O‘zPFL komissarlari uchun seminar tashkil etildi

  • 26 iyul, 2019, 10:03
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘FA rasmiy saytining xabar berishicha 24-25 iyul kunlari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Professional futbol ligasi ham milliy chempionatimiz uchrashuvlarida faoliyat olib boradigan komissarlar uchun birinchi marta o‘quv-seminari tashkil etdi. Seminarni FIFA komissari Olim Arifov olib bordi. 

Tecno

Seminar davomida uchrashuv komissarining vazifa va vakolatlari, komissarlar o‘yinning yaxshi saviyada tashkil etilishida e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar, ushbu sohadagi yangiliklar, qolaversa, xalqaro darajadagi o‘yinlarni o‘tkazishda FIFA va OFK tajribalari xususida mutaxassislarimizga batafsil ma’lumot berildi.

Ikki kundan iborat bo‘lgan seminar davomida FIFA instruktori Vladislav Tseytlin o‘yin qoidalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi. Shuningdek, O‘zPFL Litsenziyalash bo‘limi boshlig‘i Aleksandr Davidenko yangi ishlab chiqilayotgan elektron tizimda o‘yin boshlang‘ich tarkiblari hamda qaydnomalarni to‘ldirish bo‘yicha ma’lumot berdi.

Bundan tashqari “Paxtakor” stadionida o‘yin tashkilotchiligi, uchrashuv oldidan stadionni ko‘zdan kechirish, o‘yin oldi va undan keyingi jarayonlarni bajarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etildi.

O‘FA Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ham milliy chempionatimiz uchrashuvlarida faoliyat olib boradigan komissarlar bilan uchrashib, ularning zimmasida ulkan mas’uliyat, shu bilan bir qatorda ularga nisbatan yuksak ishonch bor ekanini alohida qayd etdi.

- Komissar – O‘FA hamda O‘zPFLning uchrashuv o‘tadigan stadiondagi vakili sifatida barcha tashkiliy masalalarga mas’ul sanaladi. Bundan buyon har bir komissarning ish faoliyati o‘rganib, tahlil etib boriladi. Bunday seminarlar tez-tez tashkil etilib, komissarlarimiz malakasini va ish tajribasini oshirishga, xalqaro uchrashuvlarda ishlaydigan etuk komissarlar tayyorlashga harakat qilamiz, - dedi Ravshan Ermatov.

Seminar yakunida ikkinchi davra uchrashuvlarida faoliyat olib boruvchi komissarlarga O‘FA Birinchi vitse-prezidenti tomonidan sertifikatlar topshirildi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!