
Omadsizlarning omadi keladimi? Yoxud, birinchi davraning so‘nggi tur intrigalari haqida
Bilasiz, Superligada 14-tur bahslari kechadan start oldi. Qiziqarli bahsda "Andijon" "Xorazm" ustidan 2-3 hisobida zafar quchdi.
Turning eng muhim bellashuvlari bugundan boshlanishini hisobga olgan holda, birma-bir o‘yinlardan intrigalar izlab ko‘ramiz, ketdik.
"Qo‘qon 1912" - "Dinamo"
8-turdan keyin ham 5-o‘rinda ketayotgan qo‘qonliklar bor omadlarini o‘sha paytgacha ishlatib qo‘yishgan shekilli, undan keyin "shunqorlar"ning Superligada mag‘lubiyatdan boshi chiqmayapti. Eng alamlisi shundaki, jamoaning "Nasaf" "Paxtakor" yoki OKMKga yutqazishi unchalik fojiaviy emas. Biroq, birga Pro ligadan oliy divizionga yo‘l olgan "Mash’al" dan uyida 0-4 hisobida mag‘lub bo‘lishi ko‘plab muhokamalarni keltirib chiqardi.
"Dinamo"da esa so‘nggi 13-turgacha hammasi risoladagidek ketayotgandi. Samarqandda "Bunyodkor"dan Superliga bu mavsumidagi ilk yutqazib qabul qilindi. Bu keyingi o‘yinlarga qanchalik ta’sir o‘tkazishini hali bilmaymiz. Ammo engilgan bahsida ham har tomonlama raqibdan ustun bo‘lgani, poytaxt klubi yaxshi himoya va ikki uch qarshi hujum evaziga yutib ketganini ham e’tibordan qochirmaslik lozim. Shunday ekan, "Dinamo" da hali hech narsa buzilmadi, faqat hali biz ko‘p tilga oladiganimiz omad etishmadi, xolos.
Imkoniyatlar har qanaqasiga 2-o‘rindagi "Dinamo"da ustunroq. Lekin, "Qo‘qon-1912" 14-o‘rindan yuqorilash uchun maksimal harakat qiladi, deb umid qilamiz.
"Nasaf" - "Paxtakor"
Turning balki eng kamida birinchi davraning eng markaziy o‘yinlaridan biri.
"Nasaf"da ishlar besh. Pastdagilarning qoqilishi evaziga jadvalda ham 6 ochkolik tafovut yuzaga keldi. Bu turdagi g‘alaba minimum birinchi davrani aynan 6 ochkolik farq bilan yakunlash imkonini beradi. Bu uchun Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari jonlarini jabborga berishi aniq. Aynan "Paxtakor"ga O‘zbekiston kubogida 6-3 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng hali qarshiliklar engilganicha yo‘q. Shu orada Superkubokni ham qo‘lga kiritishdi.
"Paxtakor" sekin-astalik bilan o‘ziga kelyapti. Tojiev murabbiylikka tayinlanganidan keyin oxirgi 6 bahsda faqat 1 durang qayd etildi, xolos. Qolgan bellashuvlarda "sherlar"ning qo‘li baland keldi. Bu Kamoliddin Tojiev uchun ham birinchi katta sinov bo‘lib berishi turgan gap. Yosh murabbiylar qanchalik imtihondan o‘ta olishini guvohiga aylanamiz. Jamoadagi yagona muammo "chemodan" kayfiyatidagi futbolchilar bo‘lsa kerak. Murabbiy ham ba’zi futbolchilar davralar oralig‘ida ketishga tayyorgarlik ko‘rayotganini yashirib o‘tirmadi. Ayni holat jamoa uchun plyusga ishlaydimi, yo minusga buni 20:00 da start oladigan bahsda ko‘rishimiz mumkin.
Taxminimizcha, teng kurashlar ostidagi jangda tajriba o‘z so‘zini aytadi va "Nasaf" kichik farq bilan g‘alaba qozonsa ajab emas.
"Navbahor" - "Mash’al"
"Otning ustiga chiqib olgan" namanganliklar oxirgi 6 bahsdan 5 tasida muvaffaqiyatli natija qayd etdi. "Nasaf"gina qiyinchilik bilan "lochinlar"ni enga oldi. Va nihoyat Sergen Lushshan legionerlar va o‘zimizning "jaydari qorako‘zlar"ni uyg‘unlashtira olgani namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa hujum uchligi bir-birini "ko‘zini yumgan" holda his etmoqda. Odilov, Jiyanov va O‘rinboev shu tarzda o‘ynashda davom etishsa, Evropa ligalaridan ham takliflar chiqib qolsa kerak.
"Mash’al" hozircha barqarorlikni topa olmayapti. Shuning uchun ham klub jadvalda 9-o‘rinda boryapti. Ammo muborakliklar Farg‘ona jamoalarini aynan Farg‘onada uyaltirishni boplayapti. Yuqorida yozilganidek, ikki tur oldin "Qo‘qon"ni sharmandali tarzda enggan ersa, kuni kecha "Neftchi"ni "Istiqlol" stadionida O‘zbekiston kubogidan chiqarib yubordi (0-1). Ko‘ramiz, endi Namangan jamoasiga qarshi nima karomat taklif qilisharkan.
Imkoniyat nuqtai nazaridan, "otning ustidagi" "Navbahor", beqaror "Mash’al"dan tabiiyki ustunroq.
"Qizilqum" - "Neftchi"
"Qizilqum" 3-kun oldin "So‘g‘diyona"ga 4-1 hisobida yutqazdi va 1/8 bosqichida kubokni yakunladi. E’tibor qilsangiz, Lazarevichda nimadir chizgilar o‘yinda ko‘zga tashlanadi, lekin uni nimaligi hamon noma’lum. Navoiyliklar bir bahsda zo‘r o‘ynab yuborsa, keyingi bellashuvda ham shunday o‘yin kuta olmayapmiz. Tarkibga nazar solsak, Quvvatov, Komilov, Bekmurodov, Papariga, Miyich kabi tajribali nomlar bor. Lekin fakt shuki, murabbiy shu nomlardan unumli foydalana olmayapti.
"Qizilqum"da yuqoridagidek tajribali futbolchilar nari borsa 5-6 ta, lekin "Neftchi"da deyarli butun tarkib shunday o‘yinchilardan tashkil qilingan. Bundan tushunishimiz kerakki, jamoa "Galaktikos" bo‘lgan taqdirda ham murabbiylar ularni muruvvatlarini sozlay olmasa, yulduzli tarkibni o‘zigina natija qo‘lga kirita olmaydi. Ammo Levchenko qanaqadir g‘oyalar qilishga urinmoqda. Taktikani o‘zgartirib ko‘rdi, 3 himoyachi 2 lateral qilib. Ish bermagandan so‘ng yana 4 himoyachilik variantga qaytdi. Qo‘shimchasiga, kubokdagi mag‘lubiyat ham farg‘onaliklar ustozining kursisini yaxshigina qimirlatdi. To‘g‘ri, klub hozir jadvalda 4-pog‘onada bormoqda. Biroq, chempionlikdan boshqa natija hokimlikni ham, muxlislarni ham rozi qilmasligi aniq.
Bu turdagi o‘yinga qaytsak, "Neftchi" Navoiyda qiyin bahsda g‘alabani tortib olsa kerak.
"Bunyodkor" - "So‘g‘diyona"
"Qaldirg‘och"lar sekinlik bilan bo‘lsa-da, "relsga tushib" olayotgandek. Ilyos Zeytullaev moslashuvchan uslubi orqali 1-raqamli jamoalarga ancha muammo sifatida ko‘rilyapti. Afsuski, o‘zi hujumkorroq o‘ynashi kutiladigan bahslarda negadir qiynalishmoqda. Masalan, "Dinamo" bilan himoyaviy uslub orqali natijaga erishgan ersa, "Bunyodkor" stadionida 8-turda "Qo‘qon-1912" bilan to‘liq ustunlik qilib yutqazib qo‘ydi. Ammo O‘zbekiston kubogida aynan qo‘qonliklar 1/8 finalda penaltilar seriyasida mag‘lub etilganini ham eslab o‘tish joiz.
"So‘g‘diyona" esa seshanba kungi g‘alabasi orqali O‘zbekiston kubogida muvaffaqiyatga erishdi. Bu jamoa ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. Ivan Boshkovich yaxshi murabbiyi ekanligini o‘tgan mavsumlarda isbotlagandi. Bu mavsumda esa undan hali nimadir "vfuv" deydigan narsa ko‘rmadik. Ha, ba’zi o‘yinlarda qisqa vaqtlarda qandaydir chizgilar bor. Lekin butun o‘yinda murabbiyning "qo‘li" unchalik bilinmayapti.
Imkoniyatlar "Bunyodkor"da biroz yuqoriroqdek. Ammo g‘alaba osonlikcha qo‘lga kiritilmaydi.
"Buxoro" - "Sho‘rtan"
Jadval nuqtai nazaridan, autsayderlar bahsi. Jadvalda mos ravishda 15-16-pog‘onalarda joylashishgan. "Buxoro" chorshanba kuni kubokda sensatsion tarzda OKMKni dog‘da qoldirgandi. "Sho‘rtan" esa 4-1 hisobida "Aral"ni enga olgan. Bu tomondan ikkala jamoada ham ishlar joyida. Ikkalasi ham O‘zbekiston kubogi chorak finalida ishtirok etadi. Ulug‘bek Baqoev va Eldor Moyliev bir-biriga nima taklif qilishar ekan. 29 iyun kuni 20:00 da bilib olamiz. Fikrimcha, ustunlik foizlarda 55/45 "Buxoro" foydasiga. Ko‘ramiz, qaysi klub mavsumdagi 3-g‘alabasiga erisharkan, yoki murosa ko‘chasini tanlab, duranglar sonini 4 taga etkazisharmikan.
OKMK - "Surxon"
Yana bir omadini sarflab qo‘ygan jamoa bu - OKMK.
Terma jamoalar yig‘inidan keyin olmaliqliklar butunlay o‘zgardi qoldi. Xuddi, bir mashinaning qaysidir detali yo‘qolib qoladi-yu, mashina yurmay qolgandek. Lekin u nima detal ekanligini hozircha hech kim bilmayapti. Mundial hal qilingan bahslardan keyin 3 o‘yin o‘tkazgan Olmaliq klubi oxirgi pog‘onadagi "Sho‘rtan" bilan nursiz durang o‘ynadi. "Navbahor" va "Buxoro"ga qarshi bellashuvlarda esa darvozasidan 3 ta gol olib chiqqan holda mag‘lubiyatga uchradi. 3 o‘yinda jamoa atigi 1 gol ura oldi. U ham bo‘lsa, "Buxoro" bilan uchrashuvdagi Tomashevichning "kuryoz" avtogoli edi. Terma jamoaga super o‘yinlari orqali jalb etilgan Islom To‘xtaxo‘jaev ham mashinasini Abduxoliqovga sovg‘a qildi-yu, OKMKdagi o‘yinlari muvaffaqiyatsiz chiqa boshladi. Albatta, bu ikki hodisa bir-biriga bog‘liq emas, lekin fakt shunaqa. Mirjalol Qosimov yo‘qolgan detalni topishiga umid qilamiz. Chunki, bizga chempionlik uchun kurashadigan bir nechta jamoalar zarur.
"Surxon" esa asosan yosh iste’dodlardan tashkil topgani boisdan, natija bosimi ancha kam. Shu bilan birga, ulardan barqarorlik kutish ham noto‘g‘ri. Klub qaysidir bahslarda "Paxtakor"ni yutishi, "Neftchi" bilan bir ochkodan bo‘lishishi mumkin. Yana qaysidir o‘yinlarda "Sho‘rtan"ga yutqazishi, "Mash’al" bilan murosa ko‘chasini tanlasa ham malomat qilmaslik to‘g‘ri yondashuv. Fevzi Davletov asosan yoshlarni etishtirishga ularni qanaqadir o‘yin uslublariga o‘rgatib borgani ma’qul.
Imkoniyatlar OKMKning hozirgi holati va "Surxon" yoshlarida shijoat yuqoriroq bo‘lishini hisobga olgan holda, uchrashuv tenglik bilan yakunlansa kerak.
Xulosa o‘rnida, bu turda intrigaga boy o‘yinlar ko‘p ekanligini bilib oldik. Endi fakt o‘laroq ham shunday bo‘lishiga umid qilib qolamiz. Jahon chempionati yo‘llanmasi band qilingandan so‘ng Superligamizga e’tibor oshgani tabiiy. E’tibor oshgan paytda esa intrigali bahslar ayni muddao ekanligi hech kimga sir emas.
Yahyoxon G‘aniev
Fikrlar