
O‘zbeklar jahon chempionatida shov-shuv ko‘tardi!
Indoneziyada 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionati nimchorak final bosqichida O‘zbekiston va Angliya terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.
Uchrashuv 2:1 hisobida hamyurtlarimiz foydasiga hal bo‘ldi. Amirbek Saidov to‘rtinchi daqiqadayoq hisobni ochdi.
Tanaffusgacha inglizlar vaziyatni o‘nglashga erishdi. 35-daqiqada “Manchester Siti”dan terma jamoaga jalb qilingan Joel Ndala javob to‘pini kiritdi.
O‘yinning ikkinchi yarmida Lazizbek Mirzaev jarima zarbasidan raqib darvozaboni Tommi Setfordni ojiz qoldirib, g‘alaba golini urdi. Qolgan daqiqalarda angliyalik harchand harakat qilmasin terma eamoamiz darvozasiga yo‘l topa olmadi.
Xorij ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston shov-shuvli tarzda g‘alaba qozonganiga alohida e’tibor qaratmoqda. Deyarli barcha manbalar osiyoliklarning Angliya terma jamoasi ustun kelishi kutilmagan natija ekanini yozmoqda.
Bundan tashqari, chet ellik futbol muxlislari ham jahon chempionati doirasidagi ushbu uchrashuvni keng muhokama qilyapti.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga chet ellik muxlislarning futbolchilarimizning muhim g‘alabasi haqidagi fikr-mulohazalarini havola etadi.
Bruno2611:
O‘zbekiston terma jamoasiga ofarin! Shunday davom eting, yigitlar!!!
Demonkc-samara:
Hayratlanarli, lekin bu fakt!
Xrjn17:
Bunaqa vaziyatlarda, odatda “o‘zbeklarning g‘alaba qozonishi xayolimizga ham kelmagan edi”, deyiladi. Lekin o‘zbeklarga gap yo‘q. Terma jamoaning jahon chempionati chorak finaliga chiqqanining o‘zi ham katta muvaffaqiyat.
Idinna:
Osiyoliklar mundialni zabt etmoqda!
kil1ka:
Balli, o‘zbeklar!
Sport1:
O‘zbeklarga chorak finalda omad yor tilayman!
R0mjk3:
O‘zbeklar kuchli millat.
Theworst:
Hozir o‘zbek yoshlari ham Rossiya terma jamoasidan zo‘r.
Zhivchik:
O‘zbekiston, Qozog‘iston, Gruziya va Armaniston keyinga paytda hammani hayratga solyapti.
Vadims74:
Angliya terma jamoalarining o‘yinchilari olifta. Ular mamlakati sha’ni uchun emas, o‘zini ko‘rsatish uchun o‘ynaydi. Natija ham shunga yarasha bo‘ldi.
Bahman99:
O‘zbekiston Osiyo mamlakatlari orasida chorak finalga chiqqan yagona terma jamoa bo‘ldi. Katta g‘alaba bilan tabriklaymiz.
Indoneziya mezbonlik qilayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati 2 dekabrga qadar davom etadi.
Fikrlar