
"Paxtakor" Osiyo Chempionlar Ligasida 110-o‘yinini o‘tkazadi
"Sherlar" Osiyo Chempionlar Ligasi-2022ning birinchi turida turnirdagi 109-bahsda maydonga tushishdi. Endi yubiley dovonga.
"Paxtakor" hozirga qadar Osiyo Chempionlar ligasida 109 bellashuv o‘tkazib, 48 g‘alaba, 23 durang va 38 mag‘lubiyat qayd etgan. Raqib darvozasiga 150 to‘p kiritib, darvozasidan 140 gol qo‘yib yuborgan va 167 ochko to‘plagan. Ilk o‘yin bundan deyarli 20 yil avval Toshkentda Iordaniyaning "Al Vihdat" jamoasiga qarshi o‘tkazilib, unda mezbonlar 3:0 hisobida zafar quchgan. Shuningdek, chempionlar musobaqasi sanalgan Osiyo Chempionlari Kubogida ikki o‘yin o‘tkazilgan.
Osiyo klublar musobaqalarida esa "Paxtakor" jami 124 bellashuvda maydonga tushib, 55 g‘alaba, 25 durang hamda 44 mag‘lubiyatga ega. Raqiblar darvozasi 192 marta ishg‘ol qilinib, 171 gol o‘tkazilgan.
Chempionlar Ligasida umumiy ishtirok borasida "Paxtakor" Saudiya Arabistonining "Al Hilol" klubi bilan birgalikda rekordchi sanaladi. Ikkala jamoa 16 martadan turnirda ishtirok etgan. Guruh o‘yinlari va pley-off bosqichi natijalarini hisoblaganda "Paxtakor" OChLning umumiy jadvalida 6-pog‘onani egallab turibdi.
Fikrlar