"Paxtakor"ni nega "Al-Nasr"ga almashtirdi? Arveladzening ketishi unga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi? - Doston Hamdamov yangi klubida nimaga erishmoqchiligini ham aytdi

  • 17 yanvar, 2021, 21:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaqinda Doston Hamdamov BAAning “Al-Nasr” klubiga ko‘chib o‘tdi. Natijada u faoliyatida ikkinchi bor legioner maqomiga ega bo‘ldi.

Tecno

“Paxtakor”ga kelishdan avval u ma’lum muddat Rossiyaning “Anji” klubida ham to‘p surgan. Keyin “Paxtakor”ga o‘tib, u erda chempionlik hamda Kubokni yutdi. Bu yil esa jamoasini o‘zgartirishga jazm etdi.

Sports.uz muxbiri bilan suhbatda Hamdamov aslida hammasi qanday yuz bergani haqida gapirdi.

-  Doston, yangi klubga ko‘chib o‘tganingiz bilan tabriklaymiz. Aynan nima uchun “Al-Nasr”?

-  Menga ayrim futbol mutaxassislari tomonidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Ular bilan ko‘rishdik va barchasini gaplashib oldik. “Al-Nasr”ga kelishimga sabab shunday bo‘ldi.

-  Siz “Paxtakor”da yuqori darajadagi sharoitlarda to‘p surdingiz. U erdagi imkoniyatlar xorij klublarida doim ham bo‘lavermaydi. Ayting-chi, “Al-Nasr”da shart-sharoitlar “Paxtakor”nikidan farq qiladimi?

-  To‘g‘ri, “Paxtakor”dagi bor narsa “Al-Nasr”da yoki “Al-Nasr”dagi bor narsa “Paxtakor”da yo‘q. Lekin umumiy ma’noda aytsam, ikkala klubdagi sharoitlari o‘xshash. Shu sababli ular o‘rtasida katta farq yo‘q deb o‘ylayman, yaratilgan sharoitlarida.

-  Sizning “Paxtakor”dan ketishingiz bo‘yicha turli farazlarni aytish mumkin. Misol uchun, Shota Arveladzening klubni tark etgani bevosita sizning ham qaroringizga jiddiy ta’sir o‘tkazdimi? Agar u qolganida siz ham ketmagan bo‘larmidingiz?

-  Bilmadim. Ammo bir tomondan qaraganda, Shota Arveladzedan ko‘p narsa o‘rgandim. Qolaversa, ushbu murabbiyga ko‘nikib qolgandik. Bu savolga nima deb javob berishga ham hayronman. Agar Arveladze “Paxtakor”da qolganida men ham 70 foizga qolgan bo‘lardim va yana u bilan birga ishlashni istagan bo‘lardim.

-  Doston, sizga okeanortidan ham takliflar bo‘lgani haqida xabarlar chiqdi. Odatda, AQShdan o‘zimizning futbolchilarga qiziqishlar bo‘lmasdi. Bu xabarlar qanchalik rost edi?

-  Bir narsa deyishim qiyin, balki mish-mish bo‘ldimi? Lekin mutaxassislar tomonidan qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi, qiziqyapti, degan. Ammo o‘zimga shaxsan mana shu klublardan aniq takliflar bor, deb hech kim qog‘oz bilan kelmadi. Faqat og‘zaki ravishda qiziqishyapti, degan gap bo‘ldi xolos.

-  BAAda Otabek Shukurov bilan Aziz G‘aniev ham to‘p surishyapti. “Al-Nasr” taklifini qabul qilishdan avval ular bilan ham maslahatlashdingizmi?

-  O‘zim qaror qabul qildim, ularga xushxabar bo‘lishi uchun. Shartnoma tuzib bo‘lganimdan keyin Shukurov va G‘anievga bu xabarni aytsam xursand ekanliklarini yashirishmadi. Endi barchamiz bir davlatda to‘p suramiz deb quvondilar.

-  Yangi klubingiz bilan erishish mumkin bo‘lgan maqsadlaringiz qanday?

-  Arab chempionati men uchun yangi chempionat, yangi muhit, yangi do‘stlar va jamoadoshlar. “Al-Nasr” bilan BAAda chempion bo‘lish, arab kuboklarida muvaffaqiyatli qatnashish va chempionlar ligasida ham g‘olib chiqish maqsadimiz bor.

-  Biroq yangi jamoangizdagi ilk uchrashuvda Aziz G‘aniev to‘p surayotgan klubga yutqazib qo‘ydinglar. “O‘zbek derbisi” deb nom olgan o‘yindan qanday taassurotlar qoldi?

-  Al-Nasr”dagi debyut o‘yinim yaxshi bo‘ldi. Afsuski, yutqazib qo‘ydik. Mag‘lub bo‘lsak-da, “Shabab Al-Ahli”ga yaxshi qarshilik ko‘rsata oldik. Ammo natija qoniqarsiz bo‘ldi. Shunga qaramay, debyut o‘yinimdan qoniqdim desam bo‘ladi. “Al-Nassr” bilan maqsadlarimiz yuqori, Xudo xohlasa bunga erishamiz.

-  “Al-Nasr”da ham adashmasam yana 17-raqamdasiz. Bu siz uchun nimani anglatadi va klub bilan necha yilga shartnoma tuzdingiz?

-  Jamoam bilan shartnomam bir yarim yilga mo‘ljallangan. Yoshligimdan 17-raqamda o‘ynab kelganman. Bu mening omadli raqamim desam ham bo‘ladi.

-  Klubda sizni qanday qarshi olishdi? Hozircha u erda eng yaqin do‘stni topa oldingizmi?

-  Hozircha hamma yaxshi qarshi olishdi. Faqat til bo‘yicha biroz muammo borligi sababli hali to‘liq kirishib ketishga ulgurmadim. Tez orada moslashib ketaman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!