"Burgutlar"ning "Bobur arena"dagi parvozi haqida

  • 3 avgust, 23:17
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun “Andijon” jamoasi ikkinchi davradagi dastlabki turni “Bobur arena”da minglab sog‘ingan muxlislari qarshisida “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘tkazdi. Bir oylik tanaffusdan keyin yana katta futbolga qaytgan “Burgutlar” tarkibini qator o‘zgarishlar kuzatildi, bosh murabbiy Maksim Shatskix o‘zining rejalarini amalga oshirib tarkibni kuchaytira oldi. Shuning uchun qo‘qonliklarga qarshi bellashuv ishqibozlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi.

Tecno

O‘yin kutilganidek ajoyib ruhda o‘tdi. “Bobur arena”da yana betakror muhit hukm surdi. Shatskix jamoasi o‘yinni tashabbus bilan boshladi. Ayniqsa, Otabek Jo‘raqo‘zievning burchak zarbasidan keyin boshi bilan yo‘llagan zarbasini darvozabon arang maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Albatta, bu vodiy derbisi edi va raqib ham anoyilardan emas. Shuning uchun “Qo‘qon-1912” jiddiy qarshilik ko‘rsatishga urunib ko‘rdi. Biroq “Andijon”ning qirg‘izistonlik yangi darvozaboni Erjan Tokotaev kutilganidek o‘zining ajabtovur seyvlarini namoyish qilgan holda stadionda olqishlarga sazovor bo‘ldi. Tokotaev ikkala bo‘limda ham jamoamizni gollardan saqladi. Uning ishonchli o‘yini jamoadoshlarini yanada ruhlantirdi.

O‘yindagi barcha gollar ikkinchi bo‘limda kiritildi. Tanaffusdan keyin bosh murabbiy Maksim Shatskix kerakli so‘zlarni topib aytgani ikkinchi bo‘limda sezildi. Jamoa o‘yini yanada kuchaydi. 51-daqiqada Damir Temirov ajoyib kombinatsiyadan keyin hisobni ochdi. Aynan Damirning o‘zi 80-daqiqada jamoasining yana bir betakror kombinatsiyasini gol bilan yakunladi. Bu vaziyatda Damirning zarbasi ham zargarona ko‘rinish oldi. Bu hali hammasi edi. Shaxzod Azmiddinov o‘rniga zaxiradan maydonga tushirilgan himoyachi Islom Mamatkazin 90+4-daqiqada belgilangan jarima zarbasini shunday bajardiki, darvozabon uni qaytarishga ojiz qoldi.

“Andijon”da yana boshqa golli imkoniyatlar ham yuzaga keldi. Lekin tabloda 3:0 hisobi porlab turdi va ushbu natija bilan “Andijon” ikkinchi davrani boshladi. 

“Andijon” – “Qo‘qon-1912” – 3:0 (0:0).

3 avgust. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 11145 tomoshabin.

Hakamlar: Asker Najafaliev, Amir Galeev, Daniil Yattsenko,

Zaxira hakami: Umidjon Rahimjonov

VAR: G‘ayrat Jo‘raeav

AVAR: Shoxruh A’zamov

Nazoratchi: Timur Abdullaev

Komissar: Qudrat Madraimov

“Andijon”: Erjan Tokotaev, Sunnatilloh Hamidjonov, Shaxzod Azmiddinov (Islom Mamatkazin, 74), Kristian Novak, Sardor Azimov, Muhammadkarim Toirov, Damir Temirov (Farhod Sohibjonov, 80), Bektemir Abdumannonov (Ismail Akinade, 80), Saidumarxon Saidnurullaev, Doniyor Abdumannopov (Muhammadali Usmonov, 86), Otabek Jo‘raqo‘ziev (Muhammadyusuf Mirqodirov, 80).

“Qo‘qon-1912”: Azizxon Isoqov, Asliddin Toshtemirov, Jasur Yoqubov, Alisher Salimov (Jasur Xolto‘raev, 66), Andro Giorgadze, Javohir Husanov (Muhammadanas Hasanov, 53),  Shota Gvazava, Shoxruh Gadoev (Iqbol Malikjonov, 73), Sherzod Akramov, Abdug‘ofur Haydarov (Bahrom Abdurahimov, 66), Kleydi Datsi.

Gollar: Damir Temirov, 51 – 1:0. Damir Temirov, 80 – 2:0. Islom Mamatkazin, 90+4 – 3:0.

Ogohlantirishlar: Doniyor Abdumannopov, 67. Shaxzod Azmiddinov, 72.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!