayron qoldiradi. Uning bo‘yi baland va shu bilan bir qatorda ajoyib texnikaga ega. Qisqasi, Eldor sifatli futbolchi".

mario4

Bundan tashqari, Mario Lemos o‘zbekistonlik yana boshqa o‘yinchilarni ham yaxshi tanishini aytdi va jumladan shunday dedi:

"Birinchi bo‘lib xayolimga keladigan inson – bu Odil Ahmedov. Uning “Shanxay”dagi bir nechta uchrashuvlarini jonli ravishda kuzatib borganman. Shuningdek, Sanjar Shoahmedovni ham yaxshi bilaman. U bilan Malayziyada faoliyat olib borayotgan chog‘imda to‘qnash kelganmiz. Bangladesh chempionatida esa bir qator o‘zbek o‘yinchilari bor. Masalan, Evgeniy Kochnevni aytishim mumkin. Saiddoston Fozilov, Asror G‘ofurov, Sirojiddin Rahmatullaev – bular so‘nggi mavsumlarda Bangladesh chempionatida harakat qilishyapti. Albatta, O‘zbekiston chempionati kuchli va yaxshi saviyadagi klublarga ega. Osiyodagi eng raqobatbardosh ligalardan biri hisoblanadi. Har qanday murabbiy singari men ham iloji boricha kuchliroq ligalar jamoalariin boshqarishni xohlayman".

mario5

Dunyo futbolida Messi va Ronaldu barchani hayratda qoldirib keldi. Shuning uchun ularning muxlislari ham bunday paytda ikkiga bo‘linishadi. Suhbatdoshimiz esa bu borada o‘z munosabatini bildirdi.   

- Portugal sifatida doim Ronalduni qo‘llab-quvvatlayman. Lekin ikkala futbolchi ham butun faoliyati mobaynida ajoyib o‘yinlar namoyish etib kelishmoqda. Ularning shu yoshida ham bu qadar sifatli futbol ko‘rsatayotganini ko‘rish juda ham maroqli. O‘ylaymanki, ular hali hamon dunyoning ikkita eng kuchli futbolchilari hisoblanishadi, - deya fikrini yakunladi, Lemos.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!