
Pochettino qanday qilib mavsumni saqlab qolishi mumkin? (Erkinjon G‘aybullaev blogi)
“Manchester Siti” va “Liverpul”dan anchagina ortda qolib ketgan “Tottenxem” Premer Liganing bu mavsumidan ham umidlarini deyarli uzib bo‘lgan deyishimiz mumkin.
Yangi stadion g‘oyasi ham ularning o‘yinlariga ijobiy ta’sir qilmayapti. So‘nggi besh o‘yinning uchtasida mag‘lub bo‘lishi chempionat peshqadamlarining foydasiga ishlashdan boshqa narsaga yaramadi.
Ammo Pochettino qanday qilib mavsumni qutqarib qolishi borasida imkoniyatlar bor. Ular qanday?
- Katta o‘yinga bo‘lgan yondashuvini o‘zgartirish
Pochettino yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan “shaharliklar” va “qizillar”ga qarshi muhim o‘yinlar oldidan pragmatikroq usulni qabul qilishga muhtojlik sezmoqda. Bu jamoalar ayni vaqtda “taqachilar”dan ancha kuchli ekanliklarini yaqqol isbotlashmoqda.
Pochettino qo‘li ostida klub joriy mavsumdagidek qarshi hujumda o‘ynashni o‘ziga ep ko‘rmoqda. Uning o‘rniga o‘zlarining brendiga aylanib borayotgan to‘p nazoratiga asoslangan futboli etarli deb hisoblamoqda.
Bunday o‘ziga bo‘lgan ishonch albatta yaxshi. Bu murabbiyning o‘z falsafasiga sodiqligini imtixondan o‘tkazadi. Ammo tanganing ikkinchi tomoni bor. Bu ishni ulardan ham muvaffaqiyatli tarzda bajarayotgan “Manchester Siti” va “Liverpul” kabi jamoalar borligi tufayli qandaydir o‘zgarishlar qilish kerakligi yuzaga chiqadi.
“Taqachilar” joriy mavsumda “kuchli oltilik” vakillariga qarshi ehtimoliy 24 ochkodan atigi 7 ochko jamg‘ara olgan. Faqatgina “MYu” ulardan ham yomonroq natija – 6 ochko yig‘a olgan. Ularga qarshi londonliklar safarda bir marta – 2-1 hisobidagi g‘alabaga (“Manchester Siti” ustidan) erishgan.
Bunga javob turlicha yondashish kerak bo‘ladi. “Taqachilar” raqibga nomunosib tarzda tez-tez yuqori bosim uyushtiruvchi futbol namoyish qilishadi va buning badalini albatta to‘lab turishadi. Biroq “Borussiya Dortmund”ga qarshi futbolchilar himoyada o‘ynay olishlarini isbotlashdi.
Bunday yondashuv bilan yaqinlashib kelayotgan ikki markaziy o‘yinlarda qo‘llab ko‘rishi va o‘z ochkolarini ko‘paytirib olishlari mumkin.
- O‘yinni boshqarish
Durang uchun yoki kutilmagan g‘alaba “Manchester Siti” va “Livepul”ga qarshi o‘yinlarda maksimum ochko bo‘lib xizmat qiladi.
Bunga erishish uchun esa ular o‘yinni yakuniy bosqichida o‘zidan kuchli raqibga “jo‘jaxo‘rozlik” qilishni yig‘ishtirib qo‘yishi kerak bo‘ladi. “Taqachilar”chalik birorta Premer Liga klubi ikkinchi bo‘limda ko‘p gol (74 %) o‘tkazib yubormagan. Kuchli oltilik jamoalari orasida eng ko‘p marta g‘alabani boy bergan.
Shu erda Pochettino o‘yinga ta’sir qilishi kerak. U zaxiradagilardan foydalangan holda maqsadiga erishishi kerak. Zarur paytda o‘yinga himoyachilar tushirish va yarim himoyachilarni ertaroq almashtirish kerak bo‘ladi.
- To‘rt kishilik himoya
Jarohatlar epidemiyasi sabab Poch so‘nggi oylarda qo‘lidan kelganicha o‘yin taktikasini o‘zgartirmoqda. So‘nggi 8 o‘yinda ular naq olti marta o‘z uslublarini o‘zgartirishdi.
Argentinalik mutaxassis to‘rt kishilik himoyada o‘ynashi kerak. Ayniqsa bosh sovringa asosiy da’vogarlarga qarshi jamoa 4-3-2-1 o‘yin sxemasida o‘ynasa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Biroq “taqachilar” bunday uslubda o‘ynab naq to‘rt o‘yinda ochko yo‘qotishga ham ulgurib bo‘lishdi. Ammo bunday tarzda ularga jahon saviyasidagi tayanch yarim himoyachisi etishmasligi tufayli sodir bo‘lmoqda.
Fikrlar