
"Paxtakor" futbolchisining zarbasi darvoza to‘rini teshib tashlagani haqida eshitganmisiz?
1965 yil "Paxtakor" Gretsiyada "Panionios", "Aris" va AEK jamoalariga qarshi o‘yinlarda ajoyib g‘alabalarni qayd etgan.
"Panionios" jamoasi tashkil etilganining 75 yilligiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan uchrashuvda qatnashish uchun "Paxtakor" taklif etilgan. Shu tariqa Gretsiyada "sherlar" uchun turne tashkil qilinib, unda mamlakatning nomdor klublari bilan o‘rtoqlik bellashuvlari o‘tkazilgan. Dastlabki bahs 21 avgust kuni Pireyda "Panionios" jamoasiga qarshi kechgan. Keskin kurashlar ostida kechgan bellashuvda Gennadiy Krasnitskiy tomonidan kiritilgan to‘p o‘yin taqdirini hal qilgan. Uning zarbasidan keyin to‘p to‘rni teshib o‘tadi va hakam golni hisoblash borasida o‘ylanib qoladi. Yordamchilari bilan maslahatlashgach, u gol bo‘lganini tasdiqlaydi.
Ikkinchi uchrashuv 25 avgust kuni Salonikida "Aris" bilan kechadi. Yuriy Pshenichnikovning birinchi bo‘limdagi ishonchli harakatlari mezbonlarning hisobni ochishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ikkinchi bo‘limda esa "o‘zbek Pelesi" deb ta’riflangan Hamid Rahmatullaevning benefisiga aylanib ketadi. U greklar darvozasini uch marta nishonga olib, "Paxtakor"ning yirik hisobdagi g‘alabasini ta’minlaydi.
So‘nggi bellashuv 29 avgust yana Pireyda AEKga qarshi o‘tadi. Gretsiyaning eng kuchli klublaridan biri sanalgan AEK o‘sha yillari mahoratli ijrochilarga ega edi. Avvalroq Madridning "Real" jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yinida 3:3 hisobida durang o‘ynagan AEK mazkur bahsda favorit sifatida qaralgandi. Biroq yana darvoza daxlsizligini saqlab qolgan "Paxtakor" 55-daqiqada Birodar Abduraimovning aniq zarbasi evaziga g‘alaba qozonadi. Hujumdagi ajoyib uch futbolchining gollari Gretsiya turnesida toshkentliklarga ajoyib zafarlar keltiradi.
Gretsiya turnesida Yuriy Pshenichnikov, Viktor Medvedev, Rival Zokirov, Vladimir Shtern, Viktor Naumenko, Vitaliy Suyunov, Valeriy Muxin, Vladimir Tojirov, Hamid Rahmatullaev, Sergey Melkumov, Gennadiy Krasnitskiy, Birodar Abduraimov, Bahodir Ibrohimov, Maqsud Sharipov, Ahrol Inoyatov kabi futbolchilar bosh murabbiy Mixail Yakushin boshchiligida ishtirok etishgan.
Fikrlar